Yakunlanayotgan yil haqida Oʻzbekiston aholisi qanday fikrda?

11:26 24 Dekabr 2018 Jamiyat
917 0

Sanoqli kunlardan soʻng 2018 yil tarixga aylanadi. U Oʻzbekiston fuqarolari hayotida qanday iz qoldirdi, odamlar Faol tadbirkorlik, innovatsion gʻoyalar va texnologiyalarni qoʻllab-quvvatlash yilida mamlakatda erishilgan sotsial-iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy taraqqiyot haqida nimalar demoqda? “Ijtimoiy fikr” jamoatchilik fikrini oʻrganish markazi tomonidan oʻtkazilgan navbatdagi tadqiqotda ana shu savollarga javob izlandi.

Unda respublikamizning barcha hududidan hamyurtlarimiz, turli yosh, kasb, millat vakillari ishtirok etdi. Umuman, ijtimoiy soʻrov shuni koʻrsatdiki, oʻtayotgan yil barqaror va muvaffaqiyatli kechdi.

Toʻsiqlarsiz biznes
Respondentlarning 87,4 foizi Oʻzbekistonda iqtisodiy faollik sifatli oʻsishining yangi davri boshlangan, deb hisoblashadi. Ularning fikricha, bu boradagi tub ijobiy oʻzgarishlar, birinchi navbatda, mamlakat Prezidenti faoliyati, davlat rahbari tomonidan ilgari surilgan iqtisodiy va siyosiy islohotlar bilan bogʻliq.

Bu zamonaviy tahdidlar va xatarlarga javob berish, har bir fuqaro, butun jamiyat manfaatlari amalga oshirilishini taʼminlashga qodir davlat boshqaruvi tizimini yaratishga xizmat qildi.

Soʻrovda qatnashganlarning 82,1 foizi ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, maʼmuriy toʻsiqlarni yoʻqotish, xususiy tadbirkorlikning jadal ravnaqi yoʻlidagi gʻovlarni olib tashlash, innovatsion gʻoyalar va texnologiyalarni tatbiq etish boʻyicha roʻyobga chiqarilayotgan kompleks chora-tadbirlar muhim ekanligini taʼkidlashdi.

Qonun ustuvorligi
Oʻzbekistonliklarning 96,3 foizi sud-huquq tizimini isloh qilish, fuqarolar huquq va erkinliklarini himoyalash, aholining huquqiy madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan chora-tadbirlarni qoʻllab-quvvatlaydi hamda maʼqullaydi. Xususan, ozodlikdan mahrum etish jazosini oʻtayotgan, qilmishiga chin koʻngildan pushaymon boʻlgan hamda tuzalish yoʻliga qatʼiy oʻtgan bir guruh shaxslar, jumladan, yoshlar va ayollar Yoshlar ittifoqi, mahallalar va xotin-qizlar qoʻmitalari kafilligi bilan jazodan ozod etildi. Fuqarolarning fikricha, mazkur oʻzgarishlar oʻzbek xalqiga xos boʻlgan insonparvarlik fazilatlariga mos keladi, bu rahm-shafqatga muhtoj insonlarga olijanoblik koʻrsatishga boʻlgan intilish namunasidir.

Kuchli ijtimoiy himoya
Uy-joylar qurish, shahar va qishloqlarni obod qilish, aholining qulay turarjoylarga boʻlgan ehtiyojini imtiyozli kreditlar berish yoʻli bilan taʼminlash joriy yil ijtimoiy sohada qoʻlga kiritilgan eng muhim yutuqlardandir. Yurtdoshlarimizning 81,4 foizi ana shunday fikr bildirgan.

Tadqiqotda ishtirok etganlarning 78,1 foizi amalga oshirilayotgan “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari aholining uy-joy hamda sotsial muammolarini hal etishga turtki berganini aytib oʻtdi. Suv taʼminoti, yoʻllar, elektr tarmoqlari, gaz quvurlarini qurish, taʼmirlash, hududlarni obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish, bolalar bogʻchalari, maktablar, tibbiyot, sport, madaniyat muassasalarini rekonstruksiya qilish, taʼmirlash shular jumlasidandir.

Fuqarolar aholini ijtimoiy muhofaza qilish, ehtiyojmand oilalar, imkoniyati cheklangan insonlarga moddiy yordam koʻrsatish tizimini takomillashtirish boʻyicha qabul qilinayotgan chora-tadbirlarni ijobiy baholashyapti.

Respondentlarning 61,8 foizi xotin-qizlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularning iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy faolligini oshirish, huquq hamda manfaatlarini taʼminlashga qaratilgan ishlar natijalariga yuqori baho berishdi. 54,4 foizi esa 2018 yilda ularning moddiy ahvoli yaxshilangani, oila byudjetiga pul tushumlarining umumiy hajmi oʻsganini qayd etdi. Tadqiqotga koʻra, oʻzbekistonliklarning daromadi oylik ish haqlari (78,2 foizi), pensiya koʻpayishi (53,3 foizi), tomorqasida yetishtirgan hosili, chorva mollari, parrandalari, sut mahsulotlarini sotishdan olgan foydasi (50,2 foizi), tadbirkorlik, fermerlik faoliyatidan olingan daromadlarining oʻsishi (26,2 foizi) hisobiga ortgan.

Tadqiqotda yana shu ayon boʻldiki, oʻtayotgan yilda daromadlar qatori fuqarolarning xarajatlari va ehtiyojlari ham oshgan. Odamlar taʼlim olish, sogʻligʻini asrab-avaylash, madaniy tadbirlarga borish, shuningdek, oilaviy marosimlar oʻtkazishga koʻproq mablagʻ sarflay boshlagan. Ayni chogʻda oziq-ovqat mahsulotlari, dori-darmon sotib olish, kommunal xizmatlar uchun toʻlovlar, davolanish, OTMda oʻqishga kontrakt toʻlash xarajatlari koʻpaygan.

Taʼlim
2018 yilda taʼlimning barcha boʻgʻinidagi muammolarni hal etish, jamiyatda pedagoglar maqomi, ularning ijtimoiy va huquqiy himoyasini mustahkamlashga qaratilgan samarali chora-tadbirlar bajarildi. Respondentlar fikri shunday.

Hamyurtlarimiz taʼlim-tarbiya jarayonlariga zamonaviy va innovatsion pedagogik uslublar, shuningdek, AKTni joriy etish, oʻquv dasturlari, kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish, ilm-fan hamda ishlab chiqarish integratsiyasini kengaytirish boʻyicha tashlanayotgan qadamlarni qoʻllab-quvvatlaydi. Qolaversa, ular yurtimizda yangi oliy oʻquv yurtlari, xorijdagi mashhur universitetlar filiallari ochilayotgani, qabul kvotalari koʻpaytirilgani, turli yoʻnalishlarda sirtqi boʻlimlar tashkil qilinganini ijobiy holat sifatida eʼtirof etishdi.

Pragmatik tashqi siyosat
“Oʻzbekistonning jahon hamjamiyatidagi nufuzi oshishi, xorijiy davlatlar bilan oʻzaro foydali va konstruktiv hamkorlikning har tomonlama rivojlantirilishi joriy yil tashqi siyosat sohasida erishilgan asosiy muvaffaqiyatlardir”, — deya fikr bildirgan fuqarolarning 88,9 foizi. Respondentlar Prezidentimizning qoʻshni mamlakatlar, dunyodagi yetakchi davlatlar rahbarlari, BMT, MDH, SHHT, IHT kabi nufuzli xalqaro tashkilotlar bilan faol muloqotni yoʻlga qoʻyish boʻyicha tashabbuslarini yuqori baholashmoqda. Oʻzbekistonning yaqin va uzoq xorijdagi davlatlar bilan savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar, ilmiy-texnik sohalardagi hamkorligi kengayib borayotir.

Soʻrovdan maʼlum boʻldiki, jamiyatda millatlararo hamda dinlararo bagʻrikenglik oʻsib boryapti. Ishtirokchilarning 99,2 foizi davlat siyosati millatlararo va fuqarolar oʻrtasidagi hamjihatlikning asosi, deb biladi.

Odamlarni nima tashvishga solmoqda?
Tadqiqot davomida eng dolzarb muammolar ham aniqlandi. Misol uchun, soʻrovda qatnashganlarning 62,7 foizi bandlik va ishga joylashish, samarali mehnat bozorini yaratish masalalarini yechishni kuchaytirish lozim, deb hisoblaydi. Aholining uchdan bir qismini kommunal xizmatlarga belgilangan yuqori narxlar, migratsiya darajasining oʻsishi, ichimlik suvidan foydalanish imkoniyatining cheklanganligi tashvishga solayotir.

Umuman olganda, jamoatchilik fikrini oʻrganish boʻyicha oʻtkazilgan tadqiqotga koʻra, mamlakat aholisining aksariyati, yaʼni 95,6 foizi Prezident Shavkat Mirziyoyev olib borayotgan islohotlarni maʼqullaydi va qoʻllab-quvvatlaydi. Zero, ular mamlakatni yanada rivojlantirish hamda yangilash, jamiyatda oʻzaro hurmat, millatlararo va fuqarolar oʻrtasidagi hamjihatlik muhitini yaratish, har bir fuqaro huquqlari hamda manfaatlarini himoya qilishga qaratilgandir.
“Ijtimoiy fikr” jamoatchilik fikrini oʻrganish markazi materiallari asosida
S. QOSIMJONOV tayyorladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?