Yangi davr ostonasidamiz

13:02 01 Sentyabr 2020 Siyosat
321 0

Oʻzbekiston davlat mustaqilligining 29 yilligiga bagʻishlangan bayram pandemiya tufayli garchi har yilgidek, tantanalar, sayllar shaklida tashkil etilmadi. Shunday boʻlsa-da “Koʻksaroy qarorgohida”dagi tantanali yigʻilishda muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning nutqi har bir vatandoshimizni qalbiga bayram shukuhi, ozodlik qadri, kelajakka ishonch ruhiyatini toʻla singdira oldi. Shaxsan oʻzimni ham koʻnglim shukronalik va quvonch hislariga toʻldi. Shu kunlarga yetkazganiga shukr. Shu kunlarni koʻrmoq saodati nasib etganiga shukr.

Axir hayajonlanmay boʻladimi! Biz mutlaqo oʻzgacha, shukuhli va buyuk tarixiy voqelikning ham shohidi, ham ishtirokchisi boʻlib turibmiz. Besh asrdan koʻproq davom etgan tarqoqlik, xoʻrlik, mutelik, qaramlik, faqirlikdan soʻng nihoyat oʻzbek jahon ayvonida qaddini tiklamoqda, oʻzining boʻy-bastini namoyish etmoqda. Oʻzbekiston qaddini tiklamoqda!

Darhaqiqat, oqqan daryo oqmay qolmas ekan. Mustaqillik bois, ayniqsa keyingi toʻrt yilda amalga oshirilgan favqulodda keng koʻlamli islohotlar sabab bizning irsiyatimizda, qonimizdagi kuch-gʻayrat, shijoat, salohiyat, qudrat uygʻondi va oʻzining nimalarga qodirligini butun dunyoga namoyish eta boshladi. Aynan shu boisdan ham, mamlakatimiz yetakchisining soʻzlari bilan aytganimizda, bizning insoniy qadr-qimmatimizni, gʻurur va shaʼnimizni, dinu diyonatimizni, milliy davlatchiligimizni tiklab bergan Mustaqillik kuni Vatanimizning shonli tarixida hamisha eng yorqin sahifa boʻlib qoladi.

Dunyo eʼtirof etgan haqiqat shuki, ona zaminimizga Islom dini kirib kelganidan soʻng, madaniyat, ilm-fan benihoya ravnaq topgan IX-XII asrlar ilk uygʻonish davri hisoblanadi. Soʻngroq, sohibqiron Amir Temur va temuriylar hukmronlik qilgan XIV-XV asrlarda bu jarayon takrorlandi. Va-nihoyat, XXI asrning ikkinchi oʻn yilligiga kelib jahon xalqining ulugʻvor qudrati joʻsh urgan Yangi Oʻzbekistonga hayratli nigohini tikmoqda. Bu, shubhasiz, rivojlanishning mutlaqo yangi bosqichiga qadam qoʻygan yurtning xalqaro maydondagi chin eʼtirofidir.

Bunday natijalarga osonlik bilan erishilmadi, albatta. Zero, hech qanday yutuq, muvaffaqiyat oʻz-oʻzidan paydo boʻlib qolmaydi, taʼbir joiz boʻlsa, osmondan tushmaydi yoki xorijdan birov kelib ishlaringizni bitirib bermaydi. Bularning hammasiga aniq reja, omilkorlik, ishning koʻzini bilib astoydil mehnat qilish, insonning oʻzini, mehnatini ulugʻlash, qanchalik ogʻir boʻlmasin, qancha mablagʻ va imkoniyat talab qilinmasin bironta fuqaromiz oʻz holiga tashlab qoʻyilmasligi orqali erishildi.

Prezidentimiz faxr va gʻurur bilan “Oʻzbekistonda yangi bir uygʻonish – Uchinchi Renessans davriga poydevor yaratilmoqda, desak, ayni haqiqat boʻladi. Chunki bugungi Oʻzbekiston – kechagi Oʻzbekiston emas. Bugungi xalqimiz ham kechagi xalq emas”, deganida bu faxr-gʻururni har bir oʻzbekistonlik dil-dildan tuyganiga imonim komil.

Yon-atrofga qaraylik. Qanchalik mahobatli oʻzgarishlar, yangilanishlar. Eng muhimi – bunday olamshumul evrilishlar bizning ong-shuurimizda, yuragimizda kechmoqda. Aynan shu sababli ham biz bugun kechagi xalq emasmiz. Biz bugun yuksak marralarni koʻzlagan va ularni albatta zabt etishimizga dildan ishonadigan xalqmiz.

Bunga toʻlaqonli haqlimiz ham. Chunki soʻnggi yillarda davlat boshqaruvida iqtisodiyot yoki sanoat uchun tikilgan mablagʻ bugun uchun taʼlim, ilm-fanga tikilgan investitsiya esa erta hamda kelajak uchun tamoyiliga toʻliq amal qilinayotganida koʻrishimiz mumkin. Jumladan, soʻnggi toʻrt yilda mamlakatimizda 43 ta yangi oliy taʼlim muassasasi tashkil etildi. Oliy taʼlimga qamrov darajasi deyarli yarim barobarga oshdi. Har bir hududda yuqori texnologiyalar asosida dars berishga ixtisoslashtirilgan Prezident maktablari va ijod maktablari ochilmoqda. Taʼlimning barcha bosqichida nodavlat muassasalar tashkil etilmoqda. Farzandlarimizni maktabgacha taʼlim muassasalariga qamrov darajasi sezilarli ravishda ortdi. Ixtisoslashtirilgan tayanch ilmiy muassasalar faoliyati qayta tiklandi. Yoshlar ishlari agentligi, Yoshlar masalalari boʻyicha idoralararo kengash tashkil etildi. Oliy Majlis palatalari huzurida Yoshlar parlamentlari, Innovatsion rivojlanish vazirligi qoshida Yoshlar akademiyasi tuzildi. Hududlarda “Loyihalar fabrikasi” ish boshladi. Koʻrib turganingizdek, ertamiz, kelajak uchun qilinayotgan islohotlarni sanab adogʻiga yetishi qiyin. Oʻz-oʻzidan bu ishlar yaqin orada oʻz samarasini beradi. Yaqin orada hozirda umid bilan qarayotgan dunyo hamjamiyati havas bilan qarashga oʻtadi.

Ha, biz yangi uygʻonish davri ostonasidamiz. Bu ishonch bizning har birimizga bitmas-tuganmas quvvat, qudrat va kuch beradi. Xalq bir yoqadan bosh chiqarib, astoydil mehnat qiladi. Bunday xalq esa moʻjizalar yaratishga qodir. Ana shunday moʻjiza bugun, bizning koʻz oldimizda, hammamizning ishtirokimizda yaratilmoqda.

Darhaqiqat, ehtiyoj farzandlari boʻlmish daholar shakllanadigan davrda yashamoqdamiz. Demak, yangi uygʻonish davri ostonasidamiz. Manzil esa yaqin.

Narimon UMAROV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri oʻrinbosari,
“Adolat” SDP Siyosiy Kengashi raisi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?