Yangi o‘quv yiliga nechta umumta’lim maktabi tayyor, nechtasi tayyor emas?

16:12 07 Avgust 2018 Jamiyat
547 0
Arxiv foto

Respublikamizdagi mavjud 9628 ta maktabning yangi o‘quv yiliga tayyorgarligi bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Toshkent shahar va viloyatlar hokimliklari tomonidan reja-grafik ishlab chiqilgan bo‘lib, 1 avgust holatiga ko‘ra, mazkur ta’lim muassasalarining 6828 tasi yangi o‘quv yiliga tayyor bo‘lsa, 2800 tasi esa tayyor emasligi aniqlangan. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Axborot-tahlil multimedia markazi tomonidan “Xalq so‘zi”ga taqdim etilgan statistik raqamlarda ko‘rsatib o‘tilgan.

Unga ko‘ra hududlar kesimida ko‘radigan bo‘lsak, Farg‘ona, Navoiy, Surxondaryo, Toshkent va Namangan viloyatlarida maktablarning aksariyati yangi o‘quv yiliga shay holatga keltirilgan. Aksincha, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Jizzax, Andijon, Qashqadaryo viloyatlaridagi mavjud maktablarning yarmidagina ishlar amalga oshirilgan xolos.

Mazkur tadbirlarni tashkil etishda ayrim hududiy hokimliklar va buyurtmachi tashkilotlar tomonidan sustkashlikka yo‘l qo‘yilyapti. Xususan, bajarilgan ishlar rejaga nisbatan Navoiy viloyatida 33 foiz, Surxondaryo viloyatida 36, Sirdaryo viloyatida 38, Toshkent shahrida 44 foiz bajarilgan.

“Maktablarning yangi o‘quv yiliga tayyor yoki tayyor emasligi bo‘yicha aholini, ota-onalarni xabardor qilib borish maqsadida maxsus elektron tablo tashkil qilib, ularda onlayn tarzda axborotlarni kiritib bormoqchimiz. Qolaversa, bu ishlarni baholashda ota-onalar bizga yordam berishlari kerak bo‘ladi. Ya’ni hududlardagi maktablarning mavsumga tayyor deyilganidan so‘ng o‘zlari chiqib sifatiga baho berishlari kerak. Shu orqali ular bilan birgalikda baho berishni yo‘lga qo‘yamiz” — deydi O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari Alisher Umarov.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?