Yana jetonlar masalasi: Parlament soʻrovi nega kun tartibidan chiqarildi?

11:47 29 Oktyabr 2019 Jamiyat
296 0

Qonunchilik amaliyotida davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlarining mansabdor shaxslariga qonunlar, davlat dasturlari hamda ularning vakolatlariga kiradigan muhim masalalar yuzasidan Parlament soʻrovi yuborish tartibi mavjud.

Parlament soʻrovi tashabbuskorlari zaruratga qarab, soʻrov natijalari boʻyicha berilgan javobni maromiga yetkazish uchun qaytarib yuborishi yoki davlat, xoʻjalik boshqaruvi organlarining mansabdor shaxsi hukumat aʼzosi boʻlgan taqdirda uni isteʼfoga chiqarish toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga taklif kiritishi mumkin.

“2017–2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi”da transport sohasida davlat boshqaruvini takomillashtirish yuzasidan belgilangan topshiriq boʻyicha transport, shu jumladan, havo, temir yoʻl, avtomobil transporti va metropoliten sohasini davlat tomonidan boshqarish boʻyicha yagona davlat tarif siyosatini amalga oshirish, sohada davlat xususiy sherikchilikni joriy etish, bir soʻz bilan aytganda, transport vositalaridan foydalanishda aholiga qoʻshimcha qulayliklar yaratilishi lozim edi.

Mazkur Dasturda transport sohasidagi davlat, xoʻjalik boshqaruvi organlari mansabdor shaxslariga yuklatilgan yuqorida keltirilgan masʼuliyatning ijrosi tahlillariga bagʻishlab Oʻzbekiston “Adolat” sotsial demokratik partiyasining Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi aʼzosi, Sanoat, qurilish va savdo masalalari qoʻmitasi aʼzosi Yormamat Xoliyarov tomonidan “Toshkent metropoliteni jetonlardan qachon voz kechadi?” sarlavhali maqolasi eʼlon qilingan edi.

Xoʻsh, transport sohasidagi davlat, xoʻjalik boshqaruvi organlari mansabdor shaxslari mazkur maqolaga qanday munosabatda boʻlishdi?

Taʼkidlash lozim, maqolada bildirilgan masalalar jamoatchilik oʻrtasida keng muhokamaga sabab boʻldi va mutasaddi vazirlik va idoralar harakatga tushdi, mazkur masalaga Hukumat ham eʼtibor qaratdi.

Ushbu masalani Bosh vazir oʻz nazoratiga oldi va taalluqli boʻlgan vazirliklarga topshiriqlar berilib, ishchi guruhi tuzildi. Ishchi guruh zimmasiga Yevropaning yetakchi mamlakatlari transport tarmoqlarida amal qilayotgan elektron toʻlov tizimini joriy etish boʻyicha taklif kiritish yuklatildi va bu borada amaliy harakatlar boshlandi.

Natijada Toshkent metropolitenining Chilonzor yoʻnalishidagi Olmazor, Chilonzor, Mirzo Ulugʻbek, Paxtakor, Buyuk ipak yoʻli bekatlarida, Oʻzbekiston yoʻnalishidagi Doʻstlik, Toshkent, Oʻzbekiston, Alisher Navoiy, Chorsu, Beruniy bekatlarida va Yunusobod yoʻnalishidagi barcha bekatlariga HUMO pul toʻlov kartalari orqali yoʻlkira haqini toʻlashni amalga oshirish imkonini yaratuvchi tizim oʻrnatildi.

Mazkur harakatlar faqat Toshkent shahridagi metro faoliyati bilan chegaralanib qolayotgani, mamlakatimizdagi boshqa jamoat transportlarida hamda hududlarimizda aholiga transportdan foydalanishda qulayliklar joriy etilishi kechikayotgani sababli deputatlar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Transport vaziriga Parlament soʻrovi tayyorlandi.

Ammo Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi tomonidan joriy yilning 26-oktyabrida bildirilgan maʼlumotlarga koʻra, 2020-yilning 1-yanvaridan Oʻzbekiston Respublikasida jamoat transporti uchun aloqa tizimiga ulanmagan yagona elektron toʻlov tizimi joriy etilishi belgilangan. Bu, oʻz oʻrnida, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Parlament soʻrovini kun tartibidan chiqarishiga asos boʻldi.

Maʼlumotda hajm jihatidan bank plastik kartasiga oʻxshash aloqa tizimiga ulanmagan chipta yordamida mamlakatimizning barcha shaharlarida har qanday transport turida toʻlovni amalga oshirish vositasi va tizimi yaratilgani bildirildi.

Bunda chiptani davlat xizmatlari markazlaridan oʻttiz ming soʻmga sotib olgan holda, uni mobil telefondagi ilova yoki bank plastik kartasi orqali mablagʻ bilan toʻldirib borish mumkin va metro bekatlaridagi turniketlar ham ushbu tizim uchun moslashtiriladi.

Chiptalar pensionerlar, talabalar va oʻquvchilar uchun, imtiyozli chipta hamda umumiy yagona transport chiptasi boʻlishi mumkin.

Eʼtibor qiling, Davlat dasturida davlat organi, xoʻjalik boshqaruv organi mansabdor shaxsiga yuklatilgan vazifa ijrosi yuzasidan deputatlarning Toshkent metropolitenida qoʻllanib kelinayotgan jetonlardan voz kechish yoʻnalishidagi munosabatlari rejalangan tadbirlarning ijrosini jadallashtirishga sabab boʻldi.

Muhimi, jamoatchilik kundalik hayotimizda eʼtibordan chetda qolayotgan yoki belgilangan vazifalar ijrosida davlat organi, xoʻjalik boshqaruv organi mansabdor shaxslariga yuklatilgan vazifalar va vakolatlari ijrosini nafaqat nazorat qilish, balki zarur boʻlganda, kerakli taʼsir chorasi bilan samarali mexanizm joriy etilayotganining guvohi boʻldi.

Xulosa oʻrnida deputatlarimiz bir maqsad, yaʼni mamlakatimiz iqtisodiyotini yanada rivojlantirish yoʻlidagi faolligini endi hech qachon susaytirmasliklarini bildirib oʻtmoqchiman.

Yormamat Xoliyarov,

Oʻzbekiston “Adolat” sotsial demokratik

partiyasi fraksiyasi aʼzosi, Sanoat, qurilish va

savdo masalalari qoʻmitasi aʼzosi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?