“Yangi uygʻonish davri” sari tashlangan muhim qadam

11:14 29 Oktyabr 2020 Jamiyat
316 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Mamlakatimiz taʼlim-tarbiya tizimini yana-da takomillashtirish, ilm-fan sohasi rivojini jadallashtirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni loyihasi Xalq deputatlari Toshkent viloyati Kengashining navbatdagi sessiyasida atroflicha muhokama qilindi. Unda, Oliy Majlis Senati aʼzolari, sektor rahbarlari, viloyat Kengashiga saylangan deputatlar, senatorlar, tegishli boshqarma va tashkilot mutasaddilari hamda OAV vakillari ishtirok etishdi.

Sessiya kun tartibidagi masala yuzasidan viloyat hokimi Rustam Xolmatov maʼruza qildi. Notiq Farmonning beqiyos ahamiyati haqida toʻxtalarkan, hududdagi barcha tuman va shahar kengashlari sessiyasida muhokama qilingan ushbu hujjat keng jamoatchilikka yetkazilganini alohida taʼkidladi. Bugun viloyatda taʼlim-tarbiya tizimining sifati va samaradorligini oshirish, bogʻcha yoshidagilar hamda oʻquvchi va talaba yoshlarda zamonaviy bilim va koʻnikmalarni shakllantirish, sohada uzviylik va uzluksizlikni taʼminlash borasida tizimli ishlar amalga oshirilayotgani misollar tariqasida keltirib oʻtildi.

—Taʼlim-tarbiya tizimining amaldagi holati, uni zamon talablari asosida modernizatsiya qilish, yoshlarni yuksak bilim-maʼrifat egalari, jismoniy va maʼnaviy sogʻlom insonlar etib tarbiyalash, oʻquv muassasalarining rahbar va pedagog xodimlari nufuzini oshirish, samarali faoliyat yuritishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish boʻyicha izchil chora-tadbirlarni amalga oshirish lozim, deydi senator Rustam Xolmatov. — Mazkur loyihaning tarixiy ahamiyati yuksakligi shundaki, u Oʻzbekistonda “Yangi Uygʻonish davri”, yaʼni Uchinchi Renessans poydevorini yaratish boʻyicha yangi qadam boʻladi.

Mazkur loyihada Oʻzbekistonning yangi taraqqiyot davrida taʼlim-tarbiya va ilm-fan sohalarini yana-da rivojlantirishning 8 ta asosiy yoʻnalishlari belgilanmoqda. Jumladan, xalq taʼlimi sohasida 2021/2022 oʻquv yilidan boshlab, bosqichma-bosqich Milliy oʻquv dasturini joriy qilish koʻzda tutilyapti.Toshkent viloyatidagi navbatlilik koeffitsiyenti past boʻlgan maktablarni xususiy sektorga ishonchli boshqaruvga berish tajribasi amalga kiritilmoqda. Hozir viloyatimizda 313 ta ana shunday koeffitsiyenti past boʻlgan maktablar mavjud.

Bu jarayonda maktablarni saqlash uchun Davlat byudjetidan ajratiladigan mablagʻlar kamaytirilmagan holda, taʼlim muassasasi 5 yilga (keyinchalik uzaytirish huquqi bilan) ishonchli boshqaruvga beriladi. Bu bejizga emas albatta. Chunki, ishonchli boshqaruvchiga maktabda taʼlim olayotgan hamda unga biriktirilgan mikrohudud oʻquvchilarini oʻqitish, darslar sifatini oshirish, maktab binolarini taʼmirlash, zamonaviy oʻquv va laboratoriya jihozlari bilan taʼminlash boʻyicha majburiyatlar yuklatiladi.

Sessiyada viloyat hokimi ilgari surgan masalalar yuzasidan deputatlar, tegishli tashkilot rahbarlari soʻzga chiqdilar. Ular ushbu Farmonning bugungi kundagi ahamiyati yuzasidan fikr bildirib, uni yana-da takomillashtirish borasida takliflar kiritishdi.

—Ushbu tarixiy hujjat, mamlakatimizda yosh avlodni tarbiyalashga boʻlgan jiddiy eʼtiborning yana bir namunasidir,-deydi Oliy Majlis Senati aʼzosi Malika Qodirxonova. — Taʼlim-tarbiya tizimining bugungi holati, Yangi Oʻzbekiston kelajagi boʻlgan salohiyatli yoshlarni yetuk mutaxassis qilib tarbiyalash, ularning intellektual va maʼnaviy salohiyatini yana-da yuksaltirish, shuningdek, bugungi tezkor asrimiz talablariga javob beradigan oʻquv adabiyotlarini yaratish, maktabgacha hamda xalq taʼlimi tizimiga tegishli muassasalarning malakali pedagog kadrlarga boʻlgan ehtiyojlarini qondirish ushbu Farmoning asosiy mohiyatini tashkil etadi.

2019-2020 oʻquv yili boʻyicha Toshkent viloyatida Xalqaro tajribalardan foydalangan holda, bitiruvchi sinf oʻquvchilarining umumtaʼlim fanlari boʻyicha olgan bilimi, tayyorgarlik darajasi hamda sifat koʻrsatkichi, 9-sinf oʻquvchilarining bilim darajasi shuningdek, oliy va birinchi toifali oʻqituvchilarning jarayondagi hissasi umumtaʼlim muassasalarining reytingi sifatida aniqlandi. Soʻrovnoma natijalari boʻyicha asosan, Respublikaning 10% umumiy oʻrta taʼlim muassasalari (maktablar) faoliyati tahlil qilindi. 2020-yil 1-iyul holatiga koʻra, eng yuqori oʻrinlarni Buxoro, Namangan va Xorazm viloyatlari, quyi oʻrinlarni esa, Sirdaryo, Toshkent va Surxondaryo viloyatlari egallashgan.

Yana bir achinarli jihat shundaki, viloyatdagi taʼlim muassasalarida 5 mingdan ortiq (15% atrofida) pedagoglar oliy maʼlumotga ega emas. 2019-2020 oʻquv yilida 11-sinfni 35 ming 709 nafar oʻquvchilar bitirgan boʻlsa, ulardan 8 ming 215 nafari (23%)gina oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirishgan.

Ayni kunda, Toshkent viloyatida jami 686 nafar deputat faoliyat yurityapti. Bu juda katta salohiyat. Agar ular mavjud imkoniyatdan toʻliq foydalanishsa, tez orada hududdagi taʼlim-tarbiya muassasalarini bundan-da yaxshiroq ishlashiga erishish mumkin. Shu bois, bugungi sessiyada Toshkent viloyati tajribasi sifatida xar bir deputatga 1 tadan maktab biriktirilish taklifi ilgari surildi.

—Hozirda keng omma muhokamasiga qoʻyilgan ushbu Farmon loyihasida: taʼlim-tarbiya muassasalari xodimlari va professor-oʻqituvchilarning nufuzini oshirish, ular faoliyati samaradorligiga qarab moddiy ragʻbatlantirish tizimini yoʻlga qoʻyish, taʼlim sohasiga xususiy sektorlarni jalb etish, darslar jarayonida axborot texnologiyalarini samarali qoʻllash, taʼlim tashkilotlarini nufuzli xalqaro reytinglarda munosib oʻringa ega boʻlishlarini taʼminlash boʻyicha izchil chora-tadbirlarni amalga oshirish kabi dolzarb vazifalar oʻz aksini topganligi bilan alohida ahamiyatga ega,-deydi Chirchiq davlat pedagogika instituti rektori, Oʻzbekiston Respublikasi Fan arbobi Gʻafur Muxamedov.

Loyihada Maktabgacha taʼlim, Xalq taʼlimi hamda Oliy va oʻrta maxsus taʼlimni bir-birini toʻldiruvchi, maqsadi bir boʻlgan, ajralmas boʻgʻinlar ekanligini inobatga olsak, ular orasidagi uzviylik va uzluksizlikni taʼminlashga qaratilgan bandlar yaqqolroq koʻrsatilsa maqsadga muvofiq boʻlar edi, nazarimizda.

Toshkent davlat Agrar universiteti prorektori, Xalq deputatlari Toshkent viloyati Kengashi deputati Raʼno Turdiboyevaning muhokama qilingan qonuniy hujjatga munosabati quyidagicha:

—Yangi Farmon loyihasida professional taʼlim tizimida amaliyotga yoʻnaltirilgan oʻquv dasturlarini joriy etish maqsadida kasb-hunar muassasalarida dual taʼlim tizimi joriy etilishi va u asosida amaliyot oʻtayotgan oʻquvchilarga ish beruvchi bilan tuzilgan shartnomaga muvofiq haq toʻlanishi koʻrsatib oʻtilgan. Bu yoshlarning yetuk mutaxassis boʻlib yetishishida juda katta imkoniyat yaratadi. Men dual taʼlimni, ayniqsa, qishloq xoʻjaligi sohasidagi texnikumlar misolida koʻz oldimga keltirdim. Agarda agrotexnologiyalar yoʻnalishida tahsil olayotgan oʻquvchilar amaliyotni zamonaviy agroklasterlarda oʻtkazishsa, yoki oʻz tajriba xoʻjaliklarida miniklasterlar tashkil etishib, barcha jarayonlarni bevosita oʻzlari bajarishsa, bu albatta oʻzining ijobiy va samarali natijasini beradi. Lekin afsuski, respublikamizdagi mavjud agrotexgnologiyalar texnikumlarining tajriba yer maydonlari hokimiyatlar balansiga oʻtkazilgan. Ushbu yer maydonlari professional taʼlim muassasalarining oʻzlariga qaytarib berilsa va undan samarali foydalanish yoʻlga qoʻyilsa maqsadga muvofiq boʻladi.

Loyihada qayd etilgan, professional bilim dargohlariga xorijiy mamlakatlardagi taʼlim muassasalari bilan hamkorlikda qoʻshma taʼlim dasturlari asosida oʻrta boʻgʻin kadrlarini tayyorlashni tashkil etish vakolati berilishi juda katta ahamiyatga ega. Chunki, bu tajriba Oliy taʼlim tizimida yaxshi natija berdi. Shuningdek, rivojlangan davlatlarning qishloq xoʻjaligi sohasida IT-texnologiyalari boʻyicha yetakchi professional taʼlim muassasalari filiallarini tashkil etish ham kelajakda yuksak samara berishi aniq.

—Amaldagi darsliklarda mavzular oʻzaro uzviyligi toʻlaqonli emas, maʼlumotlar murakkablashtirib yuborilgan. Ayniqsa, 10-11–sinflarda qiyin mavzular koʻp. Balki, 10-11-sinf ochilganda 9- sinfgacha kiritilgan mavzularga qaytmaslik uchun shunday qilingandir-deydi, Oqqoʻrgʻon tumanidagi 8-sonli umumtaʼlim maktabi direktori, viloyat kengashi deputati, “Taʼlim fidoiysi” koʻkrak nishoni sohibi, tajribali pedagog Nizomiddin Botirov. — Oʻqituvchilarni kasbiy faoliyatdan uzilmagan holda malaka oshirish tizimini yaratish lozim. 5-sinfdan bolalarning fanga qiziqishi va iqtidorini hisobga olib, ixtisoslashgan sinflar ochish kerak.

Oʻquvchilarning sababsiz dars qoldirishi yoki uyga vazifalarni bajarmasligiga oʻqituvchi bilan birga ota-onalarning javobgarligini oshirish maqsadida (47-moddadan tashqari) aniq bir tartib ishlab chiqilgani yaxshiroq.

Sessiya qizgʻin bahs munozaralar asosida oʻtdi. Muhokama qilingan mavzu yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi.

Yigʻilishdan soʻng viloyat hokimi R. Xolmatov OAV xodimlari bilan matbuot anjumani oʻtkazdi.

Shodiyor MUTAHAROV
(“Xalq soʻzi”)
Nozim Abdulloh olgan surat.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?