Yangi kelgan askarlar “Nukus” poligonida birinchi marotaba qurollardan oʻquv nishonlariga oʻq uzishdi

15:58 10 Iyul 2020 Jamiyat
271 0

9-10-iyul kunlari joriy yil muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan yangi askarlar uchun “Nukus” poligonida oʻqotar qurollar va jangovar texnikalar yordamida koʻrgazmali oʻq otish mashgʻulotlari namoyish etildi. Bu haqda Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati xabar berdi.

Tadbirda Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni polkovnik Farhodjon Shermatov ham qatnashdi.

Erta tongdan shartli signal bilan yuqori jangovar shaylik holatiga keltirilgan boʻlinmalar Nukus garnizoni Harbiy avtomobil nazorati inspeksiyasi nazorati ostida kolonna boʻlib poligon tomon marsh amalga oshirdi.

Har bir amaliy-koʻrgazmali oʻq otish mashqida qurol va harbiy texnikaning qoʻllanilishi, taktik-texnik tavsiflari hamda boshqa xususiyatlari haqida ishtirokchilarga maʼlumotlar berib borildi.

Taʼkidlash joizki, 2017-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasida belgilab berilgan vazifalarga muvofiq, milliy armiyamizni zamonaviy texnika va qurol-aslaha bilan taʼminlashga boʻlgan eʼtibor kuchaytirilmoqda. Shu bilan birga, malakali harbiy kadrlarni tayyorlash tizimi ham qayta koʻrib chiqilgani milliy armiyamizning jangovar qudrati va salohiyatini yuksaltirishga xizmat qilmoqda. Qurolli Kuchlarimiz faoliyatining ochiq va oshkoraligini taʼminlashga qaratilgan qator tadbirlarning tashkil etilayotgani esa yosh avlodni harbiy-vatanparvarlik, yurtga sadoqat va milliy qadriyatlarimizga hurmat ruhida kamolga yetkazishda muhim rol oʻynaydi.

Birinchi oʻquv nuqtada motooʻqchi va maxsus boʻlinmalar uchun moʻljallangan oʻqotar qurollardan nishonlarga qarata oʻq uzildi. Ikkinchi oʻquv nuqtasida artilleriya, zenit-raketa qurilmalari, jangovar mashina, zirhli transportyor va tanklardan nishonlarni aniq moʻljalga olib otilgan raketa va snaryadlar yoshlarning olqishiga sazovor boʻldi.

Koʻrgazmali mashgʻulotlardan soʻng muddatli harbiy xizmatchilar birinchi marotaba avtomatdan amalda mashq bajarishdi. 100 va 200 m. uzoqlikdagi ikkita nishon — yangi askarlarning amaliy mashgʻulotlarda ilk koʻnikmalarini shakllantirish uchun dastlabki marra vazifasini oʻtadi.

Qurolni oʻq otishga hozirlash, uni notoʻliq qismlarga ajratish va yigʻish, oʻq-dorilarni oʻqdonga joylashtirish boʻyicha oʻquv nuqtalarida yoshlar bilimga chanqoq, dastlabki harbiy koʻnikmalarni egallashga qiziqishi baland ekanligini namoyish etishdi.

— Harbiy texnika va qurollarga bolalikdan qiziqishim baland boʻlgani uchun bugungi koʻrgazmali oʻq otish mashqlarini zavq bilan tomosha qildim, — deydi margʻilonlik oddiy askar Javohir Akbarxonov. – Mana, armiyaga kelganimizga ham bir oydan oshdi. Shu vaqt mobaynida ofitser va serjantlardan koʻp narsani oʻrgandim. Oldinda hali vaqt koʻp, shu boisdan har bir texnika va qurolni mukammal oʻrganib, ulardan oqilona foydalanishni maqsad qilganman.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?