Yangi oʻquv yilining birinchi kunidanoq sinf jurnallari yuritila boshlandi

15:52 06 Sentyabr 2019 Jamiyat
262 0

2019-2020 oʻquv yili boshlanishi arafasida mamlakatimizdagi barcha davlat umumtaʼlim maktablariga sinf jurnallari yetkazib berildi. Bu Xalq taʼlimi vazirligi Axborot xizmati xabar berdi.

Yangi oʻquv yili uchun 47 372 dona sinf jurnali chop etilib, “Oʻquv taʼlim-taʼminot” Davlat unitar korxonasi tomonidan barcha umumiy oʻrta taʼlim maktablariga yetkazildi.

Navoiy viloyati, Navoiy shahridagi 13-umumiy oʻrta taʼlim maktabining boshlangʻich sinf oʻqituvchisi G.Radjabova bu haqda shunday deydi:

– Yangi oʻquv yilini koʻtarinki kayfiyat bilan boshladik. Oʻqituvchilar oʻquv yilining birinchi kunidan sinf jurnallarini yuritib, oʻquvchilarni baholadi.

Navoiy viloyati, Zarafshon shahridagi 3-umumiy oʻrta taʼlim maktabining boshlangʻich sinf oʻqituvchisi S.Sulaymanova: “Maktabimizga sinf jurnallarining vaqtida yetib kelishi xalq taʼlimi tizimida olib borilayotgan ishlarning samarali yoʻlga qoʻyilayotganligidan dalolatdir. Biz ustozlarga koʻrsatilayotgan bunday gʻamxoʻrlikdan juda minnatdormiz. Bor kuch-gʻayratimizni barkamol avlodni tarbiyalashga, vatan ravnaqi uchun xizmat qiluvchi komil insonlar yetishtirishga sarflaymiz”, deya taʼkidladi.

Namangan viloyati, Namangan tumanidagi 32-umumiy oʻrta taʼlim maktabining informatika fani oʻqituvchisi A.Ergashev:

-2019-2020 oʻquv yili boshlanishi bilan maktabimizga sinf jurnallari yetkazildi. Sinf jurnallari oʻtgan oʻquv yilida foydalanilgan jurnallarga nisbatan sifatli, zamonaviy dizaynda tayyorlangan. Ayniqsa, oʻqituvchilar uchun sinf jurnalidan foydalanishda ancha qulayliklar mavjud, - deydi.

Fargʻona viloyati, Oltiariq tumanidagi 2-umumiy oʻrta taʼlim maktabining boshlangʻich sinf oʻqituvchisi T.Umarovaning soʻzlariga koʻra, oʻqituvchilar mavzu va baholarni sinf jurnallariga yangi oʻquv yilining 1-kunidan boshlab qayd etgan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?