O‘zbekistonda kelgusi yillar uchun byudjet aholi ishtirokida ishlab chiqiladi

18:49 13 Iyul 2018 Iqtisodiyot
519 0
Illyustrativ foto

Moliya vazirligi 2018 yilga fuqarolar uchun byudjet ishlab chiqdi. Kelgusi yilgi byudjet esa aholi ishtirokida tuziladi. Bu haqida bugun poytaxtimizda vazirlik tomonidan tashkil etilgan matbuot anjumanida to‘xtalib o‘tildi. Unda “Fuqarolar uchun byudjet” nashrining taqdimoti ham tashkil etildi. Mazkur to‘plam yuz sahifadan iborat bo‘lib, unda joriy yilgi byudjet, uni shakllantirish va xarajatlar haqidagi ma’lumotlar oddiy, xalqchil tilda tushuntirib berilgan. Uning elektron ko‘rinishi yaqin kunlar ichida vazirlik rasmiy saytiga joylashtiriladi.

Ushbu hujjat muhokamasida tegishli vazirlik va idoralar bilan bir qatorda BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili Xelena Freyzer, Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya qo‘shma qirolligi elchixonasi, mamlakatimizda akkreditatsiyadan o‘tgan boshqa diplomatik vakolatxonalar hamda xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.

“Mashhur britan siyosatchilaridan biri davlatning o‘z mablag‘lari yo‘q, hukumatda bori – bu soliq to‘lovchilarning pullaridir degan edi. O‘zbekistonda aholining byudjetni ishlab chiqishdagi ishtiroki xalq deputatlari, shuningdek, “Mening fikrim” portali, Prezident xalq qabulxonalari ko‘magida amalga oshiriladi. Hukumat esa loyiha muhokamasi chog‘ida jamoatchilik bilan maslahatlashuvlarni faollashtiradi, degan umiddamiz”, - dedi Xelena Freyzer o‘z intervyusida.

“Fuqarolar uchun byudjet fuqarolarning olib borilayotgan islohotlarga nisbatan ishonchi oshishini ta’minlashi lozim”, - dedi Moliya vazirligi boshqarma boshlig‘i Ismonjon Mamajonov. 

Zero, shu asosda odamlar nima uchun soliq to‘layotgani, buning evaziga davlat qanday xizmatlar taqdim etayotgani, qolaversa, hukumat qanday majburiyat va kafolatlarni o‘z zimmasiga olayotgani hamda ular qay darajada bajarilayotgani haqida biladi.

Hukumat nima uchun byudjetni oshkor etishi kerak? Mamajonovning so‘zlariga ko‘ra, bu xalq bilan muloqotni ta’minlaydi, mamlakat rahbariyatiga bo‘lgan ishonchni oshiradi, jamoatchilik nazoratini yo‘lga qo‘yib beradi, korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini oshiradi.

“Biz fuqarolar uchun byudjetni ilk bor nashr etar ekanmiz, avvalo, oddiy savollarga tushuncha berib o‘tdik. Masalan, davlat byudjeti nima, byudjet siyosati o‘z ichiga nimalarni oladi, byudjet jarayonlari nimalardan tashkil topadi kabi savollarga javob berdik. Ko‘pchilik byudjet tuzish jarayoniga 2,5-3 yil vaqt ketishini bilmaydi. Nashr tilini iloji boricha sodda qilishga intildik, atamalarni minimum darajada qo‘lladik, ko‘plab tushunarli va yorqin infografikalardan foydalandik”, - dedi vazirlik vakili.

Qayd etilganidek, moliya vazirligi fuqarolar uchun byudjet ishlab chiqishning keyingi bosqichida xarajatlar natijadorligi mezonlari bilan tanishtirib o‘tadi. Odamlar byudjet xarajatlari qay darajada samarali ishlatilayotganini baholashadi.

Vazirlik, shuningdek, mazkur hujjatning maktab o‘quvchilari uchun soddalashtirilgan variantini ishlab chiqishni rejalashtiryapti. I.Mamajonovning aytishicha, bolalar erta yoshdanoq pulni qanday sarflash kerakligini o‘rganishi kerak.

Ayni chog‘da fuqarolar byudjetni rejalashtirish, byudjet xarajatlari yo‘nalishlarini aniqlashda ishtirok etishlari mumkin. Bu jarayonlarda ular o‘z muammolarini aytishadi, hududiy va davlat byudjetlarini shakllantirishda inobatga olinadigan aniq loyihalarni taklif etishadi.

Binobarin, vazirlik aholi bilan OAV, NNT, fuqarolik jamiyati institutlari, hukumat saytlari va ijtimoiy tarmoqlar orqali o‘zaro aloqa qiladi.

Hozircha fuqarolar uchun 2018 yilgi byudjet taqdim etildi. Ayni paytda mazkur hujjatni takomillashtirish bo‘yicha aholi va ekspertlardan takliflar qabul qilinmoqda. Ular asosida yaqin oylar ichida 2019-2021 yillarga byudjetning soddalashtirilgan shakli, 2019 yilgi asosiy byudjetning tarkibiy qismlari va 2020-2021 yillar uchun maqsadli yo‘nalishlar ishlab chiqiladi.

Fuqarolar uchun bunday xalqchil usuldagi tushuntirish ishlarida qator hujjatlar qamrab olinadi. Byudjet loyihasi, shu bo‘yicha tasdiqlangan hujjatlar, byudjet ijrosi, hududiy byudjetlar shular jumlasidandir.

Demak, Moliya vazirligi nafaqat xarajatlarning asosiy jihatlari, balki har bir yo‘nalish bo‘yicha mufassal ma’lumot taqdim etadi. Masalan, ta’lim sohasini oladigan bo‘lsak, maktablarni ta’mirlashga, o‘qituvchilar maoshiga, darsliklar olishga va boshqa narsalarga qancha mablag‘ ketayotgani aniq ko‘rsatib o‘tiladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?