Yangi qoʻmita: Pillachilik va qorakoʻlchilik sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshiradi

10:49 04 Sentyabr 2020 Iqtisodiyot
556 0

Qorakoʻl qoʻylaridan olinadigan teri qadimdan juda qadrlangan. Ayniqsa, Buxoro qorakoʻl terisi ipaksimon, yaltiroq va jozibadorligi, oʻzining yarim doira qalamgul, qovurgʻasimon, yassisimon gul tiplari bilan mashhur boʻlgan. Zero, qorakoʻl terisi farmatsevtika va pishloq sanoati uchun shirdon, yengil sanoat uchun jun va boshqa mahsulotlar berishi bilan ajralib turadi.

Shu bois mamlakatimizda pillachilik va qorakoʻlchilik tarmoqlarining mavjud salohiyatini har tomonlama ishga solish hamda ishlab chiqarish korxonalarining rentabelligini oshirish uchun qulay sharoitlar yaratish orqali ushbu sohalarni qayta tiklash va rivojlantirish boʻyicha soʻnggi yillarda keng koʻlamli ishlar amalga oshirildi.

Lekin hozirgi davr tarmoqlardagi infratuzilma resurslaridan samarali foydalanilishini taʼminlash, nasl koʻrsatkichlarini yaxshilash, ozuqa bazasini mustahkamlash, shuningdek, ishlab chiqarilayotgan mahsulot sifati va raqobatbardoshligini oshirishga qaratilgan ishlar koʻlamini yana-da kengaytirishni talab etmoqda.

Davlatimiz rahbarining joriy yil 2-sentyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasida pillachilik va qorakoʻlchilikni yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni bu borada muhim qadam boʻldi, desak mubolagʻa boʻlmaydi.

Negaki, unga muvofiq, 2021-yil 1-iyulga qadar respublikaning yaylovlarga ega barcha hududlarida ozuqa bazasini yaratgan holda mayda shohli nasldor mollarni koʻpaytirish, shuningdek, teri va junni qayta ishlash, goʻsht-sut mahsulotlari, yarim tayyor va tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish korxonalarini tashkil qilish boʻyicha qorakoʻlchilik klasterlari tashkil qilinadi.

Shu bilan birga, klasterlarga qorakoʻl zotli qoʻylarini boqishga moʻljallangan, shu jumladan, oʻrmon bilan qoplanmagan oʻrmon fondi yerlaridan yaylovlar ijaraga beriladi.

Ahamiyatli tomoni, 2021-yil 1-yanvardan boshlab klasterlarga hududlarda shaxtali va tik quduqlar, shuningdek, suv tortish uchun nasos stansiyalarini yangidan qurish va rekonstruksiya qilishga Prezidentimizning 2020-yil 17-yanvardagi tegishli qarorida nazarda tutilgan 120 million soʻmgacha miqdorda subsidiyalar berish tartibi qoʻllaniladi.

Farmonda respublika “Qorakoʻlchilik” uyushmasi aʼzolariga qoʻl mehnati uchun uskunalar xarid qilish boʻyicha xarajatlarni qoplash uchun kamida bitta ish oʻrni yaratish sharti bilan Bandlikka koʻmaklashish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan bazaviy hisoblash miqdorining oʻn baravari miqdorida subsidiyalar ajratilishi ham koʻzda tutilgan.

Prezident farmonida oʻz ifodasini topgan yana bir muhim yangilik – Pillachilik va qorakoʻlchilikni rivojlantirish qoʻmitasi tashkil etildi.

Pillachilik va qorakoʻlchilik sohasida yagona davlat siyosatini olib borish, ipak qurti va qorakoʻl zotli qoʻylarning yuqori darajada mahsuldor nasllarini joriy qilish, shuningdek, pillachilik va qorakoʻlchilikni rivojlantirish uchun ozuqa bazasini yaxshilash Qoʻmitaning asosiy vazifalaridan biri hisoblanadi.

Endilikda qorakoʻl zotli qoʻylarni koʻpaytirishga moʻljallangan barcha yaylovlar Qoʻmitaning doimiy egaligiga oʻtkazilib, yaylovlar klasterlarga Qoʻmita tomonidan mustaqil ravishda, shu jumladan, nol stavkada ijaraga beriladi.

Faqat shugina emas. Prezidentimiz farmoni bilan Ipakchilik ilmiy-tadqiqot instituti, Qorakoʻlchilik va choʻl ekologiyasi ilmiy-tadqiqot instituti, Buxoro choʻl-yaylov ozuqabop oʻsimliklar urugʻchiligi ilmiy-ishlab chiqarish markazi Pillachilik va qorakoʻlchilikni rivojlantirish qoʻmitasi tarkibiga oʻtkaziladi.

Xulosa shuki, pillachilik va qorakoʻlchilik klasterlarini tashkil qilgan holda xomashyoni chuqur qayta ishlashni tashkil etish bugungi kunda dolzarb vazifalardan sanaladi. Mazkur farmon shak-shubhasiz, joylarda yangi ish oʻrinlarini yaratish va aholi daromadlarini oshirishga xizmat qiladi.

Aktam XAITOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi
Spikeri oʻrinbosari,
OʻzLiDeP fraksiyasi rahbari

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?