Yangi Oʻzbekiston – yangi shaharsozlik siyosati

10:26 25 Avgust 2020 Siyosat
221 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Oliy Majlisga Murojaatnomasida qoʻyidagi soʻzlarni aytib oʻtdilar “Mening eng katta niyatim shuki, Vatanimiz ichra har bir inson oʻzining “kichik vatani”ga – uy-joyiga ega boʻlsa, bizdan xalqimiz ham, Yaratgan ham rozi boʻladi.”

Soʻnggi uch-toʻrt yilda “Inson manfaatlari hamma narsadan ustun” degan tamoyil asosida, Prezidentimizning “Qishloq joylarda va fuqarolarning ayrim toifalari uchun arzon uy-joylar qurishni kengaytirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori bilan tasdiqlangan «2017 – 2021-yillarda qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar boʻyicha arzon uy-joylar va shaharlarda arzon koʻp kvartirali uylar qurish dasturi»ning qabul qilinishi koʻplab yurtdoshlarimiz orzularining roʻyobi boʻldi desam adolatdan boʻladi.

Ushbu hujjat bilan, oshkoralik va shaffoflik tamoyillariga rioya etish asosida, birinchi navbatda yosh oilalar, eskirgan uylarda yashovchilarga va uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj boshqa toifadagi fuqarolar, I va II guruh nogironligi bor shaxslar boʻlgan oilalarga hamda ogʻir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlarni “kichik vatan” bilan taʼminlash nazarda tutilgan.

Natijada, qurilish bozori rivojlanishi taʼminlandi. Bu esa oʻz navbatida, «multiplikator» boʻldi. Yaʼni uy qurish uchun qurilish mollari, ishchi kuchi va texnikalarga boʻlgan talab ortishi natijasida oʻziga yarasha “qurilish klasteri” yaratildi.

Bundan tashqari, ushbu bozor va tizim toʻlaqonli ishlashi hamda kelajakda rivojlanish uchun arzon uy-joylar, muhandislik-transport kommunikatsiyalari va infratuzilma obyektlari qurilishi ishtirokchilariga, qurilish materiallari va uskunalarni ishlab chiqaruvchi mahalliy korxonalarga, shuningdek, transport tashkilotlariga nisbatan soliq va bojxona imtiyozlari qoʻllanildi.

Natijada, tasdiqlangan Dasturga muvofiq yangilangan namunaviy loyihalar asosida 53 mingdan ziyod arzon uy-joylar va kvartiralar qurildi, turar joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj 65 mingga yaqin oila uy-joy bilan taʼminlandi.

Shu bilan birga, yurtimizda integratsiya va investitsiya jalb etish jarayoni shiddat bilan rivojlandi. Yirik xalqaro moliya institutlari bu oʻzgarishlarni ijobiy baholab qoʻllab-quvvatlamoqda.

Qayd etish lozimki, ushbu Dastur orqali boshqa bir qator aholi turmush farovonligini yaxshilashga qaratilgan Dasturlar ham parallel tarzda muvaffaqiyatli amalga oshirildi. Jumladan, “Obod qishloq” dasturi shular jumlasidandir. Ushbu Dastur doirasida 2018-2019-yillarda taʼmirlash va obodonlashtirish ishlari natijasida 896 ta qishloqlarda yashovchi 3 561 mingdan ortiq aholining yashash sharoitlari yaxshilandi.

Bu esa oʻz navbatida, arzon uy-joylar qurilishini samarali tashkil etish va eng asosiysi uy-joylarning narxini pasaytirish uchun muhandislik-transport kommunikatsiyalari va infratuzilma obyektlari qurilishini “Obod qishloq” dasturi bilan oʻzaro uygʻunlikda tashkil etish imkoniyatini yaratib berdi.

Natijada, qishloq joylarda – 17 ming 100 ta, shaharlarda – 17 ming 600 ta, jami 34 ming 700 ta yoki 2016-yilga nisbatan salkam 3 barobar koʻp arzon va shinam uylar qurildi. Bu esa, kam taʼminlangan va uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj boʻlgan oilalar uchun moʻljallangan arzon uy-joylar qurish koʻlamini kengaytirish bilan birga, yer resurslaridan oqilona foydalanish va aholi punktlari infratuzilmasini rivojlantirishga sabab boʻldi.

Shunday qilib, mamlakatimizda arzon uy-joylar va koʻp kvartirali uylar qurish koʻlamini kengaytirish, sohaga yangi arxitektura va texnik yechimlarni joriy etish orqali aholining uy-joy maishiy turmush sharoitlarini yaxshilash boʻyicha aniq choralar koʻrildi. Xususan, oʻtgan uch yil ichida 104 mingta oila uy-joy bilan taʼminlandi, bu soʻnggi oʻn yil ichida qurilgan uylar sonidan bir yarim baravar koʻpdir.

Kam taʼminlangan va uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj 5 mingta oilaga, jumladan, nogironligi boʻlgan ayollarga ipoteka krediti asosida arzon uy-joy sotib olish uchun 116 mlrd. soʻmdan ziyod boshlangʻich badal toʻlab berildi.

Muvaffaqiyatli Dasturlarga talab yildan-yilga koʻpayib borishi natijasida, uy-joy qurilishida xususiy sektorlarning oʻrni sezilarli darajada ortib bormoqda. Bu borada viloyatlardagi shaharlar va Toshkent shahrida 18 mingga yaqin hamda qishloqlarda 4 mingta uy-joy xususiy sektor tomonidan qurilmoqda. Banklar oʻrtasida sogʻlom raqobatni taʼminlash maqsadida ularga qariyb 4 trln. soʻm mablagʻlar auksionlar orqali ajratib berildi.

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohot jahon hamjamiyati tomonidan munosib baholanib, dunyodagi nufuzli nashrlardan biri – “Ekonomist” jurnali Oʻzbekistonni 2019-yilda islohotlarni eng jadal amalga oshirgan davlat – “Yil mamlakati” deb eʼtirof etdi.

Jumladan, “Adolat” SDP ham mamlakatimizning chekka hududlari va kichik shaharlarida zamonaviy uy-joylarni barpo etish orqali, hududlar va poytaxt orasidagi keskin iqtisodiy hamda ijtimoiy tafovutni bartaraf etish tarafdori. Bunda arzon uy-joylar va koʻp kvartirali uylar qurishda “aqlli bino, aqlli shahar” konsepsiyasini keng joriy etish, ushbu konsepsiya orqali energetik va moddiy resurslarni isteʼmol qilish darajasini tushirish, qurilishning insonlar salomatligi va atrof-muhitga boʻlgan salbiy taʼsirini kamaytirish, shaharlarning “yashil belbogʻlari”ni kengaytirish va toza chuchuk suv manbalarini muhofaza qilishni ustuvor vazifa deb hisoblaydi.

Xulosa qilib aytganda, bugungi kunda qurilish sohasi iqtisodiyotning muhim “drayver”laridan biriga aylanib ulgurishi natijasida yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 6 foizdan oshdi.

Imom Buxoriy bobomiz oʻz kitoblarida keltirgan muborak hadisda aytilganidek, “Barcha amallar niyatga qarab boʻladi”.

Darhaqiqat, pok niyatlar bilan boshlangan xayrli ishlar, albatta ijobat boʻladi. 

Dilshod HAMZAYEV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
Oʻzbekiston “Adolat” SDP fraksiyasi aʼzosi,
Sanoat, qurilish va savdo masalalari qoʻmitasi 
aʼzosi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?