Yaxshisini oshirib, yomonini yashirib yashashdan kim manfaatdor?

12:20 28 Iyun 2018 Jamiyat
871 0

Yoxud beparvolik va loqaydlikning noxush oqibatlari xususida.

Xalq bilan davlat o‘rtasida ishonchli ko‘prik bo‘lish — odamlarning o‘z hayotidan rozi bo‘lib yashashlariga, avvalo, kimlar mas’ul? “Inson manfaatlari hamma narsadan ustun” degan hayotiy g‘oyaning izchil amalga oshirilishini ta’minlashda nima muhim?!

Bugun fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari xalq bilan davlat o‘rtasida fidoyi, kayvoni bo‘lib, xalq dardini bilib, shifosini aytib turishi kerakmi yoki yo‘qmi? Tabiiyki, ushbu tuzilma faollari aholi hayoti, turmush darajasini, hududdagi vaziyatni, oilalardagi muhitni, qo‘yingki, har bir insonni o‘ylantirayotgan muammolarni besh qo‘ldek bilishlari lozim.

Ammo kundalik hayotimizda aslida ham shundaymikin? Ayni paytda mahallalar odamlarning quvonchu tashvishiga sherik bo‘lishga harakat qilyaptimi? Obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish, umuman, mahalladoshlarini qiynayotgan masalalarni hal etishda nimalarni qoyillatmoqda?!

Keling, yaxshisi o‘zimizni, sizni ham qiynamasdan shu kabi savollarga javobni poytaxtimizning Sergeli tumanidagi “Qipchoq” mahalla fuqarolar yig‘ini faoliyati misolida izlab ko‘raylik.

Ayni paytda 4 ming 300 nafardan ortiq aholiga ega mazkur mahallani “namunali”, deyishsa, buni qabul qilish mushkul. Sababi, bu yerda uzoq yillar davomida yig‘ilib qolgan muammolar qalashib yotibdi. Mahalladagi 14 ta ko‘p qavatli turarjoy hamda 98 ta yer uchastkasida 1236 ta xonadon kun kechiryapti. Afsuski, ularni huzur qilib yashayaptilar, deya olmaymiz.

Ko‘p qavatli uylarning to‘qqiztasida vaziyat nihoyatda achinarli. Tomlarni yopish, yo‘laklarni ta’mirlash, lotoklarni tozalash va yangisiga almashtirish, ichki yo‘llarni asfalt qilish, to‘planib qolgan chiqindilarni belgilangan joylarga olib chiqib ketish hamda boshqa ishlar o‘lda-jo‘lda. Bolalar maydonchalari xususida aytmasa ham bo‘lar. Bolakaylarning hafsalasi pir. Kattalar esa ularni eshitmayapti.

— Uyimiz oldida bolalar maydonchasi yo‘q, bu bo‘yicha tegishli idoralarga bir necha marotaba murojaat bilan chiqdik, — deydi 14-uyda istiqomat qiluvchi Ra’no Mirtojiyeva. — Lekin arzimiz ijobiy hal bo‘lmayapti. Qarang-a, sog‘lom avlodni tarbiyalash haqida radio-televideniye orqali gapirganimiz gapirgan, gazetalarda so‘z aytib tinmaymiz. Go‘yoki, barcha e’tiroz to‘g‘ri, deydi-yu, yashash manziliga kelganda yuzini o‘girib ketadi. Axir farzandlarimizni sportga jalb qilish, jismonan baquvvat bo‘lib ulg‘ayishida har bitta maydonchaning ahamiyati kattagina-ku!

Mahalla aholisi bu holdan xafa, albatta. Hududdagi ko‘p qavatli uylar oldidagi ayrim bolalar maydonchasi nomigagina tashkil etilgan, ba’zilaridagi ahvol kishini tashvishga soladi. Hatto qaysidir maydoncha o‘rniga o‘zboshimchalik bilan avtoturargoh qurilganini ko‘rib, yoqa ushlaysan kishi. Bunday befarqlikni izohlolmay qiynalasan. Mavjud manzaradan mahalla faollari, qolaversa, tegishli tashkilotlar xabardor-u, ammo mutlaqo loqayd ekanliklaridan ranjiysan.

Aholini qiynab kelayotgan muammo faqat shugina emas — ka-na-li-za-siya! Ayniqsa, 9-uy yerto‘lasiga kirsangiz bas, nafas bo‘g‘iladi. Sovuq suv quvurlarining chirib, yaroqsiz ahvolga kelib qolgani tufayli qariyb 20 santimetr balandlikda suv bosgan, bijg‘igan oqovadagi hasharotlar, kechirasiz — antisanitariya...

— Mana bu quvurlardan foydalanilayotganiga salkam 40 yil bo‘ldi, — deydi ushbu uyga biriktirilgan “Fayzobod-1” xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati raisi Alovuddin Sharofiddinov. — Uni ta’mirlashga harakat qilyapmiz. Lekin “Eskisini ta’mirlaguncha, esing ketadi”, deganlaridek, ularni almashtirish choralarini ko‘rish kerak. Shu yil sentyabr oyiga qadar 9, 13 hamda 17-uyning tom qismi yopilib, kanalizatsiya tizimlari, sovuq suv, issiq suv yo‘nalishlari tizimi yaxshilanadi.

— Yerto‘lada suvning to‘planishi atrofga nafaqat badbo‘y hid tarqatadi, balki aholi salomatligiga ham ziyon, — deydi 9-uyda yashovchi Dilafruz Eshqobilova. — Buni boshiga tushganlar yaxshiroq biladi. Ustiga-ustak, bolalar maydonchasi ham yo‘q, yo‘laklarimiz ta’mirtalab. Hozir ko‘plab uylar temir eshiklariga domofon o‘rnatilmoqda. Bu ham davr, ham “xavfsiz shahar” talablaridan biri. Mana shu jihatlar bizning uyimizga nisbatan ham e’tiborga olinsa, ayni muddao bo‘lardi.

Mahalla hududini aylansangiz, muammolar to‘planib, toshdevor hosil qilgandek tuyuladi. Misol uchun, ayrim uylar atrofi chiqindixona. Axlat uyumi sochilib yotibdi. Shunday joyning ustidan chiqsangiz, niqob qidirib qolishingiz hech gap emas.

— Hududni toza saqlash mahalla faollari, uy boshliqlarining asosiy vazifalaridan biri, — deydi “Qipchoq” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Erkin Tursunboyev. — Atrofda chiqindilar uyumi paydo bo‘ldimi, bunda bizning ham aybimiz bor. Har doim mahallani aylanib, duch kelgan joyni axlatxona qilmaslik bo‘yicha tushuntirish ishlarini olib boramiz. Biroq bunga kimdir rioya qiladi, yana kimdir esa yo‘q. Aholi soni ko‘p bo‘lgan ushbu mahallada, bor-yo‘g‘i, uchtagina chiqindixona mavjudligi ham mana shunday xunuk manzarani “chizib” beryapti.

Aslida, ozodalik, ayniqsa, yashab turgan joyini toza saqlash insonga xos fazilat. Bordi-yu, aksi bo‘lsa, uning qiyosini keltirishga hojat yo‘q. Zotan, poklik, ozodalik — fuqarolarning sha’ni, madaniyatining darajasini belgilaydi.

— Mahalladagi obodonchilik ishlariga fuqarolar yig‘ini bilan birga, tegishli tashkilotlar, xususan, “Maxsustrans” davlat unitar korxonasi, qolaversa, odamlarning o‘zlari ham mas’ul bo‘lishlari kerak, — deydi Respublika ishchi guruhi a’zosi, Navoiy viloyatidan jalb etilgan Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi xodimi, kapitan Olim Jabborov. — “Bu ish menikimas, seniki” qabilida ish tutilsa, mahallani obod qilish qiyin. Shu hududda yashovchi har bir odam uning tozaligiga jiddiy e’tibor qaratsa, shunga yarasha mas’ul idoralar tomonidan vazifalar sidqidildan, vijdonan bajarilsa, bu boradagi muammolar barham topadi. Joriy yil iyun oyidan shu mahalladagi, xonadonlardagi ahvolni o‘rganib, poytaxtimiz mahallalarida hali hal etilishi lozim bo‘lgan masalalar ko‘pligini ko‘rdim. Endilikda qilinadigan ishlar aniq bo‘lishi zarur. Tegishli tashkilotlar, mas’ul idoralar, mahalla faollari va aholi birgalikda bu bo‘yicha sa’y-harakatlar olib bormasa, maqsadga erishish dargumon.

Haq gap. Aholi, ayniqsa, yoshlarni ozodalikka o‘rgatish, chiqindilarni belgilangan joylarga tashlash ko‘nikmalarini shakllantirishga ham, taassufki, zarurat bor.

Uzoq yillardan buyon hovli-joylarda yashovchi fuqarolarni kanalizatsiya tizimi mavjud emasligi qiynab keladi. Ichki yo‘llar ham o‘nqir-cho‘nqir. Mahalla aholisining aytishicha, ko‘p marta tegishli tashkilotlarga murojaatlar yo‘llangan, biroq foydasi bo‘lmagan.

Kecha Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlarini amalga oshirish, aholi punktlarini obod maskanlarga aylantirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishining o‘tkazilishi, qishlog‘u mahallalarda yig‘ilib qolgan ana shunday muammolarni bartaraf qilish, aholini yillar davomida tashvishga solib kelayotgan masalalarga yechim topish bo‘yicha mutasaddilarga topshiriqlar berilgani bejiz emas.

Umuman, islohotlarning eng muhimlaridan biri bo‘lgan ushbu dasturlarning amalga oshirilishi aholi turmushidagi muammolarni hal etish va hayot sifatini yaxshilashga xizmat qiladi. Qipchoq mahallasi ham ana shu loyiha doirasida yanada obod bo‘lishiga, albatta, ishonamiz. Lekin mansabdorlar ham, fuqarolar ham bir-birlarini eshitib, ikkala tomon ham o‘z mas’uliyatlarini anglab, qonun-qoidani, axloq va madaniy qadriyatlarni qadrlab, xayrixohlikda va hamkorlikda ish yuritsa, ta’bir joiz bo‘lsa, “Olam — guliston!” Zero, qars ikki qo‘ldan chiqadi. Insonga, kim bo‘lishidan qat’i nazar, avvalambor, insof bersin.
Rahim ShЕRQULOV,
“Xalq so‘zi” muxbiri.

Hasan PAYDOYEV olgan surat.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?