Yangi navlarni yaratishdan tortib, mahsulotlarni qadoqlashgacha boʻlgan jarayon ilm-fan yutuqlariga tayanadi

20:21 23 Sentyabr 2020 Iqtisodiyot
165 0

Davlatimiz rahbari raisligida oʻtkazilgan oʻsimliklar karantini sohasidagi islohotlar natijadorligi tahliliga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishida ushbu masala alohida tilga olindi.
Birinchidan, har qanday mahsulot ayniqsa qishloq xoʻjaligi mahsulotlari eksportbop, xalqaro talablarga javob berishi uchun oʻsimliklarni himoyasiga juda jiddiy eʼtibor qaratish lozim. Bu yoʻnalishda Oʻsimliklar karantini inspeksiyasining tashkil etilganligi ayni muddao boʻldi. Boisi mazkur tashkilot xavfli zararkunandalar, oʻsimliklar kasalligi, begona oʻtlardan respublika hududining ishonchli himoyasini taʼminlash, ichki va tashqi oʻsimliklar karantini boʻyicha davlat tadbirlarining samarali tizimini yoʻlga qoʻyish hamda ularning mamlakat ichida tarqalishini oldini olish bilan tizimli shugʻullanadi. Chunki birgina zararli organizmni urugʻ, koʻchat kabi qishloq xoʻjaligi mahsulotlari orqali mamlakatga kiritib, butun qishloq xoʻjaligini izdan chiqarish mumkin. Bunday mudhish holatlar xorijiy mamlakatlar tajribasida bir necha bor kuzatilgan. Masalaga ana shu rakursdan qaralsa, inspeksiyaning oʻrni naqadar muhimligi yaqqol namoyon boʻladi.
Ikkinchidan, agrar sohaning ilmiy salohiyatini oshirish, xalqaro sertifikatsiya tizimini tatbiq etish ham nihoyatda dolzarb ahamiyatga ega. Bu tizimning faol yoʻlga qoʻyilishi sifatli qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirishning garovi desak toʻgʻri boʻladi. Negaki ilm-fan yutuqlarisiz biror sohani rivojlantirib boʻlmasligi isbot talab etmaydigan haqiqat. Zero, yangi navlarni yaratishdan tortib, mahsulotlarni qadoqlashgacha boʻlgan jarayon ilm-fan yutuqlariga tayanadi.

Umuman olganda yigʻilishda qishloq xoʻjaligi sohasida boshqaruv tizimini takomillashtirish, davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning samarali mexanizmlarini joriy etish, oʻsimliklar karantini kuchaytirish maqsadida sohaga zamonaviy resurs tejamkor texnologiyalarini joriy qilishga qaratilgan muhim vazifalar belgilab berildi. Mazkur vazifalar ijrosi mamlakatimiz eksport geografiyasini kengaytirishga xizmat qiladi.

Dilbar Usmonova,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
OʼzLiDeP fraksiyasi aʼzosi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?