Yaxshi niyat manmanlikka, isrofgarchilikka aylanmasin!

14:01 06 Mart 2018 Jamiyat
802 0
Foto: Internet 


“Har kimki uch qizni voyaga etkazib, turmushga uzatib va keyin ham yaxshilik qilishda davom etsa, ul kimsa jannatiydir”. Bu hadisi sharif namunali ta’lim-tarbiya berish asnosida farzandlarini voyaga etkazib, ularni hayotga tayyorlab borish, tengi chiqqanda uzatib, baxt-saodatini ta’minlash ota-ona zimmasidagi muqaddas burch ekanligini anglatadi.
Ammo ortiqcha hoyu havas, kibru havoga berilish kuchaygan hozirgi davrimizda uch qizi bor xonadonga birov havas ko’zi bilan qarashi yildan-yilga kamyob voqelikka aylanib bormoqda.
Shu o’rinda tabiiy bir savol tug’iladi. Nega? Nima uchun?
Bir umr yig’ib, bir kunda sochamiz...
Ota-ona — bamisoli qo’rg’on. Shu bois farzand tug’ilganidan boshlab sarpo-suruq yig’ishga kirishiladi. Bu — qadimiy taomil, qolaversa, “toma-toma ko’l bo’lur”, deganlaridek, ertangi kunning “tashvishi”ni engillashtirishga intilish natijasi. O’zi emay, kiymay, lekin sandig’ini zebu ziynatga to’ldirmasa, ko’ngli tinchimaydigan ota-onalarimiz safi kamaymayotganligi bugun hammaga ma’lum holat. Bir qarashda bundan ayb qidirish odobdan emasdek tuyuladi. “Bolalarim ulg’aygach, el-yurtga dasturxon yozib, to’yu tomoshalar qilaman”, degan niyatning nimasi yomon?! Ammo yoshi bir joyga borib qolgan bobo-buvilarimiz, sal bosh qashlab, ba’zan kinoyali tarzda “Avvalgilarga o’xshamas”, deganlarida juda ham achchiq haqiqat borligini his qilamiz. Chunki 30 — 40 yil oldingi marosimlarimiz bilan hozirgilarini taqqoslasangiz, o’rtada er bilan osmoncha farq borligini ko’rib, “Eh, attang...” deb yuborishingiz aniq.
Keling, to’ylarimizning ichiga kirib ko’raylik-chi...
Dastavval internetdagi e’lonlarga ko’z yugurtirsak. To’y-marosimlar, bazmu jamshidlarni dabdaba bilan o’tkazishga bel bog’lagan firmalar, “dastyor ishbilarmonlar” ro’yxati — son mingta! Shulardan biri — manzili Yakkasaroy tumani, Shota Rustaveli ko’chasi, 39G’7-uy, deb ko’rsatilgan tashkilot telefon raqamiga qo’ng’iroq qilamiz.
— Assalomu alaykum, “JE TAIME” to’y liboslari saloni eshitadi.
— Kechirasiz, sizlarda kelinnavkarlar uchun ham ijaraga ko’ylaklar bormi? — so’raymiz. — Narxini bilmoqchi edik.
— Albatta, bor, — deydi go’shakni ko’targan qiz. — Eng arzoni 200 ming so’mdan boshlanadi. O’rtacharog’i 50 dollar atrofida...
Bilishimizcha, bu boshqa salonlardagiga nisbatan birmuncha arzon narx. Aslida, ayni shu xizmatni ko’rsatuvchilar 300 — 400 dollargacha narx belgilashgan ekan.
Xo’sh, yaqin-yaqingacha shunday “antiqa” urflar bormidi? To’yxonada 8 — 10 nafar qizning bir xil libos kiyib, bir xil taqinchoq taqib, bir xil pardozu andoz qilib, kelin atrofida gerdayib o’tirishi qaerdan paydo bo’ldi?!
— Yaqinda bir kursdoshimiz uylandi, — deydi poytaxtda yashovchi Sardorbek Safarov. — Bilasiz, hozir kelin-kuyovning nikoh bazmi yakunida xuddi chet el filmlaridagidek valsga tushishi odat tusini olgan. Lekin bu raqsga tushishni hamma ham bilavermaydi. Shu sababli to’ydan avval ikki yosh maxsus raqs maktabida saboq olayapti. Har bir mashg’ulot kamida 100 ming so’mdan ekan. Do’stimiz bir million so’mning bahridan o’tib, u erda 10 ta dars oldi...
Izohga hojat yo’q.
Toshkent shahrida kelinlar uchun mo’ljallangan ko’ylaklar narxi o’rtacha 1000 dollar, mashinalar korteji 300 — 400 dollar, ba’zida marosimlar avj olgan paytlarda 2000 dollardan ziyod, foto va video xizmatlari 1000 dollar atrofida, to’yxonani bezatish 2000 dollargacha, restoran xizmatlari kishi boshiga 100 — 150 ming so’mdan (400 nafar mehmon uchun 40 — 45 million so’m!), ikki yosh tanishuvini ifodalovchi qisqa film (“Love story”) tayyorlash 1000 dollar... Kuyov sarpolari, karnay-surnay, boshlovchi, qo’shiqchi, to’ydan oldingi hamda keyingi ko’pdan-ko’p marosimlarni qo’shib hisoblaganda, poytaxtda bir kunlik bazm uchun 100 — 150 million so’m atrofida chiqim qilishingizga to’g’ri keladi.
Oyiga o’rtacha 2 million so’m daromad topib, 1 million so’mini orttirib qo’yish qurbiga ega o’rtahol oila ham 3 nafar farzandini uylantirish yoxud uzatish tashvishining o’zi uchun 40 yil davomida ter to’kib mehnat qilishi lozim! 40 yil zo’r-bazo’r to’plangan sarmoyasini bir kunda ko’kka sovurish aqldanmi? Bunga imkoniyati etmaganlar-chi? Ular nima qilishsin?!
“Kichik marosim”ning katta tashvishi
Samarqand shahrida ham ikki yoshning boshini qovushtirish sarf-xarajatlari poytaxtdagidan ortsa ortadiki, aslo kam emas. Ko’hna va navqiron kentda to’y degani o’ndan ziyod marosimlarni o’z ichiga oladi.
Birgina fotiha tadbirining hashamati ba’zi joylardagi nikoh oqshomlaridan bir necha karra ziyod.
— Biz tomonlarda fotiha uchun 500 nafarga yaqin mehmonlar chaqiriladi, — deydi Samarqand shahrida yashovchi Shahodat Farmonova. — Puldorlar o’ylab chiqargan odat-da bu! Yana deng, dasturxonga boshqa noz-ne’matlarga qo’shib 12 xil taom, 12 xil salat tortilmasa, hisobmas. Aytsam, ishonmassiz, bunga ko’r-ko’rona ergashayotganlar ko’payib borayapti. Bunisini ham qo’ya turing, shodiyonaga quda tomondan 150 nafarmi, 200 nafarmi, qancha odam kelsa, hammasiga ketar chog’i turli sovg’a-salomlar, shirinliklar solingan paketu tugunlar tortiq etilmasa, uyat hisoblanadi.
Xorazmda ham har bir qishloqda 800 — 1000 kishiga mo’ljallangan to’yxonalar bor. Negaki, ushbu xizmat turi eng daromadli biznesga aylandi. Ilgari bunday joylarda, asosan, nikoh bazmlari o’tkazilgan bo’lsa, endilikda mahalliy shevada “Xina yoqar”, “Qiz yig’in” deb ataladigan, kelinning 
15 — 20 nafar dugonasi bilan o’tkaziladigan tadbirlar ham 400 — 500 kishilik dasturxon atrofiga ko’chayapti. Mehmonlar soni to’y sohibining obro’-e’tiborini belgilovchi mezonga aylangan chog’i, qo’shni mahallalarning tanish-notanish ahlini shodiyonaga chorlash odat tusiga kirdi. “Eldan chiqmaslik” taomiliga rioya qilishga majbur bo’lgan oddiy oilalar uchun bu urf-odatlar juda qimmatga tushayapti. U holda bitta to’y o’tkazish uchun yillab “qora qozon”ni suvga tashlab qo’yish kerakmi!
“Mazar”ning mazasi qursin...
Farg’ona vodiysida to’ydan so’ng qiz uzatgan xonadon kuyovnikiga 40 kungacha turli eguliklar yuborishi an’anaga aylangan. Mazkur udum Andijonda “Mazar” nomi bilan mashhur.
— Hozirgi paytga kelib, “mazar” yuborish odati to’ydan avval boshlanayapti, — deydi Qo’rg’ontepa tumanida istiqomat qiluvchi 75 yoshli Tojibarxon aya Jo’raeva. — Bunda kelin tomon yigitnikiga dastlab o’rtacha 20 ta savatda turli shirinliklar, taomlar va sovg’a-salomlar jo’natadi. Ular qatorida tort (o’rtacha narxi 70 — 80 ming so’m), sut bilan to’yintirib pishirilgan qo’y o’pkasi (o’rtacha narxi 50 — 60 ming so’m), kuyov uchun sarpo (o’rtacha narxi 500 ming so’m), kuyovjo’ralar uchun sovg’a-salom (uning tarkibida gilamcha, tamaki mahsulotlari, poyabzal tozalovchi vositalar, tuxum, ro’molcha, tishkovlagich, o’t oldirgich (zajigalka), shokolad kabilar) bo’lishi darkor. Shu tariqa “Kichik mazar” uchun kelin tomon o’rtacha 2 million so’m sarflaydi. Bu — hali holvasi. To’ydan sanoqli kunlar avval uyushtiriladigan “Katta mazar” marosimida esa kelin tomon avvalgisidan ikki barobar ortiq xarajat qilmasa, hisobmas. Nihoyat to’ydan keyingi “mazar” yuborishlar haqiqiy bosh og’rig’iga aylanadi. Nikoh bazmining ikkinchi kunidan boshlanadigan ana shu jo’natmalar tarkibi ham xilma-xil. Kuniga uch mahal eguliklar! Ertalabkisi tarkibida kofe, issiq non, qaymoq va boshqa shirinliklar bo’lsa, tushlikka sixli kabob, tovuq go’shtidan qilingan tansiq taomlar yuboriladi. Kechki ovqat palov, somsa, manti, dimlama, qovurdoq kabi quyuq eguliklardan iborat bo’lishi kerak. Bularning hammasi kuniga o’rtacha 200 — 300 ming so’mdan, 40 kunda 8 — 12 million so’mga etadi.
“Voy-bo’o’o’o’o’...” deyishga shoshilmang! Tojibarxon ayaning aytishicha, quda xolaning harakat va xarajatlari shu bilan tugamaydi. To’ydan keyin kuyov jo’ralariga “gap” beradi. 30 nafar atrofidagi yigitlar uchun uyushtiriladigan ushbu bazmning hamma xarajati kelin tomon zimmasida. Yana o’sha hol: eguliklar, sovg’a-salomlar, kuyov sarpolar... Orzumand onaxonlarimiz tomonidan yana bir “Mazar yuborish” udumi kashf etildiki, bunda kuyovbolaning onasi dugonalari uchun uyushtirgan “gap” marosimi uchun kamida 5 ta savatda patir, pishiriq, tansiq taom hamda qudaning dugonalari uchun sovg’a-salom yuborishi darkor. Umuman olganda, quda tomonidan uyushtiriladigan har bir marosim uchun kelinning onasi kattagina xarajat qilishi lozim.
To’g’ri, ikki tomon o’zaro kelishib, “bor tovog’im — kel tovog’im” aqidalariga nuqta qo’yish hollari ham kuzatilmoqda. Biroq bu o’nta oiladan bittasiga to’g’ri kelishini inobatga olsak, illat ildiz otsa otayaptiki, aslo kamaygani yo’q.
To’ylarni “birrov”chilar buzayaptimi yoki aksincha?
San’atkor — aslida ma’naviyat, odob-axloq targ’ibotchisi. Odamlar hamisha ularning ma’naviy qiyofasidan o’rnak olishga intilishadi. Biroq keyingi paytlarda “O’zbekiston xalq artisti”, “O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan artist”, “O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan madaniyat xodimi”, “Nihol” mukofoti sovrindori”, “Estradamizning yorqin yulduzi” degan unvonu e’tiroflar faqat to’ylarda ularning narxini oshirish omili bo’lib qolayotgandek taassurot uyg’otadi. Ana shunday kazo-kazo san’at vakillari bilan bir davrada qo’shiq aytayotgan “yosh yulduz”lar ham ulardan kam bo’lmaslik uchun 
2 ming dollardan 10 ming dollargacha mablag’ sarflab olingan kliplarini oynai jahon orqali “aylantirish”ga zo’r berishayotir.
Maqsad — xalq o’rtasida tezroq tanilish. Sarflangan mablag’ni qoplovchi manba esa — to’ylarimiz. Shu sababli bazm-marosimlarga kelishida narx qo’yilarkan, artistlarning o’zlari ham buni iddao etishdan iymanmasliklari, “Men falon-piston unvonu mukofotlar olganman”, deyishgacha borishlari achinarli holdir. “Birrov”chi artistlarning 10 — 15 daqiqa ichida kamida 400 — 500 dollarni cho’ntakka joylab ketishi esa odamlarimiz uchun jabr.
— Bir qator san’atkorlar uchun to’y o’ta daromadli tijoratga aylanib bo’lgan, — deydi Zangiota tumanidagi Obod turmush mahallasi faoli Baxtiyor Ma’murjonov — Aslida, bunga o’zimiz aybdormiz! Chunki “To’yimga falonchi-falonchi artistlar keldi”, deb o’zimizni ko’z-ko’zlashga odatlanib qoldik. Endi qo’li kaltaroq oila ham “Atrofdagilardan qolmay” deya, 8 — 10 million so’m pulni xonandalar uchun sarflab, keyin beli bukilib qolayapti. Yana deng, quloqni qomatga keltiruvchi musiqa shovqini ostida bir soat o’tirib, yuragimizni hovuchlab chiqib ketayapmiz. Hatto osh bazmlarida ham ovozkuchaytirgichning tovushi quloqni teshib yuboray deydi. Yoningizda o’tirgan kishining so’zini eshitish amrimahol. O’rni kelganda, yaqinda o’zim guvoh bo’lgan bir ibratli to’yni aytib beray. Tanishimiz osh dasturxoni yozdi. Mumtoz ashulalar past ovozda, magnitofon orqali qo’yib berildi. Hamma miriqib o’tirdi. Mana, bo’larkan-ku axir!
Yana bir masala. Axborot texnologiyalari rivojlanishi bilan dabdabali to’ylar tasvirlari tushirilgan disklarni ko’paytirib tarqatish, ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirish holatlari tobora urchimoqda. Ularda tasvirlangan boylik va hashamatni ko’z-ko’zlash oddiy odamlarning, tirikchiligi bundayroq oilalarning g’ashini ham keltiradi. Binobarin, bunga ko’r-ko’rona ergashuvchilar, taqlid qiluvchilar ham topiladi. Tuzukroq so’rab-surishtirib kelinsa, yuqoridagi singari “urf”larni ommalashtirayotganlar puldorlar, san’atkorlar bo’lib chiqadi.
— Yaqinda nomdor bir san’atkorning oilasidagi to’y shodiyonasidan yozib olinib, sotuvga chiqarilgan disk qo’limga tushib qoldi, — deydi Urganch shahridagi 37-mahalla fuqarolar yig’ini raisi Habibulla Sitmetov. — To’ydagi dabdaba kishini lol qoldiradi. Aslida, bunday quvonchli kunlar oila davrasida tomosha qilish uchun tasvirga olinishi kerak emasmi? Shu ma’noda, avvalo, san’atkorlarimiz to’ylarini ixcham, madaniyatli qilib o’tkazish borasida boshqalarga namuna bo’lsalar, juda ajoyib ish bo’lardi.
Habibulla akaning samimiyat bilan aytgan bu gapida jon bor. Ammo qurgan uyini, tug’ilgan kunini disklarda sotuvga chiqarib, shohona hayotini targ’ib qilayotgan shu “birrov”chilardan birortasi bir qo’li kalta insonning davolanishi uchun etmagan pulini to’lab bergani, muhtoj qo’ni-qo’shnining dardiga darmon bo’lganini eshitdingizmi?!
Aql bilan ish tutish payti keldi
18 yanvar kuni Qozog’iston Respublikasining Aktyubinsk viloyatida yuz bergan fojiada halok bo’lgan yurtdoshlarimizning 11 nafari To’raqo’rg’on tumanining Katta Qurama mahallasidan. Hududning Yangiobod ko’chasida yashagan Olimjon Sulaymonov yong’inda qolganlarning eng katta yoshlisi edi. Haydov traktori minganidan topgani bilan ro’zg’orini binoyiday tebratib kelgan oila boshlig’i yigirma kuncha avval to’ng’ich qizini uzatib, to’y xarajatlaridan birmuncha qarzdor bo’lib qolgan ekan. Rossiyaga borib ishlab kelishga qaror qilib, 15 yanvar kuni yo’lga chiqqan Olimjon aka qadrdon go’shasi va yaqinlarini butunlay tark etayotganini bilganida edi... Bugun bevalik qismatini bevaqt qabul qilgan ayoli, ayniqsa, kelinlik liboslari taxi buzilmay otasidan ayrilgan qizining ohi ko’kka o’rlayapti...
Afsuski, bunday misollar ko’p. To’y qilish tashvishida o’zini xavf-xatarga qo’yib, ne-ne mashaqqatlarni boshidan kechirayotgan, katta miqdorda qarzga botib, turli fojialarga duchor bo’layotganlar taqdiri nega boshqalar uchun ibrat bo’lmayapti?
Vaholonki, to’y-marosimlardagi dabdababozlik, isrofgarchilik, manmanlik kabi illatlar haqida jamoatchilik vakillari tinmay bong urayotgan bo’lsa... Bu haqda respublikamiz ommaviy axborot vositalari, jumladan, “Xalq so’zi” gazetasida ham qator tahliliy maqolalar e’lon qilinib, amaliy sa’y-harakatlar ko’rish uchun tegishli mutasaddi tashkilotlarga jo’natilgan edi. Ammo, afsuski, loqaydlik, beparvolik, “Sen menga gapirma, men senga aytmay” qabilidagi munosabatlar tufayli hanuzgacha tayinli javob olingani yo’q.
Yaqinda ana shunday holatlarga qarshi kurash samaradorligini yanada oshirish maqsadida Respublika “Mahalla” xayriya jamoat fondi va “Nuroniy” jamg’armasi faollarining murojaati e’lon qilindi. Unda yurtimiz jamoatchiligi yuqoridagi kabi illatlarni bartaraf etishda hamfikr va hamjihat bo’lishga chaqirilgan.
— “Englar, ichinglar, lekin isrofgarchilikka yo’l qo’ymanglar”, degan Qur’on oyatini ko’pchilik yaxshi biladi, — deydi Termiz shahridagi 12-maktab direktori Musurmon Xurramov. — Lekin amalga kelganda nol! Soxta obro’ orttirish ilinjida to’yu ma’rakalarimiz dasturxonlariga qo’yilayotgan noz-ne’matlarning yarmidan ko’pi chiqitga chiqib ketayapti. Buning uvoli tutmaydimi bizni?! Yaqinda gazetada o’qib qoldim. Bir yilda mamlakatimizda 
31 ming oilaviy ajralish kuzatilibdi. Qolaversa, katta hashamat bilan qilingan to’ylarimizdan so’ng bo’ynigacha qarzga botib, sog’lig’ini yo’qotayotgan, bevaqt olamdan o’tayotganlar qismati ham shuning kasofati emasmi?! Axir ana shu ortiqcha dabdababozlikka sarflanayotgan mablag’lar xayrli ishlarga yo’naltirilsa, qanday soz bo’lardi! Shunday ekan, mamlakatimiz jamoat tashkilotlari faollarining murojaatiga quloq tutish, amal qilish, qo’llab-quvvatlash har birimizning burchimiz, qalb amrimizdir.
Farrux BO’TAEV.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?