Yangi loyihalar Oʻzbekistonda elektr energiyasi taqchilligiga barham beradimi?

11:23 07 Mart 2020 Iqtisodiyot
238 0

“Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati Saudiya Arabistonining ACWA POWER kompaniyasi bilan imzolagan bitim Oʻzbekistonning energetika sohasi taraqqiyotiga salmoqli hissa qoʻshadi, deb yozadi “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ Axborot xizmati bunga javoban.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 2-noyabrdagi tegishli topshirigʻiga binoan Sirdaryo viloyatida ikkita zamonaviy va yuqori quvvatga ega bugʻ-gaz qurilmasi qurish hamda foydalanishga topshirish belgilab berilgan edi.

Yaqinda Hyatt Regency mehmonxonasida Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi tizimidagi “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati Saudiya Arabistonining yirik investori ― ACWA Power kompaniyasi bilan umumiy qiymati 1,2 milliard AQSH dollariga teng bitim imzoladi.

Sirdaryo viloyatida ACWA Power kompaniyasi tomonidan 1500 MVt quvvatga ega bugʻ-gaz turbinali elektr stansiyasi qurilib, soʻng 25 yil davomida Oʻzbekiston elektr energetika sohasiga nisbatan arzon bahoda elektr energiyasi yetkazib berish nazarda tutilayotgan mazkur investitsiya bitimining yagona xaridori “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati boʻlib, ushbu bitim Oʻzbekistonning energetika sohasi taraqqiyotiga salmoqli hissa qoʻshishi kutilmoqda.

Shu oʻrinda bir narsani alohida taʼkidlash joizki, xorij investorlari quradigan 1500 MVt quvvatga ega yangi elektr stansiyasi oʻrtacha 3–4 ta viloyat miqyosidagi isteʼmolga teng boʻlgan elektr energiyasini ishlab chiqaradi va bu orqali ayni yillarda mavjud elektr energiyasi taqchilligiga maʼlum maʼnoda barham beradi.

– Bizning Oʻzbekiston bozoriga kirib kelishimizda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining yuritayotgan odilona siyosati, mamlakatning rivojlanishi yoʻlida olib borayotgan islohotlari juda muhim oʻrin tutadi. ACWA Power kompaniyasining bu saʼy-harakatlari Oʻzbekiston energetika sohasi rivojiga munosib hissa boʻlib qoʻshilishi biz uchun katta sharaf, –deydi ACWA Power raisi Muhammad Abunayyan.

– Energetika vazirligi tizimidagi “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati yurtimiz elektr energetika sohasida alohida ahamiyat kasb etadigan bitimni imzolashga muvaffaq boʻldi. Energetika vaziri Alisher Sultonov aytganidek, ACWA Power kompaniyasi haqiqatan ham Oʻzbekistonda elektr energiyasini ishlab chiqarish imkoniyatlarini yana-da kengaytirishda strategik hamkor maqomiga ega. Amalga oshirilayotgan ishlar mamlakatimiz aholisini sifatli elektr energiyasi bilan muntazam ravishda taʼminlashga xizmat qilishi shubhasiz, – deydi “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruv raisi Dadajon Isaqulov.

Maʼlumot oʻrnida: Hyatt Regency mehmonxonasining “Fargʻona” zalida boʻlib oʻtgan tantanali marosimda Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi tomonidan qiymati 0,55–1,1 milliard AQSH dollari, quvvati 500 dan 1000 MVt gacha boʻlgan shamol elektr stansiyasini barpo etish hamda Sirdaryo viloyatining Shirin shahridagi kollejda energetika va kimyo texnologiyasi yoʻnalishidagi mutaxassislarning texnik koʻnikmalarini oshirish yuzasidan tashkil etiladigan oʻquv markazini rivojlantirish boʻyicha AQSHning Air Products & Chemicals kompaniyasi bilan hamkorlikda oʻzaro anglashuv memorandumlari ham imzolandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?