Yangi binolarda zarur xizmatlar koʻrsatiladi

11:38 23 Avgust 2019 Jamiyat
114 0

Toshkent viloyati Chirchiq shahar va Toshkent tumanida davlat xizmatlari markazining yangi binosi foydalanishga topshirildi.

Aholining davlat xizmatlariga boʻlgan ehtiyojini qanoatlantirish maqsadida tashkil etilgan ushbu binolar milliy va zamonaviy arxitektura uslublari uygʻunlashgan. Endilikda bu yerda jismoniy va yuridik shaxslarga 100 dan ortiq — notarius, fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish, kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish, tadbirkorlik subyektlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish, turli faoliyat turlari boʻyicha litsenziyalar berish kabi davlat xizmatlari koʻrsatiladi. Buning uchun barcha qulayliklar yaratilgan.

— Bunday sharoitda ishlash xodimlar uchun ham, markaz xizmatidan foydalanishga kelgan fuqarolar uchun ham oʻzgacha kayfiyat ulashadi, — deydi Toshkent tumani davlat xizmatlari markazi direktori Farrux Husanboyev. — Ikki qavatli koʻrkam imorat endilikda aholining serqatnov maskaniga aylanishi tabiiy. Zero, markazimiz bir vaqtning oʻzida 23 ta qabul oynasida murojaatchilarga xizmat koʻrsata oladi. Elektron navbat, kutish zali, tibbiyot xonasi, bolalar maydonchasi ham tashkil etildiki, bu fuqarolarimiz uchun ayni muddaodir.

Davlat xizmatlari agentligi Toshkent viloyati boshqarmasi maʼlumotiga koʻra, har ikkala bino viloyat hokimligi tashabbusi bilan moliyalashtirilgan. Markazlarning oʻziga xos jihati shundaki, bu yerda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining Tadbirkorlar murojaatlarini koʻrib chiqish qabulxonasi ham joylashgan. Endilikda hudud tadbirkorlarining muammolar va takliflari shu yerda qabul qilinadi va koʻrib chiqiladi.

Rahim SHERQULOV


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?