Yangi mahallada yangi turar-joylar hashar yo‘li bilan 35 kunda bunyod etildi

09:01 20 Iyul 2018 Jamiyat
178 0
Foto: Xursandbek Arabboyev / “Xalq so‘zi”

Andijon viloyatida “Mustaqillikning 27 yilligi” deb nomlangan yangi mahallada barpo qilingan turarjoylarni foydalanishga topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Xo‘jaobod tumani, “Xidirsha” mahalla fuqarolar yig‘ini, Qozoq massivida ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar uchun qurilgan yangi uy-joylar kalitlari o‘z egalariga tantanali ravishda berildi.

Foto: Xursandbek Arabboyev / “Xalq so‘zi”

— Fayzli, go‘zal, kishi ko‘rsa havas qiladigan mahallaga ko‘chib kelganimizdan quvonchim ichimga sig‘mayapti, — deydi baxtli oilalardan birining bekasi Muborakxon Abdunazarova. — Oldingi uyimiz o‘tgan asrning elliginchi yillarida qurilgan bo‘lib, yaroqsiz holatga kelib qolgan edi. Yashash uchun sharoitlar cheklangan joyda bir umr qolib ketishdan qo‘rqib yashardim. Shu kunlarga yetkazganiga shukr. Minnatdorman.

Foto: Xursandbek Arabboyev / “Xalq so‘zi”

“Obod qishloq” dasturiga binoan, yangilangan loyiha asosida qurilgan namunali uylar 115 xonadonga mo‘ljallangan. Marosimda 80 dan ziyod uy sohiblari shinam va ko‘rkam mahallada istiqomat qilishlaridan nihoyatda mamnun ekanliklarini bildirishdi.

Foto: Xursandbek Arabboyev / “Xalq so‘zi”

Mahalla toza ichimlik suvi bilan ta’minlangan, to‘liq gazlashtirilgan, ko‘chalar asfaltlangan. Bolalar o‘yingohlari, sport maydoni qatorida 240 o‘rinli umumta’lim maktabi qad rostlamoqda. Mustaqillikning 27 yillik bayrami arafasida avtomashinalar savdosiga ixtisoslashtirilgan savdo majmuasi ham o‘z faoliyatini boshlaydi.

Foto: Xursandbek Arabboyev / “Xalq so‘zi”

Yana bir hayratomuz dalil: mahalladagi turarjoylar va boshqa inshootlar 35 kunda hashar yo‘li bilan qurib bitkazildi. Aholi “Bunaqasi bo‘lmagan, faqat yurtimizda ana shunday ajoyib, baxtli voqealar yuz beradi”, deb bir-birlarini chin dildan muborakbod etmoqda.

Endilikda mazkur mahalla Andijon shahri tarkibiga kiritiladi.

Saminjon HUSANOV, “Xalq so‘zi” muxbiri.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?