Yakkabogʻ tuman hokimi o'rinbosarini yoqib yuborgan tadbirkorning oʻgʻli: “Bizga muruvvat kerak emas, dadam qamoqdan chiqsa boʻldi...”

18:51 27 Avgust 2019 Jamiyat
626 0

Ahad Muhammadiyev- “Xalq soʻzi”-onlayn. Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda katta shov shuvga sabab boʻlgan Yakkabogʻ tumanidagi tadbirkorning doʻkoni mahalliy hokimlik masʼullari tomonidan qanday buzilgan boʻlsa, shunday qaytadan tiklab berildi. Ammo hokimiyat tomonidan qayta taʼmirlandi, degan iddaolar oʻz isbotini topmadi.

Tadbirkor Bahriddin Isamovning oʻgʻli Sharofiddinning xabar qilishicha, voqeadan ikki kunlar keyin tuman hokimi oʻrinbosari boshchiligidagi odamlar kelib doʻkonning majburiy buzilishini aytib, ust qoplamasi va eshik romlarini qoʻporib tashlagan edi. Odamlarning qattiq noroziligiga olib kelgan keyingi voqealar hukumat darajasida koʻrib chiqilib, bu ishlar noqonuniy ekanligi aniqlandi va adolat qayta tiklandi.

Ammo suhbatdoshimiz Sharofiddinning taʼkidlashicha hali adolat toʻliq tiklangani yoʻq.

-Kimdir doʻkonimizni hokimiyatdan kelib taʼmirlab berishdi, degan gaplarni tarqatibdi, -deydi u. –Aslida hokimiyat odamlari oʻzlari buzgan narsalarni joyiga qoʻyishdi, xolos. Qolganini, yaʼni doʻkon fasadi va pardozlash ishlarini oʻz hisobimizdan 20 million soʻmga yaqin mablagʻ sarf etib, amalga oshirdik.Oʻsha kunlarda bizning mulkimizga katta zarar yetdi, albatta. Qayta tiklab boʻlmaydigan narsalarni endi sud orqali undirishimizga toʻgʻri keladi. Umuman, bizga hokimiyatning muruvvati kerak emas, oʻzimizning kuchimiz yetadi. Faqat hozir tergov ishlari davom etayotgani uchun otamizni ehtiyot chorasi sifatida hibsxonada ushlab turishibdi. Padari buzrukvorimiz uyga qaytsa, shu yerdan turib ham tergov ishlarida ishtirok etsa, adolatdan boʻlar edi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?