XTV maktabga pnevmatik avtomat bilan kelgan oʻquvchi yuzasidan bayonot berdi

10:31 22 Fevral 2019 Jamiyat
388 0

Onlayn nashrimizda 2019 yil 20 fevral kuni Toshkent shahri, Yunusobod tumanidagi 5-sonli umumtaʼlim maktabining 10-sinf oʻquvchisi sumkasidan pnevmatik avtomat topilgani haqida xabar berilgandi.

Xalq taʼlimi vazirligi axborot xizmati maʼlumotiga koʻra, mazkur holat maktabning maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha direktor oʻrinbosari tomonidan aniqlangan va maktab maʼmuriyati mazkur holat boʻyicha Yunusobod tuman IIBga murojaat qilgan. Qoʻshimcha surishtiruv ishlarini olib borish uchun Yunusobod tuman IIBga oʻquvchi va uning ota-onasi chaqirtirilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 1996 yil 27 fevraldagi 3-son qarori 2-bandiga muvofiq, pnevmatik qurol oʻqotar qurolga kirmasligi toʻgʻrisida tushuncha berilgan va mamlakatimizda pnevmatik qurollar savdosiga hech qanday cheklov oʻrnatilmagan, deyiladi vazirlik xabarida.

Qayd etilishicha, vazirlik tomonidan maktab rahbarlariga ota-onalar bilan majlislar oʻtkazib, bunday holatlar yuzaga kelmasligi uchun tushuntirish ishlarini kuchaytirish yuzasidan topshiriqlar berilgan.

“Xalq taʼlimi vazirligi ota-onalarni farzandlariga jamoat joylarida, jumladan, maktab hududiga bu kabi buyumlarni olib kelmasligi haqida tushuntirishlar berishga chaqiradi”, - deyiladi xabarda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?