Yangi tahrirdagi turizmga oid qonun loyihasida nimalar aks etmoqda?

17:28 09 Oktyabr 2018 Hujjatlar
359 0
Arxiv surati

Deputatlar 9 oktyabr kuni boʻlib oʻtgan Qonunchilik palatasining majlisida yangi tahrirdagi “Turizm toʻgʻrisida”gi qonun loyihasini koʻrib chiqdilar.

Ayni paytda mamlakat iqtisodiyotining muhim tarmoqlaridan biriga aylanib borayotgan turizmni jadal rivojlantirish uchun har tomonlama pishiq va mukammal boʻlgan huquqiy asos zarur. Bundan 19 yil avval qabul qilingan “Turizm toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni bugungi davr talablarini bajara olmayotgani bor gap. Bu haqda quyi palataning Matbuot xizmati xabar berdi.

Birinchi oʻqishda deputatlar eʼtiboriga havola etilgan “Turizm toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni loyihasi esa, deputatlarning taʼkidlashicha, yurtimizda zamonaviy, yuqori samarali va raqobatbardosh turizm tarmogʻini shakllantirish uchun huquqiy sharoitlar yaratishga xizmat qiladi.

Qonun loyihasida mamlakatda ichki va tashqi turizmni rivojlantirish uchun tashkiliy sharoitlar yaratish, turizm jabhasidagi munosabatlarni huquqiy tartibga solishning barqarorligi, aniqligi va moslashuvchanligini taʼminlash, shuningdek, turizm sohasi subyektlari faoliyatining shaffofligini taʼminlovchi huquqiy mexanizmlarni shakllantirish hisobiga barcha darajadagi byudjetlarga turizmdan tushadigan daromadlarni oshirish, qonunlarimizni turizm sohasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi xalqaro huquqiy hujjatlar bilan uygʻunligini taʼminlashga qaratilgan normalar aks ettirilmoqda.

Deputatlar tomonidan qayd etilganidek, qonun loyihasining qabul qilinishi bilan turizm faoliyati subyektlarining huquqiy holati aniqlashtiriladi, davlat hokimiyati organining turizmni davlat tomonidan tartibga solish sohasidagi vakolatlari aniq belgilanadi. Bu esa, oʻz navbatida, hududlarning turizm salohiyatini yanada mustahkamlash, mahalliy byudjetlarning daromad qismini oshirishga olib keladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?