Yangi loyihadan qanday natijalar kutilayapti?

17:06 17 May 2018 Iqtisodiyot
374 0

Ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda dunyo miqyosida tuproq resurslarining uchdan bir qismidan ortig‘i eroziya, sho‘rlanish, organik va ozuqa moddalarining yuvilib ketishi, ifloslanish hamda yer resurslarini boshqarishning nomaqbul usullari qo‘llanilishi natijasida tanazzulga uchramoqda. Yoki umumiy foydalanilayotgan yer maydonining qariyb 40 foizi turli darajada sho‘rlangan. Bu esa yerning meliorativ holatini yaxshilash, tuproq unumdorligini oshirish, ekologik barqarorlikni saqlashga barcha birdek mas’uliyat bilan yondashishini talab qiladi. 

Shu bois keyingi paytda O‘zbekistonda mazkur global muammoning oldini olish borasida ko‘plab loyihalar tatbiq etilmoqda. BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) hamda Global ekologik jamg‘arma (GEF) tomonidan amalga oshiriladigan “Markaziy Osiyo va Turkiyaning qurg‘oqchil va sho‘rlanishga uchragan qishloq xo‘jaligi yerlarida tabiiy resurslarni kompleks boshqarish” mintaqaviy loyihasi ana shulardan biridir.

Poytaxtimizda O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Gidrometeorologiya xizmati markazi, FAOning yurtimizdagi vakolatxonasi hamkorligida tashkil etilgan anjumanda mazkur loyihaning maqsadi, vazifalari, amalga oshirish mexanizmi va kutilayotgan natijalar xususida so‘z bordi.

Loyiha besh yilga mo‘ljallangan bo‘lib, O‘zbekistonning to‘rtta —  Zarbdor, Qamashi, Kitob va Shahrisabz tumanlarida, shuningdek, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston hamda Turkiya davlatlari hududlarida tatbiq etiladi. Maqsad qurg‘oqchil hamda sho‘rlangan ekin maydonlarida tabiiy resurslarni kompleks boshqarish, tuproq unumdorligini oshirish, suv resurslarini tejash, sohaga ilg‘or texnologiyalarni qo‘llash kabi muhim masalalarni hal etishdan iborat.

— Umumiy qiymati 5 million AQSh dollarilik ushbu loyiha ekin maydonlari holatini yaxshilashda muhim rol o‘ynaydi, — deydi loyiha milliy boshqaruvchisi Muhammadjon Qosimov. — Negaki, o‘tgan yillarda ham ana shu yo‘nalishda ikkita dastur hayotga tatbiq etilishi natijasida qariyb 2,5 million gektar yerning meliorativ holati yaxshilanib, hosildorlik sezilarli darajada oshdi. 
Loyiha doirasida sho‘rlanishga qarshi kurashish, qurg‘oqchilik xavf-xatarlarini boshqarish bo‘yicha xalqaro tajribalar o‘rganilib, amaliyotga joriy etiladi. Qolaversa, tanlab olingan hududlarda fermerlar dala maktablari tashkil qilinadi.

— 105 gektar lalmikor yer maydonida g‘alla yetishtiramiz, — deydi Qamashi tumanidagi “Oltinboyev yeri” fermer xo‘jaligi rahbari Sherzod Oltinboyev. — Sir emas, lalmikor yer uchun yog‘ingarchilik kam bo‘lsa, kutilganidek hosil olish qiyin. Shu bois bir gektar lalmikor yerda suvsizlikka chidamli bo‘lgan 300 tup bodom, qayrag‘och va tut ko‘chatlarini ekdik. Kelgusida bodomzorlarni kengaytirib, hosilini eksport qilmoqchimiz. Bunda bugungi loyihaning hissasi katta bo‘ladi.

Loyiha ijrosi doirasida tanlab olingan tumanlarda tajriba uchastkalarini tashkil etish orqali iqlim o‘zgarishi, suv taqchilligi va yer sho‘rlanishi ta’sirlarini yumshatish, dehqonchilikka innovatsion hamda resurs tejamkor usullarni qo‘llab, yo‘qotishlarning oldini olish, shuningdek, murakkab sharoitda mehnat qilayotgan fermerlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, qishloq xo‘jaligi texnikalari hamda zarur uskunalar xarid qilishda ko‘maklashish ko‘zda tutilgan. 

Rahim SHERQULOV,
“Xalq so‘zi” muxbiri.

 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?