Yana bir ziyo maskani — isteʼmolchilar ixtiyorida

12:15 06 Iyul 2020 Jamiyat
651 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan joriy yilning 28-may kuni oʻtkazilgan iqtisodiyotda raqobat muhitini taʼminlash va isteʼmolchilar huquqini himoya qilish borasidagi ustuvor vazifalar muhokamasiga bagʻishlangan yigʻilishda belgilab berilgan vazifalardan kelib chiqib, Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi tomonidan aholining isteʼmol madaniyatini oshirish, tuman va shaharlarda kutubxona xizmati koʻrsatish tizimini tashkil etish, aholi, ayniqsa yoshlar orasida huquqiy va badiiy jihatdan yuksak, intellektual saviyani oʻstirishga xizmat qiladigan siyosiy va badiiy adabiyotlar, zamonaviy “Book cafe” hamda bepul WiFi tizimi bilan taʼminlangan “Isteʼmolchi kutubxonasi”ni qurish loyihasi doirasida Buxoro viloyatining Olot tumanida zamonaviy “Isteʼmolchilar uyi” va “Isteʼmolchi kutubxonasi” qisqa muddat ichida qurib bitkazildi.

Zamonaviy kutubxonaning umumiy maydoni 180 kvadrat metrdan iborat boʻlib, jami 3 qavatni tashkil etadi. Ziyo maskani 1.5 milliard soʻm evaziga barpo etildi. Kutubxona yuqori tezlikdagi internet va zarur adabiyotlarni topish va xarid qilish imkonini beruvchi “eReader” elektron oʻquv qurilmasi bilan taʼminlangan. Hozirda “Isteʼmolchilar kutubxonasi” tuman hokimligi tomonidan ilmiy, badiiy, tarixiy asarlardan iborat 5 mingdan ortiq kitob fondi bilan boyitildi.

Endilikda mazkur binoda aholi va yoshlar bandligini taʼminlash, kichik biznesni rivojlantirish maqsadida, 2 nafar Yosh tadbirkorlar uchun ham alohida xona ajratildi. Ular 10 nafardan ortiq kasb-hunarga qiziquvchi yigit-qizlarni ish oʻrinlari bilan taʼminlashni maqsad qilingan. Tadbirkorlikka qiziquvchilar uchun Haftaning har juma kuni marketologiya darslari onlayn tarzda tashkil etiladi. Shu bilan birga binoda bank filiali, xizmat koʻrsatish shoxobchasi va Olot tumani Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati faoliyat yuritadi.

Ochilish tadbirida shaxsan Federatsiya raisi Jahongir Sarimsoqov xam ishtirok etib, Olot xalqini ushbu bino topshirilishi va zamonaviy axborot-kutubxona markazi yaratilganligi bilan tabrikladi. «...Maʼnaviyat daraxti qurib qolmasligini istar ekanmiz, albatta, tomirlari kitob orqali obi hayot ichishini unutmasligimiz kerak!» - deydi Federatsiya raisi oʻz nutqida.

“... Bunyod etilgan ushbu maskan, aholimiz ayniqsa, yoshlarimiz uchun katta imkoniyat eshigi. Bu kutubxona xar tomonlama farzandlarimiz bilim olishlarida, ularning isteʼmolchi sifatidagi bilimlarini boyitishga yordam beradi. Tumanimizda bu kabi bino qad rostlashi biz ota-onalarni xam xar tomonlama quvontirdi.” - deydi Olot tumanida yashovchi fuqaro Xabiba Halimova.

Yana bir fuqaro Nozim Boboyev: «...Bitta zaruriy darslik yoki adabiyotni izlab topishga bir necha kun vaqtimiz ketardi. Albatta bepul foydalanishimiz mumkin boʻlgan ushbu islohot, bizga ajoyib sovgʻa boʻldi. Kitobxonlikni rivojlantirish orqali farzandlarimizni turli yod gʻoyalardan asragan boʻlamiz.» –deya oʻz fikri bilan oʻrtoqlashdi.

Maʼlumot oʻrnida aytadigan boʻlsak, 2019-yil davomida Federatsiya tomonidan “Isteʼmolchi kutubxonasi” va “Isteʼmolchilar uyi”ning 9 nafari qurib bitkazildi. Joriy yilda esa jami 21 nafar shu kabi barcha qulayliklarga ega majmua isteʼmolchilarga taqdim etilishi maqsad qilingan.

Manija Bahriyeva,
Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini
himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi
bosh 
mutaxassisi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?