“Yangi Alpomishlar, yangi Barchinoylar paydo boʻladi” — besh tashabbusning ikkinchi yoʻnalishi hayotga tatbiq etilmoqda

11:13 21 Fevral 2020 Sport
265 0

Yaqinda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida “Yoshlarni jismoniy chiniqtirish va sport sohasida oʻz qobiliyatini namoyon qilishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratish” mavzusida matbuot anjumani boʻlib oʻtdi. Unda Prezidentimiz ilgari surgan 5 tashabbusning II yoʻnalishida belgilangan vazifalar ijrosi muhokama qilindi.

Xususan, “Quvnoq startlar” musobaqasi doirasida Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan oʻquv dastur ishlab chiqilib, televizion koʻrsatuvlarda respublika umumtaʼlim maktab jamoalari oʻrtasida bellashuvlar oʻtkazilayotgani qayd etildi. Ushbu musobaqaning birinchi bosqichi 2019-yilning noyabr va dekabr oylarida oʻtkazildi. Unda 1 906 632 nafar oʻquvchi ishtirok etgan. Shundan 953 316 nafarini qizlar tashkil etgan. Ikkinchi (tuman/shahar) bosqichi joriy yilning yanvar-fevral oylarida tashkil etilgan boʻlib, uchinchi bosqich mart oyida oʻtkazilishi maʼlum qilindi.

Taʼkidlanishicha, Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan fevral-mart oylarida “5 tashabbus Navroʻzda” festivalini oʻtkazish belgilangan. Mazkur festival doirasida “Bolalar spartakiadasi” milliy va harakatli sport oʻyinlari oʻtkazilishi koʻzda tutilgan.

Tadbirda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi mutasaddilari sohaga doir amaliy ishlar toʻgʻrisida toʻxtalib oʻtdi.

“Vazirligimiz tomonidan tashkil etilayotgan “Sport doim yutadi” musobaqasi chekish, alkogol mahsulotlari va giyohvandlik moddalarning isteʼmol qilinishiga qarshi kurashish maqsadida sportning futbol, shaxmat-shashka, basketbol, stol tennisi, armrestling turlari boʻyicha ommaviy sport musobaqalari oʻtkazishga qaratilgan, — dedi boshqarma boshligʻi Umid Rajabov. — Loyiha doirasida 2019-yilning dekabr oyi va 2020-yilning yanvar oyi davomida respublikamiz miqyosida 3765 ta sport musobaqasi va ommaviy-sport tadbirlari oʻtkazilib, ularda 1 232 105 nafar ishtirokchi qatnashdi. Jumladan, 536 167 nafarini xotin-qizlar tashkil etdi”.

Vazirlik vakili Jamshid Muhammadiyev soʻzlariga koʻra, “Mashhur sportchilar bilan maktab oʻquvchilarining uchrashuvlarini tashkil etish” loyihasi doirasida yuqori natijalarga erishgan sportchilar ishtirokida mahallalarda 561 dan ziyod davra suhbati va uchrashuvlar oʻtkazilgan.

Umumtaʼlim maktablarining sport inshootlarida oʻqituvchilar tomonidan 7 yoshdan 18 yoshgacha boʻlgan oʻquvchilar oʻrtasida soat 16:00 dan 21:00 ga qadar sport toʻgaraklari (darsdan tashqari) faoliyati yoʻlga qoʻyilgani taʼkidlandi.

Mutasaddilar aholini, ayniqsa xotin-qizlarni jismoniy tarbiya

va sportga jalb etish maqsadida mahalla, qishloq, istirohat bogʻlar, korxona hamda muassasalarda ertalabki ommaviy badantarbiya mashqlari oʻtkazilayotganini aytib oʻtdi. Ushbu badantarbiya mashqlarida respublika boʻyicha aholining 21 foizi ishtirok etayotgani eʼtirof etildi.

Matbuot anjumani yakunida ushbu keng koʻlamli ishlar, yaratilayotgan sharoitlar natijasida mamlakatimizda ham jismonan, ham maʼnaviy jihatdan barkamol timsollar — yangi Alpomishlar, yangi Barchinoylar paydo boʻlishiga umid bildirildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?