Yangi tizimga asos solindi. Ammo muammolar ham bir talay 

17:59 26 Aprel 2018 Jamiyat
440 0

O’zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo’mitasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo’mitasi etib qayta tashkil etilganigan bir yil to’ldi. O’tgan vaqt davomida mazkur tuzilma tomonidan qanday ishlar amalga oshirildi? Kelgusi vazifalar nimalardan iborat?

Poytaxtimizda tashkil etilgan tadbirda qo’mita raisi Bahrom Qo’chqorovning aytishicha,  shu davr ichida asosiy yo’nalish — maishiy chiqindilarni kompleks boshqarish tizimini tashkil etish, chiqindilar bilan bog’liq ishlarda davlat boshqaruvi va ekologik nazoratni takomillashtirish maqsadida 2017–2021 yillarga mo’ljallangan kompleks dastur qabul qilindi. Natijada maishiy chiqindilarni boshqarish sohasida tubdan yangi tizimga asos solindi. 

Qoraqalpog’iston Respublikasi va viloyatlarda qattiq maishiy chiqindilarni olib chiqib ketishga ixtisoslashtirilgan “Toza hudud” davlat unitar korxonalari va ularning 174 ta tuman (shahar) filiali tashkil etilib, 5 mingdan ortiq yangi ish o’rinlari yaratildi. Tuman (shahar) hokimiyatlarining obodonlashtirish boshqarmalaridan maxsus texnika, chiqindi to’plash maydonchalari, poligonlar “Toza hudud” korxonalariga o’tkazildi. 129 ta maxsus mashinalar xarid qilindi, 304 chiqindi to’plash maydonchasi qurilib, 2 651 chiqindi konteyneri bilan jihozlandi hamda 97 ta chiqindi poligoni tartibga keltirildi.

Ko’rsatilgan xizmatlar avtomatlashgan hisob-kitobini yuritish, maxsus texnikalar harakatini onlayn rejimda kuzatish bo’yicha zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari joriy qilinmoqda. 

Taqqos uchun raqam: 2016 yilda obodonlashtirish boshqarmalari tomonidan bor-yo’g’i 1,3 million (5 foiz) aholi qattiq maishiy chiqindilarni olib chiqib ketish xizmatlari bilan qamrab olingan edi. Bugungi kunda esa 9,4 million  (38 foiz) kishiga xizmat ko’rsatilmoqda. Joriy  yilda qo’shimcha 283 ta maxsus texnika xarid qilinishi natijasida bu ko’rsatkich 56 foizga etikazilishi  rejalashtirilgan. Aholini to’liq  sanitar tozalash xizmatlari bilan qamrab olish uchun qo’shimcha 1 041 ta maxsus texnika xarid qilinishi kerak.

Shu bilan birga, sohadagi muammolar ham yo’q emas. Xususan, “Toza hudud” korxonalarining maxus texniklari mahalliy hokimliklar tomonidan boshqa ishlarga jalb etish holatlari ko’plab uchramoqda. Oqibatda maishiy chiqindilarni olib chiqib ketish jadvallari buzilib,, aholi e’tiroziga olib kelayapti. O’z navbatida, “Toza hudud” korxonalari xarajatlari oshib ketmoqda.

Bundan tashqari, o’tgan asrda respublikaning ayrim hududlarida tashkil etilgan maishiy chiqindi poligonlarining aksariyati zamon talablariga javob bermaydi. Ushbu poligonlarni tartibga keltirish ishlari esa sust. Ayniqsa, maishiy chiqindi poligonlarining faoliyatini sanitar-gigienik talablar asosida tashkil etish, poligonlardagi mavjud va kunlik chiqindilarni tartibga keltirish ishlari uchun maxsus texnikalar etishmaydi.

Maishiy chiqindilarni olib chiqib ketish xizmatlarini to’la yo’lga qo’yish borasida aholi bilan shartnomalarni tuzish va to’lovlarni undirish bo’yicha qiyinchiliklar mavjud. Natijada ko’rsatilgan xizmatlar uchun to’lovlarni undirish ko’rsatkichi Qoraqalpog’iston Respublikasida  22, Qashqadaryo viloyatida 32, Farg’ona viloyatida  40,  Namangan viloyatida  38, Samarqand viloyatida  45,  Xorazm viloyatida  46,  Andijon viloyatida  48 foizni tashkil qilmoqda, xolos.  Bundan ko’rinadiki, hali qilinadigan ishlar talaygina. 

Dilshod ULUG’MURODOV,
“Xaql so’zi” muxbiri.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?