Adham Xoliqov: Toshkentga mehrim oʻzgacha

18:29 06 Sentyabr 2018 Madaniyat
508 0

Davlatimiz rahbarining “Tojikiston Respublikasining bir guruh davlat va jamoat arboblari, madaniyat, fan va sogʻliqni saqlash sohalari vakillarini mukofotlash toʻgʻrisida”gi Farmoni asosida ikki qardosh xalqlar oʻrtasidagi koʻp asrlik doʻstlik va yaxshi qoʻshnichilik munosabatlarini mustahkamlashga qoʻshgan katta hissasi, madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirish, mushtarak tarixiy meros, maʼnaviy qadriyat va anʼanalarni asrab-avaylash va boyitish borasidagi faol va samarali faoliyati, mamlakatlarimiz orasida oʻzaro manfaatli savdo-iqtisodiy hamkorlik va koʻp tomonlama strategik sherikchilikni rivojlantirishdagi xizmatlari uchun bir guruh tojikistonlik davlat va jamoat arboblari, ilm-fan, adabiyot-sanʼat namoyandalari ordenlar va faxriy unvonlar bilan mukofotlangani xushxabari xalqlarimiz tomonidan katta shodiyonalik bilan kutib olindi. Ular orasida dunyoga mashhur opera xonandasi Adham Xoliqovni shu munosabat bilan qizgʻin muborakbod etdik.

S. Ayniy nomidagi opera va balet akademik teatri davlat muassasasi badiiy rahbari Adham Xoliqov Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoniga binoan Oʻzbekiston Respublikasi xalq artisti unvoni bilan mukofotlandi.

— Adham Qurbonovich, Sizni yuksak mukofot bilan oʻzbekistonlik muxlislaringiz nomidan chin qalbdan tabriklaymiz.
— Rahmat. Ikki qardosh, jondosh xalqlarning azaliy munosabatlari yana tiklanib, koʻngillar yayrab-yashnab turgan shu kunlarda, Oʻzbekistonning davlat mustaqilligi eʼlon qilinganiga yigirma yetti yil toʻlayotgan moʻtaʼbar lahzalarda bunday yuksak mukofotga sazovor boʻlganim qalbimda chuqur hayajon uygʻotdi.

— Oʻzbekistonni, ayniqsa, Toshkentni juda qadrlashingiz haqida koʻp eshitganmiz.
— Albatta, muxlislar behuda aytishmaydi. Men Toshkent teatrlarida mahorat oshirdim, shu yerda sanʼatga, musiqaga qalbimda muhabbat yanayam chuqur ildiz otdi. Ulardan har qancha minnatdor boʻlsam arziydi. Bu shaharda oʻziga xos maʼnaviy muhit mavjudki, sanʼatga oshno qalbni albatta parvozga undab turadi. Menimcha, buning sababi buqutlugʻ maskanda qadim-qadimdan adabiyot-sanʼat, madaniyat rivojlanib, oʻziga xos maʼnaviy-ruhiy muhit shakllanganida boʻlsa kerak. Toshkentning ham, Dushanbening ham suvi bir-biriga oʻxshab juda shirinligini koʻp gapirishadi. Nafaqat suvimiz, tabiatimiz, qalbimiz yaqin, dilimiz bir. Shu sababli bizning aloqalarimiz faqat bir-birimizni boyitishga xizmat qiladi. Ayniqsa, bugungi globallashuv davrida bu narsaning ahamiyati beqiyos. Davlatlarimiz rahbarlarining mazkur jarayonda bugungi olib borayotgan siyosatlari bugungi kunga qanday xizmat qilayotganini yorugʻ chehralardan, bir-birimizning madaniyatimizdan bahramand boʻlishimizdan koʻrib turibmiz. Qalblarga hayajon sigʻmaydi, mehr-muhabbatning cheki yoʻq, yerimiz, suvimiz, tabiiy boyliklarimiz xalqlarimiz uchun xizmat qiladi, doʻstlik-qadrdonlik bu neʼmatlarning fayz-barakasini ham oshirib yuboradi.

— Akangiz Botir Xoliqov ham Oʻzbekiston televideniyesida rejissyor sifatida samarali mehnat qilgan edi.
— Ha, toʻgʻri aytdingiz, joylari jannatda boʻlsin, akam bu quvonchli lahzalarda hayot boʻlganlarida qanday ahvolga tushishlarini soʻz bilan ifodalash qiyin. U kishining doʻstlari mening doʻstlarim, yaqinlari mening yaqinlarim edi. Shu bois, men hamisha ularning muvaffaqiyatlaridan, amalga oshirayotgan ishlaridan xabardor boʻlib turardim. Bizning bir-birimizga mehr-muhabbatimiz hamisha ulugʻ boʻlgan.

— Siz dunyoning mashhur teatrlarida, jumladan, Italiya opera teatrlarida ham chiqishlar qilgansiz, “Italiya bizni unutmaydi, ammo Vatan biz uchun Vatandir” degan soʻzlaringizni koʻp eslashadi.
—Vatan tuygʻusi juda muqaddas. Shu maʼnoda, biz tojigu oʻzbeklar bir zaminda yashab, yurtdosh, vatandosh xalqlar sifatida ham bir-birimizga yaqinmiz. Oʻtgan yili oktyabr oyida Alisher Navoiy nomidagi opera va balet katta akademik teatrida chiqish qilish baxtiga muyassar boʻldim. Bu mening yuksak orzuim edi. Bu teatr Markaziy Osiyoda eng ulugʻ, mazkur sanʼatga tamal toshini qoʻygan qutlugʻ dargohdir. Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmonning Oʻzbekistonga tashrifi munosabati bilan anjumanlar saroyida, joriy yilning 17 avgust kuni qilgan chiqishim ham katta olqishlar bilan kutib olindi. Bu men uchun ulugʻ sharaf. Shunday ezgu niyatga, ulugʻ ishga oʻz sanʼatimiz bilan hissa qoʻshayotganimizning savobini soʻz bilan taʼriflash qiyin.

— “Oʻzbekiston xalq artisti” unvoni olganingiz Sizga qanday taʼsir qildi?
— Men tabiatan oʻzimni hamisha yosh his etib yuraman. Qalbim shunday. Bu unvon meni yana ham yoshartirib yubordi. Sanʼatimiz xalqlarimiz doʻstligiga xizmat qilsin deyman. Hayotimiz shu tariqa mazmunli boʻlsin deyman. Xalqlarimiz baxtli-saodatli, bir-biriga yelkadosh boʻlib yurishining oʻzi biz uchun katta saodatdir!
— Samimiy suhbatingiz uchun rahmat!
Shoyim BOʻTAYEV suhbatlashdi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?