Yahoo! Messenger 17 iyundan o‘z faoliyatini to‘xtatadi

13:24 12 Iyun 2018 Dunyo
277 0
Foto: Big News Network.com

Yahoo aktivlarining egasi hisoblangan Oath kompaniyasidan ma’lum qilinishicha, internetda yashin tezligida xabar almashish imkonini beruvchi ilk servislardan biri bo‘lgan mazkur messenjer o‘z faoliyatini tugatadi.

“Hozir Yahoo! Messenger o‘rnini bosadigan boshqa mahsulotimiz hozircha yo‘q. Lekin yangi xizmatlar va shaxsiy kompyuterlar bilan doimiy tarzda yangi tajribalar o‘tkazmoqdamiz. Ulardan biri guruhlar o‘rtasida xabar almashish bo‘yicha Yahoo Squirrel ilovasidir”, deydi kompaniya vakili.

Republic nashrining yozishicha, Yahoo! anchadan buyon o‘z messenjeri faol foydalanuvchilari sonini e’lon qilmay keladi. Biroq ma’lumotlarga ko‘ra mazkur xizmatni ishlatadiganlar oxirgi 20 yilda yuz million kishiga yetgan.

Kompaniya ushbu qarori sabablariga tushuntirish bermagan. Lekin mutaxassislarning taxminlariga ko‘ra, u WhatsApp, Facebook Messenger, Snapchat, WeChat, Viber, Skype, Telegram va boshqa shu kabi muqobillari raqobatiga dosh bera olmayapti.

Eslatib o‘tamiz, Yahoo! Messengerga 1998 yilda asos solingan bo‘lib, uzoq yillar davomida ayniqsa, korporativ sohada xabar almashish sohasida mashhur sanalgan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?