O‘zbekistonda davlat-xususiy sheriklik agentligi tuziladi

16:11 02 Avgust 2018 Iqtisodiyot
441 0

Moliya vazirligida O‘zbekiston Respublikasida davlat va xususiy sektor o‘rtasida sheriklik istiqbollari bag‘ishlangan davra suhbati o‘tkazildi, deb xabar berdi vazirlik matbuot xizmati.

Tadbirda moliya, iqtisodiyot, sog‘liqni saqlash vazirliklari, Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish, Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitalari, “O‘zbekiston havo yo‘llari” MAK va Savdo-sanoat palatasi mas’ul xodimlari hamda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YETTB) vakillari ishtirok etdi.

Unda YETTB va hukumatimizning mamlakatda davlat-xususiy sheriklikni (DXSH) rivojlantirishga qaratilgan amaliy hamkorlik mexanizmlarini ishlab chiqish masalalari ko‘rib chiqildi.

Anjumanda so‘zga chiqqan YETTBning Markaziy Osiyo va Rossiya davlatlari bo‘yicha boshqaruv direktori Natalya Xanjenkova O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan iqtisodiy-ijtimoiy islohotlarga yuqori baho berib, DXSHni yo‘lga qo‘yishda ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirish muhim ahamiyat kasb etishini qayd etib o‘tdi.

Tadbirda mavzuga doir taqdimotlar ham tashkil etildi. Shu asnoda davlat-xususiy sheriklikning asosiy vazifalari, loyihalarga moliyaviy manbalarni jalb qilish, ularni tayyorlash va amalga oshirish jarayonlari haqida batafsil ma’lumot berildi.

Ma’lumot uchun, davlat-xususiy sheriklik tizimi (DXSH) – biror mamlakatga yoki ushbu mamlakat tomonidan berilgan ko‘rsatmalar asosida xizmat ko‘rsatuvchi xususiy sektor uchun uzoq muddatli shartnomadir.

Xususiy sektor o‘zining moliyaviy, texnik va boshqaruv resurslaridan foydalanish orqali loyihani ilgari suruvchi kuch hisoblanadi.

Davlat sektori esa asosiy loyiha aktivlari (misol uchun, yer uchastkalari)ni taqdim etadi va yuridik hamda shartnoma asosida uzoq muddatli o‘zaro munosabatlarni o‘rnatadi, loyihaga tayyorgarlikni moliyalashtiradi.

Binobarin, xususiy sektor va davlat investitsion majburiyatlar, risklar, mas’uliyat va tushumlarni ajratgan holda birgalikda faoliyat yuritadi.

- To‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni jalb qilishning zamonaviy va eng samarali yo‘nalishlaridan biri bu davlat-xususiy sheriklik yo‘nalishidir, - dedi Moliya vazirligi Bosh boshqarma boshlig‘i B. Ahmedov. – Mazkur yo‘nalish uzoq muddatli, samarali va ikki tomon uchun ham foydalidir. Bunday mexanizm asosan ijtimoiy, ya’ni maktabgacha ta’lim, umumiy va oliy ta’lim hamda sog‘liqni saqlash sohalari, uy-joy kommunal xo‘jaligi, avtomobil yo‘llari qurilishi va elektr ta’minoti tarmoqlaridagi infratuzilma loyihalarini ro‘yobga chiqarishda keng qo‘llaniladi. Ayni paytda yurtimizda maktabgacha ta’lim jabhasida davlat-xususiy sheriklik asosida sarmoyadorlarni jalb etish ishlari o‘z samaralarini berayotganini ko‘rib turibmiz.

Bundan tashqari, Moliya vazirligi tomonidan jahonning yirik kompaniyalaridan biri Veolia bilan hamkorlik ishlarini misol qilib keltirishimiz mumkin. Ushbu fransez brendi bilan Namangan shahridagi ko‘p qavatli uylarning issiqlik ta’minoti va Toshkent shahrida aholini ichimlik suvi bilan ta’minlash bo‘yicha o‘zaro hamkorlik yuzasidan memorandum imzolangan.

Tadbirda YETTB vakillari tomonidan davlat-xususiy sheriklik yo‘nalishi bilan shug‘ullanuvchi agentlik tuzilishi haqida taklif o‘rtaga tashlandi. Xalqaro bank mutasaddilari tomonidan qator rivojlangan mamlakatlar, jumladan, Turkiyada ham shu kabi agentliklar muvaffaqiyatli faoliyat olib borayotgani haqida misollar keltirib o‘tildi.

Bunday agentliklar esa odatda moliya vazirligi tizimida tashkil etiladi. Qolaversa, yaqin kunlar ichida YETTB DXSH bo‘yicha qonunchilik bazasini yaratash hamda dastlabki loyihalarni amalga oshirishni jadallashtirish maqsadida vazirlikka xalqaro konsultant-maslahatchi ajratib beradi.

Bu boradagi dastlabki loyihalar bir-ikki yil mobaynida tayyorlanib, ochiq tanlovga qo‘yilishi ham alohida ta’kidlab o‘tildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?