Yangi qaror loyihasi muhokamasi. U davlat tarbiya muassasalariga ajratiladigan homiylik mablagʻlari va molk-mulklardan foydalanishga oid

16:16 05 Sentyabr 2019 Jamiyat
87 0

“Yetim bolalar hamda ota-onasining qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar uchun davlat tarbiya muassasalariga ajratiladigan homiylik mablagʻlari va mol-mulklaridan foydalanish toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaror loyihasi regulation.gov.uz portaliga muhokamaga qoʻyildi. Bu haqda XTV axborot xizmati xabar berdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda Sogʻliqni saqlash vazirligining qoʻshma qarori bilan yetim bolalar hamda ota-onasining qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar uchun davlat tarbiya muassasalariga ajratiladigan homiylik mablagʻlari va molk-mulklardan foydalanish toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash taklif etilmoqda.

Qaror loyihasiga koʻra, homiylik tashkilotlari hamda yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan davlat tarbiya muassasasiga mol-mulkni, shuningdek, pul mablagʻlarini (homiylik xayriyalari) qaytarmaslik sharti bilan yoki imtiyozli shartlarda berishda, ishlarni bajarishda, xizmatlar koʻrsatishda va boshqacha shaklda qoʻllab-quvvatlashda ifodalanadigan ixtiyoriy begʻaraz yordamlar koʻrsatilishi mumkin.

Davlat tarbiya muassasalariga homiylik qilish quyidagi maqsadlarda amalga oshirilishi mumkin:

tarbiyalanuvchilarni ijtimoiy jihatdan qoʻllab-quvvatlash va himoya qilish,

tarbiyalanuvchilarning moddiy ahvolini yaxshilash, ijtimoiy reabilitatsiya qilish va ularga maʼnaviy-ruhiy yordam koʻrsatish;

bolalikni himoya qilish, ular oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish va ularning maʼnaviy kamol topishiga koʻmaklashish;

turli madaniy-maʼrifiy, sport va boshqa koʻrinishdagi dam olish dasturlarini amalga oshirishga koʻmaklashish;

davlat tarbiya muassasasining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash.

Homiylik qonun hujjatlariga muvofiq boshqa maqsadlarda ham amalga oshirilishi mumkin.

Har bir davlat tarbiya muassasasida amalga oshirilgan homiylik yordamlarining toʻgʻri sarflanishini taʼminlash maqsadida Homiylik kengashi tuziladi. Kengash 7 kishidan kam boʻlmagan toq sondan iborat quyidagi tarkibda tuziladi.

Kengash homiylik yordamlarini tegishli dalolatnoma asosida qabul qilish va maqsadli sarflanishini taʼminlaydi hamda homiylik va xayriya mablagʻlari, mol-mulklarning maqsadli sarflanishi ustidan nazorat olib boradi.

Homiylar dastlab davlat tarbiya muassasasi Kengashi aʼzolari bilan uchrashib, ularga homiylik maqsadini maʼlum qiladi.

Shu bilan birga nizom homiylikni qabul qilish tartibi va mahsulotlarning sifatini nazorat qilish boʻyicha choralarni belgilab beradi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?