Yangi Oʻzbekistonning yangi siyosati – mamlakat, mintaqa va dunyo taraqqiyoti va farovonligiga salmoqli hissa

10:09 24 Iyul 2020 Siyosat
940 0

Oʻzbekiston hayotida soʻnggi yillarda olamshumul, keng koʻlamli oʻzgarishlar amalga oshirilmoqda. Oʻz navbatida, xalqaro hamjamiyat mamlakat iqtisodiyotining liberallashtirilishi, yaqin va qoʻshni davlatlar bilan oʻzaro ishonchning mustahkamlanishi yoxud mintaqada barqaror taraqqiyot kafolati boʻlgan Afgʻonistonni Markaziy Osiyo keng makoni iqtisodiy hayotiga faol integratsiyalashuvini taʼminlashdagi amaliy qadamlarni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev nomi bilan bevosita bogʻliq ekanini qayd etmoqda.

Bugun BMT, Inson huquqlari boʻyicha xalqaro tuzilmalar minbarlaridan Oʻzbekistonda inson huquqlari va ommaviy axborot vositalari mustaqilligini taʼminlash, majburiy mehnatga chek qoʻyish hamda ochiq siyosat yuritish boʻyicha erishilayotgan natijalar haqli eʼtirof etilmoqda.

Xususan, mamlakat ichidan turib ushbu islohotlar samarasiga bevosita guvoh boʻlayotgan xorijiy davlatlarning Oʻzbekistondagi diplomatik missiyalari rahbarlari “Dunyo” AA muxbiri bilan suhbatda mintaqaviy va xalqaro munosabatlarda tub burilish pallasiga aylanayotgan ushbu jarayonlarni quyidagicha baholadi.

Ahmad Holid ELMIY, Afgʻoniston Islom Respublikasining Oʻzbekiston Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi:

— Oʻzbek va afgʻon xalqlarini yaqin qoʻshnichilik va azaliy doʻstlik rishtalari bogʻlab turadi. Ana shu jihatlar bugungi kunda koʻplab masalalar boʻyicha yaqin muloqotni davom ettirish imkonini bermoqda.

Oʻzbekiston oʻz mustaqilligiga erishgan kundan boshlab Afgʻoniston bilan yaqin hamkorlik qilib kelmoqda. Oʻtgan yillar mobaynida bu munosabatlar yuqori darajaga koʻtarildi va Afgʻoniston Islom Respublikasi oʻzining tashqi siyosatida Oʻzbekiston Respublikasi bilan doʻstlik tamoyillarini ustuvor yoʻnalish sifatida belgilab oldi.

Afgʻoniston Prezidenti taʼkidlaganidek, Oʻzbekiston bilan doʻstlik va hamkorlik aloqalari mamlakatning boshqa davlatlar bilan boʻlgan munosabatlari uchun  yorqin namuna boʻlishi kerak.

Ayni paytda mamlakatlarimiz oʻrtasida savdo-iqtisodiy, transport, infratuzilma va boshqa sohalarga oid 30 dan ziyod bitim va shartnoma amal qilmoqda.

Shuningdek, ikki mamlakatning jugʻrofiy joylashuvi, rivojlangan xalqaro transport dahlizlarining mavjudligi va boshqa omillar natijasida oʻzaro savdo aylanmasini 1,5 milliard dollarga yetkazish borasidagi ishlar amalga oshirilmoqda.

Bundan tashqari, Afgʻoniston Islom Respublikasi Prezidenti Muhammad Ashraf Gʻani va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning oliy darajadagi uchrashuvlari, ularda erishilgan kelishuvlar mamlakatlarimiz oʻrtasidagi oʻzaro manfaatli iqtisodiy hamkorlikni yana-da rivojlantirish va kengaytirishga xizmat qilmoqda.

Afgʻoniston uchun muhim ahamiyatga ega boʻlgan «Surxon-Puli-Xumri» elektr uzatish loyihasi va “Mozori-Sharif – Hirot” yoʻnalishida temir yoʻl qurish loyihalarini amalga oshirishdagi saʼy-harakatlar afgʻon xalqining kelajagiga Oʻzbekiston befarq emasligidan dalolat beradi.

Afgʻoniston Oʻzbekiston rahbariyatining afgʻon inqirozini tinch yoʻl bilan hal etish, mamlakatda barqarorlikni taʼminlash, uni mintaqaviy siyosiy va iqtisodiy jarayonlarga integratsiya qilish, afgʻonlararo tinchlik muzokaralarini ilgari surish hamda mintaqaviy kelishuv borasida olib borayotgan siyosatini yuqori baholaydi.

Ibrohim JUNUSOV, Qirgʻiziston Respublikasining Oʻzbekiston Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi:

– Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan muvaffaqiyatli siyosiy va iqtisodiy islohotlar, mintaqaviy va xalqaro masalalardagi izchil qadamlar natijasida Oʻzbekiston jahon maydonida munosib oʻrin egalladi. Mamlakat oʻziga xos rivojlanish yoʻlini topdi va bu borada qatʼiy qadamlar bilan oldinga intilmoqda.

Shuni alohida taʼkidlashni istardimki, mamlakatlarimiz oʻrtasida soʻnggi yillarda oʻzaro saʼy-harakatlar va mushtarak intilishlar asosida mustahkamlangan munosabatlar oʻzaro qoʻllab-quvvatlash, mustahkam doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va strategik sheriklik tamoyillariga asoslangan holda nafaqat mamlakatlarimizning, balki Markaziy Osiyo mintaqasining umumiy manfaatlariga xizmat qilmoqda.

Pandemiyaga qaramay, davlat rahbarlari keng koʻlamli masalalar, jumladan, koronavirus infeksiyasi keng tarqalishining oldini olish boʻyicha qoʻshma chora-tadbirlar toʻgʻrisida doimiy muloqotlar olib bormoqda.

Qardosh Qirgʻiziston va Oʻzbekiston xalqlari mamlakatlar oʻrtasida qaror topgan doʻstona va yaxshi qoʻshnichilik munosabatlaridan kelib chiqib, bir-birlariga har doim yordam koʻrsatib kelgan. Ikki davlat rahbarlari yaqinda boʻlib oʻtgan telefon orqali suhbat chogʻida oʻzaro insonparvarlik yordamlari uchun minnatdorlik izhor etdilar.

Qayd etish joiz, Qirgʻiziston – Oʻzbekiston hamkorligini yana-da mustahkamlash Qirgʻiziston tashqi siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri hisoblanadi. Hozirgi kunda barcha davlatlararo masalalar oʻzaro manfaatli shartlarda va tomonlarning nuqtayi nazarlarini hisobga olgan holda hal qilinmoqda. Qirgʻiziston Oʻzbekiston bilan nafaqat oʻzaro, balki koʻp tomonlama hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdor. Tomonlarning Qirgʻiziston-Oʻzbekiston chegaralarini delimitatsiya qilish boʻyicha olib borgan ishlarida ijobiy dinamika qayd etildi va bu, shubhasiz, Qirgʻiziston va Oʻzbekistonning chegaradosh mintaqalari oʻrtasidagi hamkorlikni yana-da chuqurlashtirishga ijobiy taʼsir koʻrsatdi. Yaqin kelajakda ikki tomonlama hamkorlik boʻyicha hukumatlararo qoʻshma komissiya, Qirgʻiziston va Oʻzbekiston Bosh vazirlari ishtirokida chegara xizmatlari rahbarlari kengashining majlisi, shuningdek, Jogorku Kenesh bilan Oliy Majlis oʻrtasidagi hamkorlik boʻyicha parlamentlararo komissiya yigʻilishlari oʻtkazilishi rejalashtirilgan.

Umumiy saʼy-harakatlarimiz va davlat rahbarlarining siyosiy irodasi tufayli oliy va yuqori darajadagi uchrashuvlar, aloqalar har tomonlama va oʻzaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilayotganini mamnuniyat bilan taʼkidlash zarur. Soʻnggi yillarda Qirgʻiziston va Oʻzbekiston saʼy-harakatlari bilan yaxshi qoʻshnichilik va strategik sheriklik munosabatlari sifat va mazmun jihatidan mutlaqo yangi bosqichga koʻtarilganini tan olish kerak.

Yaqinda Prezident Sooronbay Jeenbekov aholi bilan uchrashuvi chogʻida «Uzoq qarindoshdan koʻra yaqindagi qoʻshni yaxshiroqdir. Qirgʻiz va oʻzbek xalqlari asrlar davomida yonma-yon, ahil va doʻst boʻlib yashab kelgan. Ikki mamlakat nafaqat jugʻrofiy jihatdan bir-biriga yaqin, bizda yagona tarix, yagona din, bitta til va oʻxshash anʼanalar mavjud", - deya qayd etdi.

Qirgʻiziston Prezidenti soʻnggi yillarda ikki davlat nafaqat savdo-iqtisodiy, balki madaniy-gumanitar aloqalarni ham faol rivojlantirayotganini taʼkidladi.

“Prezident Shavkat Mirziyoyevning davlat rahbari sifatidagi faoliyati boshlanishi bilan Qirgʻiziston va Oʻzbekiston oʻrtasidagi doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik mustahkamlanmoqda. Biz oʻzaro manfaatli munosabatlarni saqlashga intilamiz, barcha muammolarni birgalikda hal qilamiz. Farzandlarimiz va mamlakatimiz kelajagi uchun qoʻshni davlatlar bilan doʻstlikni mustahkamlash siyosatini davom ettiramiz", - dedi Prezidentimiz Sooronbay Jeenbekov.

Sodiq IMOMIY, Tojikiston Respublikasining Oʻzbekiston Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi:

– Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan olib borilayotgan konstruktiv ichki va tashqi siyosat tufayli doʻst Oʻzbekiston hayotning barcha jabhalarida tub oʻzgarishlar yoʻlida dadil qadam tashlamoqda.

Toʻrt yil oldin eʼlon qilingan va muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgan xalq bilan muloqot tamoyili ushbu islohotlarning jamiyat tomonidan qatʼiy qoʻllab-quvvatlanishini taʼminladi. Jamiyatning har bir aʼzosi nafaqat rivojlanishning kelajakdagi modeli haqida oʻz fikrlarini bildirish, balki islohotlar jarayonida faol ishtirok etish imkoniyatiga ega boʻldi.

Shu sababli bugun ishonch bilan ayta olamizki oʻtgan davr mobaynida Oʻzbekistonda samarali fuqarolik jamiyati institutlari bilan dunyoga ochiq rivojlanayotgan mamlakat sifatida mustahkam platforma shakllandi.

Oʻzbekistonning yangi siyosati bizning umumiy uyimiz – Markaziy Osiyoda birgalikdagi madaniy va maʼnaviy qadriyatlarimizga, mamlakatlarimiz va xalqlarimiz manfaatlariga mos keladigan umumiy imkoniyatlarga asoslangan yangi hamkorlik muhitini shakllantirishga yordam bermoqda.

Biz buni uzoq muddatli istiqbolga yoʻnaltirilgan strategik sheriklikka asoslangan Tojikiston – Oʻzbekiston munosabatlari muvaffaqiyatli rivojlanayotgani misolida ham koʻrishimiz mumkin.

Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon oʻtgan yilgi parlamentga yoʻllagan maktubida oʻzbekistonlik hamkasbining shaxsiy hissasi va rolini alohida taʼkidlab, uning Markaziy Osiyodagi barcha xalqlarning intilishlariga mos keladigan siyosatini yuqori baholadi.

Biz, samimiy doʻstlar va yaxshi qoʻshnilar sifatida birodarlarimizning yutuqlaridan xursandmiz va, oʻz navbatida, ijobiy oʻzgarishlarning ortga qaytmasligini taʼminlash, tarixiy koʻp qirrali aloqalarimizning gullab-yashnashi uchun ularni yangi imkoniyatlar bilan toʻldirish uchun barcha imkoniyatni ishga solishga tayyormiz.

Yazguli MAMMEDOV, Turkmanistonning Oʻzbekiston Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi:

– Xalqlarimizning azaliy qardoshlik va yaxshi qoʻshnichilik rishtalari, shuningdek, umumiy tarix, til, madaniyat, urf-odat va anʼanalari tarixi uzoq oʻtmishga borib taqaladi. Shu sababli Turkmaniston soʻnggi yillarda qardosh mamlakatda roʻy berayotgan ijobiy oʻzgarishlarni xayrixohlik bilan qarshi olmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasida “ochiq eshiklar” siyosati eʼlon qilingani va Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida izchil keng koʻlamli islohotlar boshlanganidan beri aholi turmush darajasi va iqtisodiy oʻsishning yuqori surʼatlarini taʼminlashga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshirilib, mamlakatda misli koʻrilmagan oʻzgarishlar roʻy bermoqda va davom etmoqda.

2017–2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasining asosiy qoidalarini amalga oshirishda yuqori surʼatlar mavjudligini alohida taʼkidlashni istardim. Qardosh turkman xalqining vakili sifatida “Obod qishloq”, “Obod mahalla”, “Har bir oila – tadbirkor”, “Yoshlar – bizning kelajagimiz”, “Besh tashabbus” kabi muhim dasturlarni amalga oshirish doirasida olib borilayotgan tub islohotlarning ijobiy samaralarini koʻrish menga katta mamnuniyat bagʻishlaydi.

Maʼlumki, oʻzaro manfaatli hamkorlik va mintaqaviy sheriklikni mustahkamlash Markaziy Osiyo davlatlarining tashqi siyosat strategiyalarining ajralmas qismi hisoblanadi.

Shu nuqtayi nazardan, Oʻzbekiston Markaziy Osiyo mintaqasini oʻz tashqi siyosatining asosiy ustuvor yoʻnalishi sifatida belgilashi, shuningdek, davlatning faol mintaqaviy siyosati dunyo miqyosida tobora koʻproq eʼtiborni jalb qilmoqda.

Bugungi kunda ikki davlat rahbarlari – Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov va Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning kuchli siyosiy irodasi, qardoshlik munosabatlari tufayli mamlakatlarimiz oʻrtasidagi aloqalar strategik sheriklik darajasiga koʻtarildi va mubolagʻasiz aytish mumkinki, oʻzaro manfaatli hamkorlik misli koʻrilmagan darajada jadal rivojlanmoqda.

Energetika, transport, muhandislik, qishloq va suv xoʻjaligi kabi koʻplab sohalarda mamlakatlarimiz oʻrtasidagi manfaatli hamkorlikning keng doirasi Turkmaniston bilan Oʻzbekiston oʻrtasidagi munosabatlar har qachongidan kuchliroq ekanidan dalolat beradi.

Biz Oʻzbekiston bugun jadal rivojlanib borayotganidan chin dildan mamnunmiz. Mamlakatning yana-da ravnaq topishi va oʻzbek xalqi farovonligining oshishiga qaratilgan keng koʻlamli ijtimoiy-siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning yuksak surʼatlarda davom etayotgani ayni oʻzgarishlar yoʻnalishlaridandir.

Oʻzbekiston Respublikasi rahbariyatiga diplomatik vakolatxonamiz faoliyatini har tomonlama qoʻllab-quvvatlagani uchun oʻz minnatdorligimizni bildiraman, mamlakat ravnaqiga qaratilgan barcha ishlarda muvaffaqiyatlar, qardosh oʻzbek xalqiga esa farovonlik, tinchlik va Turkmaniston – Oʻzbekiston doʻstligining abadiy boʻlishini tilayman.

Szyan YAN, Xitoy Xalq Respublikasining Oʻzbekiston Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi:

– Soʻnggi toʻrt yilda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida turli sohalarda qisqa, oʻrta va uzoq muddatli istiqbolga moʻljallangan koʻplab strategiyalar, konsepsiyalar va chora-tadbirlar ishlab chiqilgan boʻlib, ular mamlakatning ulkan salohiyatini ochib berdi.

Biz mamlakatda jadal ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning guvohi boʻlmoqdamiz, tashqi dunyoga ochiqlik oshmoqda, Oʻzbekistonning mintaqadagi va umuman dunyodagi oʻrni va mavqei sezilarli darajada mustahkamlanmoqda.

Taʼkidlash joiz, soʻnggi yillarda Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin bilan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning strategik rahnamoligi ostida Xitoy – Oʻzbekiston munosabatlari jadal rivojlanmoqda.

Ikki mamlakat oʻrtasidagi epidemiyaga qarshi hamkorlik aloqalarimiz yuksak darajada ekanini yana bir bor namoyish etdi. Biz bir-birimizga maʼnaviy va gumanitar yordam koʻrsatdik.

Bir guruh xitoylik tibbiyot xodimlari Oʻzbekistonga tashrif buyurdi. Mingga yaqin xitoylik mutaxassis qoʻshma loyihalarni amalga oshirish va mamlakat iqtisodiyotini yana-da rivojlantirishga koʻmaklashish uchun charter reyslarda Oʻzbekistonga keldi.

Vabo bilan yonma-yon turib kurashayotgan xalqlarimiz har qanday qiyinchiliklarni albatta yengib, yakuniy gʻalabani qoʻlga kiritishiga va doʻstona munosabatlarimiz mamlakatlarimiz va xalqlarimiz farovonligi uchun yana-da mazmunli va chuqurroq boʻlishiga ishonchimiz komil.

Eduards Stiprays, Yevropa Ittifoqining Oʻzbekistondagi delegatsiyasi rahbari, elchi:

- Men Oʻzbekistonda 2016-yil sentyabr oyida faoliyatimni boshlaganimda, koʻp jihatdan tashqi dunyodan himoyalangan davlatni koʻrgan edim. Ishlash usullari ham ilgʻor emasdi.

Ammo soʻnggi toʻrt yil davomida biz mamlakatda amalga oshirilayotgan olamshumul voqealar va keng koʻlamli oʻzgarishlarni kuzatib borish imkoniyatiga ega boʻlmoqdamiz. Biz Oʻzbekistonda davlat institutlarini bosqichma-bosqich demokratlashtirish jarayonini amalda koʻrib turibmiz. Fuqarolik jamiyati sohasida bu oʻzgarishlar asosan inson huquqlarini taʼminlashga taalluqli boʻlmoqda. Shuni taʼkidlash kerakki, avvallari ushbu mavzu haqida gapirilmas edi. Endi esa uni ochiq va erkin muhokama qilish, mavjud muammolarga amaliy yechimlar taklif qilish mumkin. Menimcha, bu juda va juda muhimdir.

Davlat idoralari va vazirliklarda oʻrta boshqaruv darajasidagi xodimlarga koʻproq vakolatlar berilayotgani haqida ham toʻxtalish kerak. Shuningdek, hududlardagi ishlarni jonlantirish uchun ularning ham vakolatlari oshirilayotgani eʼtiborga molik. Bu jarayonlar hali davom etadi.

Biz iqtisodiyotni liberallashtirish jarayonini kuzatmoqdamiz, qishloq xoʻjaligidagi ulkan islohotlarni koʻrmoqdamiz. Yevropa Ittifoqi mazkur oʻzgarishlarga, jumladan, qishloq xoʻjaligini byudjet tomonidan bevosita qoʻllab-quvvatlash dasturi doirasida ham koʻmak bermoqda.

Shu oʻrinda faoliyatim doirasida eʼtiborimni tortgan yana bir jihatga toʻxtalmoqchiman.

Men mamlakatga endi kelgan paytlarim Oʻzbekiston masʼul xodimlari bilan muloqot qilish juda ham rasmiy tusda yoʻlga qoʻyilgan edi. Masalan, har qanday maʼlumot almashinuvi faqat diplomatik notalar yordamida amalga oshirilardi. Shu bois 2017-yilning oʻrtalarida bir vazirlik rahbarining oʻrinbosaridan elektron pochta manzili va mobil telefon raqami koʻrsatilgan tashrif qogʻozini olganimda men juda ham katta hayratga tushgan edim.

Xalq manfaatlari yoʻlidagi loyihalarni amalga oshirishga yordam berishimiz mumkin boʻlgan masʼul xodimlar bilan bevosita hamkorlik qilishda katta yutuqlarga erishdik. Bugun rasmiy ruxsatni kutmasdan har qanday masalani toʻgʻridan-toʻgʻri muhokama qilishimiz mumkin boʻlyapti. Bu esa birgalikdagi ishlar samaradorligini oshirishga katta imkoniyatlar ochmoqda.

Pandemiya sharoitida bunday munosabatlar oʻzining dolzarbligini namoyish etdi. Eski ish uslublari bilan bugun koʻplab amaliy masalalarga yechim topib boʻlmasdi. Yangi sharoitlarda esa biz toʻgʻridan-toʻgʻri, shu jumladan videokonferensiyalar orqali bogʻlanish imkoniyatiga ega boʻlyapmiz.

Bugun Oʻzbekiston bilan kengaytirilgan sheriklik va hamkorlikka oid shartnoma boʻyicha muzokaralar aynan shu tarzda oʻtmoqda. Biz Oʻzbekiston va jahondagi pandemiya oqibatida yuzaga kelgan cheklovlarga qaramasdan turli masalalarni tezkorlik bilan hal qilish uchun zarur koʻnikmalarga ega boʻldik.

Men Yevropa Ittifoqining Oʻzbekiston bilan kelgusidagi hamkorligiga katta ishonch bilan boqaman. Yevropa Ittifoqining yangi byudjeti amalga oshiriladigan navbatdagi yetti yil davomida Oʻzbekiston va Markaziy Osiyo mintaqasida birgalikda koʻplab loyihalarni hayotga tatbiq qilamiz.

Va, albatta, men Oʻzbekistonning janubiy qoʻshnisi Afgʻonistondagi vaziyatni barqarorlashtirish va iqtisodiyotni qayta tiklash jabhasidagi hamkorligimizga katta umid bilan qarayman. Ushbu mamlakatda yaqin kelajakda, albatta, tinchlik va osoyishtalik qaror topadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?