Yangi ilmiy tadqiqot markaz, 2500 oʻrinli masjid, imomlar uchun 5 ta koʻp qavatli turarjoy

09:53 04 Oktyabr 2018 Madaniyat
2021 0
Foto: “XALQ SOʻZI ONLINE”.

“XALQ SOʻZI ONLINE”. Ilhom Rahmatov/ Surxondaryo. Prezidentimizning 2017 yil 14 fevraldagi “Imom Termiziy xalqaro ilmiy tadqiqot markazini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga binoan Termiz shahrida Imom at-Termiziy nomidagi ilmiy tadqiqot markazi, 2500 oʻringa moʻljallangan masjid, 138 oʻrinli mehmonxona hamda otalar choyxonasi, shuningdek,imomlar uchun 5 ta ikki qavatli turar joylar va boshqa bir necha xizmat koʻrsatish inshootlari bunyod etilmoqda.

Foto: “XALQ SOʻZI ONLINE”.

“Majmua hududidagi masjid binosi sharq meʼmorchiligining noyob anʼanalarini oʻzida mujassam etgan. Inshootdagi bitta yirik gumbaz hamda unga yondosh 2 ta 42 metr balandlikdagi minora masjidga koʻrkamlik va oʻziga xos salobat baxsh etadi. Yopiq bino ichida bir vaqtning oʻzida 2500 namozxon ibodat amallarini bajarishi mumkin”, - deydi “Prof guruh” masʼuliyati cheklangan jamiyati rahbari Murod Abdullayev.

Foto: “XALQ SOʻZI ONLINE”.

Abu Iso Muhammad at-Termiziy Surxondaryo viloyatining Sherobod tumanida milodiy 824 yilda tavallud topgan. Umrini ilmu maʼrifat, xususan, islom dini taʼlimotini oʻrganish va tadqiq etishga bagʻishlagan alloma eng ishonchli hadislardan iborat “Sunani Termiziy” kitobining muallifi sifatida butun dunyoga shuhrat qozondi. Bu asar to hanuz muqaddas Qurʼoni karimdan keyingi manba — “Kutubi sitta”, yaʼni eng ishonchli oltita hadis kitobidan biri sifatida tan olinadi.

Qurilish ishlari tugagach markaz shunday koʻrinishga ega boʻladi. Foto: “XALQ SOʻZI ONLINE”.

Imom Termiziy mangu qoʻnim topgan yodgorlik majmuasida oʻtgan yili ulkan hajmdagi qurilish, bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi. Alloma qabri ustiga yangi marmartosh oʻrnatilib, mavjud maqbara qayta taʼmirlandi, maqbaraga yondosh yangi inshoot qurildi. Shu bilan birga, majmua hududida milliy meʼmorchilik asosidagi yangi masjid barpo etilib, eng nodir asarlar jamlangan kutubxona, turli ilmiy anjumanlar oʻtkazishga moʻljallangan alohida xonalar tashkil etildi. 2,5 gektarni tashkil etuvchi hudud devor bilan oʻralib, sharqona ayvonlar qad rostladi, umumiy ovqatlanish, savdo va turli xizmat koʻrsatish shoxobchalari yodgorlik majmuasiga koʻrk bagʻishlashi barobarida ziyoratchilar hamda sayyohlar uchun qulaylik yaratmoqda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?