Yana 20 ta davlat uchun vizasiz rejim, “Ochiq osmon”, “Oʻzbekiston turistik magistrali”... Yurtimizda turizm sohasi yanada rivojlantiriladi

17:49 13 Avgust 2019 Jamiyat
110 0

Davlatimiz rahbari tomonidan “Oʻzbekiston Respublikasida turizm sohasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmon qabul qilindi. Mazkur hujjat asosida yurtimizga xorijdan tashrif buyuruvchi turistlar uchun yana qator qulayliklar yaratish belgilab berildi.

Xususan, 2020-yil 1-yanvaridan Oʻzbekistonda yana 20 ta davlat fuqarolari uchun 30 kun muddatga vizasiz rejim joriy etiladi. Quyida ushbu mamlakatlar roʻyxati bilan tanishishingiz mumkin:

1. Antigua va Barbuda

2. Barbados

3. Beliz

4. Grenada

5. Dominik Respublikasi

6. Meksika

7. Gvatemala

8. Gonduras

9. Kosta-Rika

10. Kuba

11. Nikaragua

12. Panama

13. Trinidad va Tobago

14. Salvador

15. Sent-Vinsent va Grenadinы

16. Sent-Lyusiya

17. Bagam Orollari

18. Dominika

19. Sent-Kits va Nevis

20. Yamayka

Oʻz navbatida Transport vazirligi va Turizm rivojlantirish davlat qoʻmitasining 2019-yil 1-oktyabrdan boshlab, “Qarshi”, “Nukus” va “Termiz” xalqaro aeroportlarida “beshinchi havo erkinligi”dan foydalangan holda, shuningdek, “Buxoro” aeroportida xorijiy davlatlar fuqarolarini tashishda “beshinchi havo erkinligi»ni qoʻllagan holda, xalqaro huquq normalariga muvofiq, “Ochiq osmon” rejimini joriy etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berildi.

Transport vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda ikki oy ichida “Ochiq osmon” rejimi joriy etiladigan xalqaro aeroportlarning roʻyxati toʻgʻrisida xorijiy davlatlar aviakompaniyalari va xorijiy aviatashuvchilarga, shu jumladan diplomatik kanallar orqali maʼlumot taqdim etishi kerak.

Shuningdek, Andijon viloyati, Xonobod shahridan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Moʻynoq shahrigacha, Surxondaryo viloyatining Termiz shahriga alohida yoʻnalish ochgan holda, avtomobil yoʻllari boʻylab yoʻlboʻyi infratuzilmasi va turistik xizmatlar rivojlanishini taʼminlaydigan “Oʻzbekiston turistik magistrali” turistik transport yoʻlagini yaratish boʻyicha takliflariga rozilik berildi.

“Oʻzbekiston turistik magistrali” transport yoʻlagi boʻylab avtomobil yoʻllari va yoʻlboʻyi infratuzilmasining holatini oʻrganish boʻyicha ishchi guruh tuziladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?