Yan Xelfer: “Oʻzbekistonda nemis tilini oʻrganuvchilar boshqa mamlakatlarga nisbatan ancha koʻp. Boisi...”

16:54 29 May 2019 Jamiyat
450 0

Gyote deganda olmon tilining goʻzalligini asarlarida namoyon etib, jahon adabiyotida ulkan adabiy xazina qoldirgan ulugʻ yozuvchi gavdalanadi koʻz oldimizda. Uning asarlari dunyoning deyarli barcha tillariga tarjima qilingan. Bugun jahonning 90 ta davlatida 150 ta filiali mavjud boʻlgan yirik nemis tilini oʻqitish muassasaning Gyote nomi bilan yuritilishi ham bejizga emas. Poytaxtimizda filial esa 1998-yildan buyon faoliyat koʻrsatadi. Bu dargohning asosiy vazifasi nemis tilini oʻrgatish va ushbu til oʻqituvchilarining malakasini oshirishdan iborat.

— Toshkentdagi Gyote instituti boshqa filiallarga nisbatan koʻp jihatdan farq qiladi. — deydi muassasaning Toshkent shahridagi boʻlim rahbari Yan XELFER. — Masalan, tashkilotimizdagi multifiksional kutubxonada madaniyat, adabiyot va til sohasida turli tadbirlar anʼanaviy tarzda oʻtkazilishini aytishimiz mumkin. Kutubxonadan foydalanish bepul va bu uchun foydalanuvchilar nemis tilini bilishi shart emas. Bu yerda turli tillarda adabiyotlar mavjud. Shuningdek, yaqinda Toshkent shahar hokimiyati bilan hamkorlikda Gyote nomida bogʻ barpo etdik. Umuman olganda, Oʻzbekistondagi nemis tilini oʻrganuvchilar soni toʻrt mingdan oshiq boʻlib, sakkizdan oʻn sakkiz yoshgacha boʻlgan yoshlar ularning 75 foizini tashkil etadi va kurs qatnashchilarining soni va yoshi jihatdan boshqa mamlakatlarga qaraganda yuqori sanaladi.

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Germaniyaga safari chogʻida madaniyat sohasi boʻyicha suhbatlarda ishtirok etish baxtiga muyassar boʻlganman. Gyote instituti yurtingizdagi nemis tili va madaniyati markazi sifatida hamkorlik munosabatlarining uzviy bir qismi desak ayni haqiqat. Taʼkidlash joizki, bugungi kunda mamlakatingizdagi 13 ta maktab bilan amaliy munosabatlar oʻrnatganimiz va shu orqali olti mingdan ortiq oʻquvchilarni qamrab olganmiz. Institut har yili yigirma besh nafar oʻquvchi va saksonta oʻqituvchiga stipendiya ajratadi.

Yoshlardagi liderlik, bahs-munozaraga kirishuvchanlik, qolaversa, til borasidagi qobiliyatlarini rivojlantirish maqsadida barcha davlatlardagi hamkor oʻquv dargohlarimiz oʻrtasida maxsus loyihalar joriy qilganmiz. “Ekologik maktab” deb ataladi va unda oʻquvchilar oʻqituvchilari bilan birgalikda maktab hududi va atrofidagi ekologik muammolarning yechimi toʻgʻrisida xulosalar tayyorlaydilar. Taqdim etilgan ishlanmalar institut saytida eʼlon qilinadi va hakamlar tomonidan gʻolib deb topilgan jamoa taqdirlanadi. Bu yil Urganchdagi 2-akademik litseyi jamoasi muvaffaqiyat qozondi va Germaniyada oʻtkaziladigan Xalqaro ekologik forumiga yoʻllanmani qoʻlga kiritdi.

Bundan tashqari, “Maktablar kelajagimiz” loyihasini ham joriy etyapmiz. Unga koʻra oʻquvchilarning mantiqiy fikrlashi va tilga qiziqishlarini oshirish boʻyicha treninglar oʻtkaziladi.

Hozirgi kunda oʻquv dargohimizni yanada rivojlantirish maqsadida bir necha yangi gʻoyalar xususida oʻylamoqdamiz. Ulardan biri — raqamli taʼlim. Yaʼni, matematika va informatika boʻyicha ham yoshlarga taʼlim berib, Germaniyada bilim va koʻnikmalarini oshirishga koʻmaklashishni koʻzlab turibmiz.

Muassasamiz orqali nemis tili va madaniyatini dunyoga yoyishda maʼlum qadar hissa qoʻshayotganimizdan xursandmiz. Bu islohotlar kelgusida ikki davlatning madaniy aloqalari, doʻstlik rishtalari yanada mustahkamlanishiga zamin yaratadi.

Yulduz OʻRMONOVA suhbatlashdi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?