Yangi tahrirdagi “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi xalqaro tashkilotlar ekspertlari bilan muhokama qilindi

16:54 23 Sentyabr 2020 Siyosat
278 0

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida Demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha YEXHT byurosi mutaxassislari, Yevropa Kengashining Venetsiya komissiyasi aʼzolar va YEXHTning Oʻzbekistondagi loyiha koordinatorlari bilan hamkorlikda yangi tahrirdagi “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi muhokamasiga bagʻishlangan tadbir videokoferensaloqa tarzida oʻtkazildi.

Qonun loyihasi muhokamasida Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Din ishlari boʻyicha qoʻmita va quyi palataning Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va oʻzini-oʻzi boshqarish organlari qoʻmitasi, Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qoʻmitasi aʼzolari, siyosiy partiyalar fraksiyalaridan deputatlar hamda OAV vakillari ishtirok etdi.

Mazkur xalqaro tadbirni ochar ekan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari Akmal Saidov jumladan, quyidagilarni taʼkidladi: “Qonun loyihasini dunyodagi shu sohaning kuchli ekspertlari bilan oʻzaro muhokama qilinishi, qonunning asl maqsad va mohiyati, unda yaratilayotgan imkoniyatlarni batafsil tushuntirilishi xalqaro ekspertlar tomonidan huquqiy tahlil tayyorlash jarayoniga xolis yondashishga imkon beradi.

Tadbir ishtirokchilari tomonidan ushbu qonun loyihasida Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi, Fuqarolik va siyosiy huquqlar toʻgʻrisidagi xalqaro pakt va boshqa xalqaro hujjatlarda oʻrnatilgan talablar, BMT inson huquqlari boʻyicha qoʻmitasining, Insoniylik mezonlari boʻyicha YEXHTning tavsiyalari oʻz aksini topgani, shuningdek, loyihani ishlab chiqish jarayonida xalqimizning koʻp asrlik tarixi, diniy qadriyatlari va bugungi kun voqeligi ham inobatga olinganligi eʼtirof etildi.

Soʻnggi 4 yilda mamlakat taraqqiyotining barcha sohalarida ulkan islohotlar amalga oshirilmoqda. Oʻzbekiston oʻz taraqqiyotining yangi bosqichiga oʻtdi. Vatanimizda tashqi, ichki siyosat, xususan, iqtisodiyotni erkinlashtirish va barcha sohalarni rivojlantirish jarayonida milliy va umuminsoniy qadriyatlar, ayniqsa, diniy erkinlik va bagʻrikenglikni real hayotda amalga oshirishda yangi davr boshlandi. Eʼtiborli jihati mamlakatimiz xalqimiz koʻz oʻngida boʻlgani kabi jahon hamjamiyati eʼtirofida ham yangi Oʻzbekiston namoyon boʻla boshladi. Roʻy berayotgan tub oʻzgarishlarning mantiqiy isboti sifatida vijdon erkinligi va diniy tashkilotlarga oid yangi qonun loyihasi yaratildi.

Loyihada sohaga oid munosabatlarni tartibga solish yagona qonunga birlashtirilib, koʻpgina atama va tushunchalarga aniqlik kiritilmoqda, vakolatli davlat organlarining vazifalari konkretlashtirilmoqda.

Bu borada diniy tashkilotlarning davlat roʻyxatidan oʻtkazish tartib-taomillari yengillashtirilib, amalda boʻlgan qonundagi bir qator cheklovlarga ham barham berilmoqda.

Jumladan, qonun buzilishiga yoʻl qoʻygan diniy tashkilotlar faoliyatini vaqtincha toʻxtatib turish faqat sud tartibida amalga oshirilishi va ularga aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish uchun 6 oygacha imkon berish kabi qoʻshimcha kafolatlar belgilanmoqda.

Diqqatga sazovor tomoni, yangi tahrirdagi mazkur qonun loyihasi parlament quyi palatasiga kelib tushganidan soʻng, uni birinchi oʻqishga tayyorlash jarayonida Qonunchilik palatasining rasmiy veb-saytiga jamoatchilik muhokamasi uchun joylashtirildi. Koʻpchilikning qiziqishiga sabab boʻlgan qonun loyihasi yuzasidan fuqarolarimiz, jamoatchilik vakillari, xalqaro tashkilotlar oʻz takliflarini bildirishmoqda. Oʻtgan bir oy mobaynida fuqarolar va jamoatchilik vakillari tomonidan 500 ga yaqin takliflar kelib tushdi va aholi tomonidan ijobiy qarshi olindi. Masʼul qoʻmita aʼzolari tomonidan har bir taklif ustida bir necha marotaba ishlandi. Loyihada inson huquqlari va erkinliklariga, dinlararo bagʻrikenglikka alohida eʼtibor qaratilganligi xalqaro ekspertlar tomonidan ham yuqori baholandi. Tadbirda Oʻzbekistonda diniy bagʻrikenglik va inson huquqlari borasida samarali ishlar amalga oshirilayotgani mamnuniyat bilan tilga olindi.

Darhaqiqat, qonun loyihasining qabul qilinishi, mamlakatimizda dinlararo totuvlik va millatlararo hamjihatlikni taʼminlashga, shuningdek, fuqarolarning diniy huquqlari va manfaatlarini ishonchli himoya qilishga hamda jamiyatda vijdon erkinligi va diniy bagʻrikenglik tamoyillarining yana-da mustahkamlanishiga xizmat qiladi. Ushbu jihatlar xalqaro tashkilotlar tomonidan ham qayd etildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?