Yangi tashkil etilgan davlat inspeksiyasiga rahbar va agentlikka direktor tayinlandi

11:18 11 Sentyabr 2019 Jamiyat
222 0

Prezidentimizning joriy yil 9-sentyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasida sanitariya-epidemiologiya xizmati tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga koʻra, Sogʻliqni saqlash vazirligining sanitariya-epidemiologiya nazorati xizmati tashkilotilari va ularning hududiy boʻlinmalari negizida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi va Sogʻliqni saqlash vazirligi huzurida esa Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi tashkil etildi.

Sogʻliqni saqlash vazirligida boʻlib oʻtgan tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli qarori bilan Atabekov Nurmat Satiniyazovich Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi boshligʻi – Oʻzbekiston Respublikasining Bosh davlat sanitariya inspektori, Almatov Bahrom Ibragimovich Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi direktori – Oʻzbekiston Respublikasining Bosh davlat sanitariya vrachi etib tayinlanganligi bildirildi. Bu haqda Sogʻliqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi xabar berdi.

N. Atabekov bugungi kungacha Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy tekshirish instituti direktori, B. Almatov esa Respublika Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi bosh vrachi lavozimida ishlab kelayotgan edi.

Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazir oʻrinbosari A. Abduhakimov va Sogʻliqni saqlash vaziri A. Shadmanov ishtirok etdi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?