Yangi Bojxona kodeksi loyihasi muhokama uchun eʼlon qilindi

10:36 20 Avgust 2019 Jamiyat
96 0

Oʻzbekiston Bojxona kodeksining yangi tahriri loyihasi muhokama uchun eʼlon qilindi. Uning amaldaginisi 2016-yilda qabul qilingan edi.

Yangi tahrir Davlat bojxona qoʻmitasi tomonidan ishlab chiqilgan boʻlib, 9 boʻlim, 35 ta bob va 296 moddadan (hozirda — 12 boʻlim, 59 bob va 412 modda) tashkil topgan. Muhokamalar 1-sentyabrga qadar davom etadi.

Yangi kodeksda “bojxona boji”, “bojxona deklaratsiyasi”, “tarif bilan tartibga solish choralari”, “transport hujjatlari” kabi tushunchalarni joriy etish taklif qilinmoqda. Qonuniylik, bojxona chegarasi orqali tovarlar olib oʻtilganda shaxslarning teng huquqliligi hamda bojxona operatsiyalarining shaffof, aniq-ravshan va izchil amalga oshirilishi bojxona qonunchiligining prinsiplari etib belgilandi.

Yangi Bojxona kodeksini ishlab chiqish prezident Shavkat Mirziyoyevning bojxona xizmatini isloh qilish toʻgʻrisidagi farmonida koʻzda tutilgan edi. Dastlab yangi tahrirni oʻtgan yilning noyabrigacha ishlab chiqish rejalashtirilgan edi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?