Yangi xarid.uz elektron tizimining afzalliklari nimada?

15:31 14 May 2018 Iqtisodiyot
814 0

Poytaxtimizda “Elektron davlat xaridlarining ochiqligi va samaradorligini ta’minlashning yangi mexanizmi” mavzuida matbuot anjumani tashkil etildi. 
“O‘zbekiston Respublika tovar-xomashyo birjasi” aksiyadorlik jamiyati tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi hamkorligida tashkil etilgan ushbu anjumanda maxsus axborot portalida amalga oshiriladigan elektron davlat xaridlari tartibi va mexanizmi bilan tanishtirildi.

Tadbirda birjaning yangi portali, ya’ni xarid.uz portalining taqdimoti o‘tkazildi. Mazkur axborot portali orqali davlat xaridlarining shaffofligi va ochiqligi ta’minlanadi. Xususan, portalda kutilayotgan barcha turdagi xaridlar haqida batafsil ma’lumotlar chop etiladi, hamda davlat xaridlari elektron do‘kon va boshlang‘ich narxni pasaytirishga qaratilgan elektron auksion shakllarida o‘tkaziladi. Ayni vaqtda yangi elektron tizimda 3 mingga yaqin ishtirokchilar akkreditatsiyadan o‘tgan va elektron do‘konda esa 1,6 mingdan ziyod tovarlar qo‘yilgan.

— Elektron do‘kon portalda talabgorlarning buyurtmachi nomiga yuborilgan takliflari asosida shakllanadi hamda o‘z ichiga maxsus talablar qo‘yilmagan tovar (ish, xizmat)larning barcha turini qamrab oladi, — deydi “O‘zbekiston Respublika tovar-xomashyo birjasi” aksiyadorlik jamiyati bo‘lim boshlig‘i Jasur Yunusov. — Byudjet buyurtmachilar uchun tovar xarid qilish chegarasi eng kam oylik ish haqining 25 barobaridagi qiymatga teng, yiliga esa eng kam oylik ish haqining 2500 barobariga teng qiymatidan oshib ketmasligi kerak. Korporativ buyurtmachilar uchun davlat xaridi qiymati eng kam oylik ish haqining 250 barobaridan oshmasligi lozim. Byudjet va korporativ buyurtmachilar uchun ish yoki xizmatni xarid qilish qiymati eng kam oylik ish haqining 25 barobaridan oshmasligi talab etiladi.

Mazkur elektron tizimning yana bir afzalligi shundaki, unda narxlar so‘rovi qo‘llaniladi. Ya’ni ushbu mexanizm qidirilayotgan tovarni nisbatan past narxda aniqlab beradi. Mazkur jarayon atigi 48 soat vaqt olishi evaziga buyurtmachilar xaridni imkon qadar qisqa muddatda amalga oshirishlari mumkin. O‘z navbatida, savdolar g‘olibi elektron tizimga kelib tushgan narx takliflarini taqqoslash asosida avtomatik ravishda aniqlanadi. Buyurtmachi va yetkazib beruvchi o‘rtasidagi shartnoma mijozning shaxsiy kabinetida tuziladi.

— Yangi mexanizmni ishlab chiqish chog‘ida asosiy e’tibor elektron davlat xaridlari ishtirokchilari, jumladan, tadbirkorlik sub’ektlari uchun bir qator qulayliklar yaratishga qaratildi, — deydi “O‘zbekiston Respublika tovar-xomashyo birjasi” aksiyadorlik jamiyati Hisob-kitob kliring palatasi boshlig‘i o‘rinbosari Jaloliddin Qo‘shnazarov. — Birinchidan, buyurtmachilar va yetkazib beruvchilar faqatgina soliq organlarining elektron raqamli imzosi (ERI) yordamida elektron xaridlarda ishtirok etadilar. Bu esa qog‘ozbozlik, byurokratizm va korrupsiyaning oldini olish va bartaraf etishga xizmat qiladi. Ikkinchidan, tovarni xarid qilish haqidagi e’lonni chop etishdan boshlab, buyurtmachi va yetkazib beruvchi o‘rtasidagi shartnomani tuzilgunga qadar bo‘lgan barcha bosqichlarni elektron shaklda olib borilishi xaridlarni amalga oshirish jarayoni va ularning natijalariga ta’sir etishi mumkin bo‘lgan inson omilini cheklaydi.

Yana bir yangilik. “Xarid” elektron tizimiga ilk bor birjaning Hisob-kitob kliring palatasi orqali bitimlar ijrosini kafolatlash amaliyoti kiritildi. Buyurtmachi yoki yetkazib beruvchilardan biri shartnoma shartlarini bajarmagan taqdirda, avans to‘lovi jabrlanuvchi foydasiga o‘tkaziladi. Bundan tashqari, shartnoma shartlarini buzgan yetkazib beruvchi insofsiz yetkazib beruvchilar reyestriga kiritiladi va 3 yil davomida elektron xaridlarda ishtirok etish imkoniyatidan mahrum bo‘ladi. 
Rahim SHERQULOV,
“Xalq so‘zi” muxbiri.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?