"Yangi uygʻonish davri” kimga bogʻliq?

14:47 03 Sentyabr 2020 Siyosat
227 0

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Mustaqillik bayramiga bagʻishlangan tadbirdagi nutqini tinglab

Davlatimiz rahbari hayotimizga tobora chuqur kirib borayotgan “Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari” degan daʼvatkor gʻoyaning ahamiyati haqida alohida toʻxtalib oʻtdi, mazmunini ochib berdilar. Mening esa bu haqdagi tasavvurlarim yana-da oydinlashdi.

Mustaqillik xalqimizning milliy tiklanishini taʼminlab berdi, ommani birlashtirib, xalq sifatida milliy istiqlol gʻoyasi atrofida jipslashtirdi. Milliy tiklanish odamlarning bir toifasi emas, barcha birdek erkin yashashiga, tanlash huquqiga va turmushi qulay boʻlishiga zamin yaratdi.

Milliy yuksalish – ulkan harakatni talab etadi. Shu sabab, 2017-yilda mamlakat taraqqiyoti uchun Milliy yuksalish bosqichiga poydevor qoʻyilgan – Oʻzbekistonni rivojlantirishning Harakatlar strategiyasi qabul qilingan. Soʻnggi yillarda erishgan yuksak marralar ushbu muhim islohotlarning samarasi deb bilaman. Ayniqsa, huquqiy islohotlar majmuini hosil qilgan qonun hujjatlarining elektron umumxalq muhokamasi, rahbarlarning xalq oldida hisobdorligi, murojaatlar bilan ishlash madaniyati, zamonaviy onlayn xizmatlar kengayishi, turli xil byurokratik toʻsiqlarni olib tashlash kabi hayotimizni yengillashtiruvchi omillar adolat bilan tatbiq etilgani buni isbotlaydi. Adolat va qonuniylik barqaror boʻlgan mamlakatda yuksalish kafolatli boʻladi.

Aslida ham, Milliy yuksalish gʻoyasi islohotlar kim uchun va nima uchunligini, ahamiyatini ochib beradi. Bunday tushunchaga ega odamlar yuksalish yoʻlida birlasha oladi, ixtiyoran zavq bilan ishlaydi, hayotidan rozi boʻlib yashaydi.

Ayrimlar “milliy gʻoyadan maqsad nima” degan savolga tutishlaridan choʻchiydi, bahsdan oʻzini olib qochadi. Men milliy gʻoya mohiyatini agar bitta soʻz bilan ifodalash mumkin boʻlsa – “Rozilik”, agar ikki soʻzda aks ettirish kerak deyilsa – unga “Adolat” soʻzini qoʻshgan boʻlardim. Ahamiyat berilsa, aynan bu soʻzlar Prezidentning bayram nutqida takror va takror taʼkidlandi, tushuntirildi. Yangi Renessans davriga xos boʻlgan asoslar aniq dalillar bilan koʻrsatib berildi.

Uygʻonish va yuksalish har bir fuqaroning oʻziga ham bogʻliq. Buning uchun oʻzgarishni, uygʻonishni oʻzimizdan boshlashimiz kerak. Yuksalish uchun “Mening hissam qanday boʻladi?” degan savolni oʻzimiz uchun shior qilsak boʻlgani. Yaʼni, har birimiz daxldorlik hissini unutmasdan, islohotlarga hissa qoʻshish harakatida boʻlishimiz shart. Shuni tushunib, hamjihatlikda harakat qilsakkina, maqsadga tezroq erishamiz.

Umidjon JABBOROV, 
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, 

“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi aʼzosi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?