Yangi Qonun kreditorlarni huquqiy jihatdan himoya qiladi

12:28 24 Oktyabr 2019 Jamiyat
76 0

Davlatimiz rahbari tomonidan Senatning yigirma uchinchi yalpi majlisida maʼqullangan “Kreditorlarni huquqiy jihatdan himoya qilish kuchaytirilishi hamda tadbirkorlik faoliyatini moliyalashtirish mexanizmlari takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni imzolandi.

Qonun bilan qator qonunlarga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilgan. Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksiga mol-mulkni xatlash toʻgʻrisida qaror chiqarilgandan keyin garov reyestriga tegishli yozuvni kiritish, mol-mulkni xatlash bekor qilinganda garov reyestridan mol-mulkni xatlash toʻgʻrisidagi yozuvni chiqarishga doir oʻzgartishlar kiritilib, ushbu meʼyorlar “Garov reyestri toʻgʻrisida”gi Qonun talablari bilan uygʻunlashtirilgan.

Shu bilan birga, Fuqarolik kodeksiga “Kreditorlarning talablarini qarzdorning majburiyatlar bajarilishini taʼminlash vositasi sifatida berilgan mol-mulki hisobidan qanoatlantirish” boʻyicha qoʻshimcha kiritilgan. Bunda xalqaro qonunchilikning eng yaxshi amaliyoti hamda BMTning Xalqaro savdo huquqi boʻyicha komissiyasi tomonidan qabul qilingan tavsiyalarga muvofiq, qarzdorlarning mol-mulki va boshqa mulkiy huquqlar bilan taʼminlangan kreditorlar talablari navbatini bir xil va aniq belgilash tartibini qoʻllash nazarda tutilgan.

Kiritilgan oʻzgartirishlar qarzdorlar uchun zarur mablagʻ, xususan, oldingi kreditordan navbatdagi garovni taʼminlash uchun mulkini soʻrash zaruratisiz navbatdagi garov mexanizmi vositasida moliyalashtirishni taʼminlash imkoniyatini beradi. Bunda, oldingi garovga oluvchilarning huquqlari “Garov reyestri toʻgʻrisida”gi Qonun bilan himoya qilinadi, unda reyestrga yozuv kiritilgan paytga qarab talablarni qanoatlantirish huquqi belgilangan.

Yana bir jihat, Qonun bilan garovga qoʻyilgan mol-mulkni sotish tartibi tubdan takomillashtirilgan. Bunda garovga qoʻyilgan, suddan tashqari tartibda undiruvga qaratilgan mol-mulkni kimoshdi savdosida sotish, bevosita sotish, kreditga, lizingga, ijaraga berish, boʻlib-boʻlib sotish yoʻli bilan yoki qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa bitimlar orqali realizatsiya qilish mumkinligi ham nazarda tutilgan. Garovga qoʻyilgan mol-mulk realizatsiya qilingan taqdirda garovning bekor boʻlishi ham kodeksda belgilab qoʻyilgan.

Shuningdek, Iqtisodiy protsessual kodeksga kiritilgan oʻzgartish bilan undiruvni qarzdorning majburiyatlari bajarilishining taʼminoti boʻlgan mol-mulkga qaratish nazarda tutilgan.

Kiritilgan oʻzgartishlar qarzdorning taʼminot narsasini undirish majburiyatlarini ijro etishni mulkiy taʼminotni undirish boʻyicha sud buyruqlarini zudlik bilan – qiymati yoʻqolmasligi uchun tezroq sotish, qarzdorning mol-mulkni oʻgʻirlashiga yoʻl qoʻymaslik kabi maqsadlariga qaratilgan.

Qonun bilan lizing obyektini garovga teng deb tan olish va mazkur bitimni mulkiy taʼminot deb eʼtirof etish maqsadida “Lizing toʻgʻrisida”gi Qonunga ham oʻzgarish va qoʻshimchalar kiritildi. Bundan asosiy maqsad, garov, lizing, mulk huquqini saqlab qolgan holda sotish, vositachilik, mulkni xatlash va boshqa sohalarni oʻz ichiga oluvchi taʼminotning barcha turlari uchun bir xil huquqiy tartibot yaratish nazarda tutiladi. Bunday yondashuv kreditorlar va qarzdorlarga oʻz huquqiy munosabatlarini yanada moslashuvchan tarzda yoʻlga qoʻyish imkonini beradi va natijada mamlakat iqtisodiy rivojlanishiga zamin yaratadi.

Turgʻun Iskandarov,

Oliy Majlis Senati aʼzosi


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?