Yangi mehmonxonani qurish va jihozlash uchun tadbirkorlarga qanday subsidiyalar ajratiladi?

17:39 28 May 2019 Jamiyat
376 0

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Mehmonxona xoʻjaligi faoliyatini yanada rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi. Bu haqda bosh vazir oʻrinbosari Aziz Abduhakimov Feysbuk ijtimoiy tarmogʻidagi sahifasida maʼlum qildi.

Ushbu qaror tadbirkorlik subyektlari tomonidan mehmonxonalar qurilishini ragʻbatlantirish, turizm sohasida investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirilishini jadallashtirish, taniqli va nufuzli xalqaro mehmonxona brendlarini mamlakatga faol jalb etish, respublikadagi umumiy mehmonxona xonalari sonini oshirishga qaratilgan vazifalarni huquqiy tartibga soladi.

Xususan, qarorda yangi mehmonxonani qurish va jihozlash uchun investorlarga subsidiya ajratish hamda tashkilotlarni franchayzing toʻgʻrisidagi shartnoma asosida qisman moliyalashtirish uchun Davlat byudjetidan mablagʻ ajratish tartibi toʻgʻrisidagi Nizom tasdiqlandi.

Nizom muvofiq talabgorlar (tadbirkorlar) uchun Davlat byudjetidan kompensatsiya miqdori quyidagi hajmlarda oʻrnatilgan:

a) yangi mehmonxonani qurish va jihozlash uchun kelgusi yil Davlat byudjeti parametrlarini tasdiqlash jarayonida ushbu miqdorni har yili indeksatsiya qilgan holda:

kamida 3 yulduzli toifaga ega mehmonxonalardagi har bir xona uchun 40 mln. soʻm; 

kamida 4 yulduzli toifaga ega mehmonxonalardagi har bir xona uchun 65 mln. soʻm; 

Bunda moliyalashtirish respublika boʻyicha umumiy mehmonxona xonalari sonini 50 mingga yetguniga qadar amalga oshiriladi.

b) dunyoning taniqli va nufuzli mehmonxona brendlaridan (“Brand Finance” reytingidagi TOP-50 ga kiruvchi mehmonxona brendlari yoki Turizmni rivojlantirish boʻyicha muvofiqlashtiruvchi kengash tomonidan shakllantiriladigan roʻyxat asosida) foydalanish boʻyicha royalti franchayzing shartnomasi kuchga kirgan vaqtdan boshlab uch yil mobaynida quyidagi hajmda Davlat byudjetidan moliyalashtiriladi:

dastlabki 50 ta 3 yulduzli toifaga ega mehmonxona – har bir xonasi uchun yillik 200 AQSH dollari ekvivalentida;

dastlabki 30 ta 4 yulduzli toifaga ega mehmonxona – har bir xonasi uchun yillik 400 AQSH dollari ekvivalentida.

Bunda royalti moliyalashtirilishining umumiy hajmi 10 million AQSH dollariga teng.

Qaror bilan tasdiqlangan Nizom asosida Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi va Moliya vazirligi tomonidan tadbirkorlik subyektlariga yaqindan koʻmak koʻrsatish ishlari belgilangan tartibda amalga oshiriladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?