“Yandeks” internet servislarini Oʻzbekiston bozorida mahalliylashtirmoqchi

19:23 28 Fevral 2019 Iqtisodiyot
449 0

Illyustrativ foto

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligida Rossiyaning “Yandeks” kompaniyasi bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining birinchi oʻrinbosari O. Umarov kompaniyaning IT-sanoati hamda zamonaviy internet servislar va yechimlar ishlanmalari sohasidagi koʻp yillik ish tajribasini alohida eʼtirof etdi.

“Yandeks” kompaniyasi vakillari kelgusida ham oʻzaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Uchrashuv doirasida Oʻzbekiston bozorida “Yandeks” internet servislarini mahalliylashtirish, servislardan yaxshiroq foydalanish uchun CDN-serverlarni joylashtirish yoʻnalishlaridagi hamkorlik istiqbollari muhokama etildi.

Taʼlim va malaka oshirish sohasidagi hamkorlik, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent Axborot texnologiyalari universiteti va Toshkent shahridagi Inha universiteti bilan IT sohasidagi taʼlim dasturlarini yaratish boʻyicha hamkorlik masalalari alohida koʻrib chiqildi.

Muzokaralar natijalariga koʻra, 2019-2020-yillarda hamkorlikni jadallashtirish yuzasidan “Yoʻl xaritasi”ni yaqin vaqt ichida birgalikda ishlab chiqishga kelishib olindi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?