Yaxshilik yetkur andoqkim,tengridin sanga yaxshiliq yetibdur

19:35 04 Fevral 2020 Madaniyat
189 0

Ulugʻ bobomiz Alisher Navoiy faoliyatining mazmunini toʻlaligicha eng yuksak umumbashariy gʻoya — inson qadrini ulugʻlash, uning manfaatlarini himoya qilish, kamolini tarannum etish tashkil etadi. Buyuk shoir oʻzi oʻrgangan barcha eʼtiqodiy, nazariy va amaliy bilimlarni ana shu maqsad yoʻlida xizmat qilishiga yoʻnaltirdi. Zero, inson Yaratgan tomonidan mukarram zot sifatida eʼtirof etilgan va uning yuksak maqomi belgilab qoʻyilgan. Bu sifat va maqomni inson bu olamda faqat oʻz zotidan boʻlgan bashariy jamiyat munosabati orqaligina idrok etadi, his qiladi. Bu jamiyatda yuqori turganlar munosabat tarzi, yoʻsinini belgilab berishini anglagan shoir yozadi:

Johning zebigʻakim husn tilab, bildikkim,

Ziynate kelmadi joh ahligʻa ehson yangligʻ.

Maʼlumki, joh — yuqori martaba. Demak, yuqori martabaga zeb bermoq uchun joh ahli uchun ehsondan ortiq ziynat yoʻq. Bu yerda ehson hozirgi qoʻllanish maʼnosidan bir oz farqli. “Mahbub ul-qulub”da ehson “amri azim”, yaʼni “ulugʻ buyruq, vazifa” deb izohlanadi. Bunga dalil qilib ulugʻ kalomdan “ul Hazrat mundoq amr etibdurki, yaxshilik yetkur andoqkim, tengridin sanga yaxshiliq yetibdur” (“Ahsin kamo ahsana allohu ilayka”), degan soʻzlar keltiriladi. Izoh davom ettirilib, bir qitʼa yoziladi:

Ajab sifat erur ehsonki har sharif sifat

Ki, kelsa jinsi bashardin anga erur doxil.

Javohir angla sifotoni javhariy qafasi

Ki, bordur anda qayu birni istasang hosil.

“Ehson” soʻzi arab tilida yaxshi, ezgu, sevimli, goʻzal boʻlmoq maʼnolaridagi “hasana” feʼlidan yasaladi. “Husn”, “hasana”, “muhsin”, “tahsin” va “ehson” soʻzlari ham shu oʻzakdan, shunday maʼnolarga daxldor. Binobarin, inson zoti tomonidan namoyon etiladigan har qanday sharafli sifat ehson — yaxshilik doirasiga kiradi. Ehson ezgu amallarning majmui, umumiy nomi sifatida talqin qilinar ekan, jamiyatdan ham, har bir insondan ham ana shu doirada harakatda boʻlish talab etiladi.

Bahrdin qatragʻa taʼzim ila tahsin koʻrdum,

Mehrdin zarragʻa eʼzoz ila ehson toptim.

Dengiz qatra, tomchini eʼzozlab, unga ehson qiladi, Quyosh ham zarraga shunday munosabatda boʻladi. Ana shu fazilatlari uchun ham Dengiz va Quyosh sharaf topadilar, ulugʻlik darajasiga chiqadilar, aks holda bu mumkin emas. Xalqning buyukligi ham oʻz aʼzolarining har birini qadrlashi hamda ularning manfaatlarini himoya qilishi bilan belgilanadi. Oʻz aʼzolarini himoya qila olmagan, yuksalishiga yoʻl ochib bera olmagan xalq, millat buyuk boʻla olmaydi. Bunda albatta, sultonlar bosh rolni oʻynaydi. “Saddi Iskandariy” dostonida Aflotundek ulugʻ hakim shogirdi Iskandarning Kashmirga shoh etib tayinlangan Feruzga oʻz ustozidan oʻrganganlariga tayanib: “Kerak lutfu ehson shior aylasang, Adolat yoʻlin ixtiyor aylasang”, degan nasihatida ana shu haqiqatga ishora bor.

Lekin birlik muqarrarligining muhim sharti ikki tomonlama ezgu munosabatdir. Inson Haq, sulton va xalq mehr-muruvvatiga oʻzida fidoyilik, vafo, sadoqat kabi chin insoniy fazilatlardan iborat ehsonni hosil qilmaguncha ularga munosib boʻla olmaydi. Shuning uchun ham shoir deydi:

Tengri ehsonigʻa shod oʻlgʻan qilur

Oʻzni shodu mehnatidin elni ham.

Ayniqsa, bu mavzudagi quyidagi bayt nihoyatda goʻzal topilma:

Mazrai dahr aro soch lutf ila ehson tuxmi,

Har ne eksang, oni-oʻq chunki oʻrarsen oxir.

“Mazrai dahr” — dunyo ekinzori, yaʼni umr. Barchamiz dunyo ekinzorida nasiba, hosil axtarmaymizmi, umid qilmaymizmi? Buning uchun tuxm-urugʻ topib sochmamizmi? Shu haqda soʻz bormoqda. Inson umri davomida bu ekinzorda lutfu ehson urugʻini sochishi lozim, chunki oxirda (oxiratda) nimani ekkan boʻlsa, shuni oʻrishi taʼkidlanmoqda baytda.

Bu gʻoyani Navoiyning barcha asarlarida istalgancha topish mumkin. Ayniqsa, “Arbain”dagi 40 ta hadisning deyarli hammasi shu mavzuda. Yaʼni asar muallifi mingab hadislar orasidan aynan shu mavzudagilarini tanlab oladi va ularni oʻz ona tilidagi baytlarida talqin qiladi. Ular orasida “Xayru-n-nasi man yanfaʼuli-n-nasi” — “odamlarning yaxshisi boshqa odamlarga koʻproq nafʼ yetkazganidir” deyilgan hadis markaziy oʻrinni egallaydi.

Albatta, inson feʼlida ezgulik, ehson bilan yonma-yon qabohat va xudbinlik ham turadi. Shuning uchun hazrat Navoiyning asarlarida ular haqida, ularni tark etish borasida ham juda koʻp oʻrinda soʻz boradi. Aslida, bu ham “nahyi munkar” — gunoh ishdan qaytarish, ehsondir. Ehson — yaxshilik mavzusi ulugʻ shoirning buyuk maʼrifati qadrini yaqqol namoyon etadi.

 

Nafas SHODMONOV,

Qarshi davlat universiteti professori.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?