Yangi nashr etilgan “Islom tafakkuri” jurnalining taqdimoti boʻlib oʻtdi

17:35 10 Dekabr 2018 Jamiyat
916 0

2018 yil 10 dekabr kuni Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasida “Islom tafakkuri” jurnalining taqdimot marosimi boʻlib oʻtdi.

Bu haqda Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi Matbuot xizmati xabar bermoqda.

Taqdimot marosimida taʼkidlanganidek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 16 aprelda “Diniy-maʼrifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni mamlakatimizda yil davomida birin-ketin sodir boʻlgan muhim hodisalar rivojini boshlab berdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 22 iyunda qabul qilingan 466-sonli qarorida Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasining muhim vazifalardan biri islomiy maʼrifat gʻoyalarini targʻib etish, deb taʼkidlangani “Islom tafakkuri” diniy-maʼrifiy, ilmiy-ommabop jurnalining nashr etilishiga sabab boʻldi.

“Islom tafakkuri” jurnali diniy-maʼrifiy, ilmiy-ommabop nashr hisoblanib, yil mobaynida toʻrt marta oʻzbek, rus, ingliz va arab tilida, A 4 formatda, 96 bet hajmda, toʻliq rangli shaklda chop etiladi.

Jurnalda “Qurʼonshunoslik”, “Lugʻatshunoslik”, “Mumtoz filologiya”, “Fiqh ilmi”, “Hadisshunoslik” ruknlari ostida ulamolar, professor-oʻqituvchilar, tadqiqotchilar, mutaxassislarning ilmiy-ommabop maqolalari, tadqiqot natijalari va qiziqarli maʼlumotlar bilan tanishtirib boradi.

Jurnal Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasining dissertatsiyalar uchun chop etish tavsiya etilgan nashrlar roʻyxatiga kiritilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi hamda Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi muassisligida chop etiladigan nashrga Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasining rektori, professor Shuhrat Yovqochev bosh muharrir etib tayinlangan.

Jurnalning ilk sonida chop etilgan materiallar, qutlov soʻzlari, zamonamizning zabardast olimlari, din ulamolari tomonidan yozilgan teran maqolalar, tadqiqotlardan namunalar oʻquvchini befarq qoldirmaydi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?