Yana bir xususiy bandlik agentligi faoliyati toʻxtatildi. U fuqarolarni aldab, jami 633 mln. soʻm olgan va oʻzlashtirib yuborgan

13:54 25 Noyabr 2019 Jamiyat
109 0

Illyustrativ foto

Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi “Navoiy xususiy bandlik agentligi” MCHJga 2019-yil 14-fevralda berilgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini xorijda ishga joylashtirish faoliyati bilan shugʻullanishga ruxsat etuvchi 0039-sonli litsenziya toʻxtatganligini maʼlum qiladi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Aniqlanishicha, “Navoiy xususiy bandlik agentligi” MCHJ mansabdor shaxslari xorijda ishga joylashish istagida agentlikka murojaat qilgan jami 211 nafar fuqaroni Janubiy Koreya Respublikasida malaka talab qilinmaydigan boʻsh ish oʻrinlariga ishga yuborish, ularga 2 ming AQSH dollari miqdorida oylik ish haqi berilishiga ishontirib, firibgarlik yoʻli bilan ularning har biridan 3 mln. soʻmdan jami 633 mln. soʻm olib, pul mablagʻlarini oʻzlashtirgan va belgilangan muddatda fuqarolarni ishga yubormagan.

Shunga koʻra, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 12-sentyabrdagi 725-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Oʻzbekiston Respublikasidan tashqarida ish izlayotgan shaxslarni ishga joylashtirish boʻyicha faoliyatni litsenziyalash tartibi toʻgʻrisida”gi Nizomining 45 va 46-bandlariga muvofiq, “Navoiy xususiy bandlik agentligi” MCHJ litsenziyasini toʻxtatish toʻgʻrisida qaror qabul qildi.

Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining Koreya Respublikasidagi vaqtinchalik mehnat faoliyatini yoʻlga qoʻyish ikki davlat Mehnat vazirligi tomonidan imzolangan Anglashuv memorandumi asosida amalga oshiriladi. Unga koʻra, Ye9 viza bilan fuqarolarni Koreya Respublikasiga ishga joylashtirish vakolati faqatgina Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi zimmasiga yuklatilgan. Koreya Respublikasida ishga joylashtirish xususiy bandlik agentliklari vakolatiga kirmaydi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?