Spiker o‘rinbosari: Odamlar bizdan quruq gaplarni emas, amaliy ishlarni kutmoqda

09:47 11 Iyul 2018 Siyosat
1508 0
Foto: XDP

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev o‘tgan yil 12 iyul kuni Oliy Majlis palatalari, siyosiy partiyalar hamda O‘zbekiston ekologik harakati vakillari bilan o‘tkazilgan uchrashuvdagi ma’ruzasida siyosiy partiyalar va ularning parlamentdagi fraksiyalari faoliyatini chuqur tahlil qilib, siyosiy partiyalar hamda fraksiyalarda tashabbus yetishmayotganligi, joylardagi boshlang‘ich partiya tashkilotlari faoliyati mutlaqo talab darajasida emasligi, partiyalar va deputatlar o‘zlarining saylovoldi dasturlarida xalq oldida bergan va’dalarini aksariyat hollarda butunlay esdan chiqarganligi, qonun ijodkorligi faoliyatidagi sustkashliklarni tanqid qilgan edi.

Mana, oradan roppa-rosa bir yil o‘tdi. Ushbu davr ichida siyosiy partiyalar faoliyatida jonlanish kuzatildimi, tanqidiy fikrlardan tegishli xulosalar chiqarildimi? Umuman, odamlar ishonchini oqlash yo‘lida qanday amaliy ishlarga qo‘l urildi?

Aytish joizki, davlatimiz rahbari tomonidan deputatlar faolligini yanada oshirish, parlament va parlamentdagi fraksiyalar hamda siyosiy partiyalar faoliyatidagi mavjud kamchiliklarni bartaraf qilish, saylovchilar ishonchini qozonish yuzasidan aniq takliflar bildirilganligi har birimizga katta mas’uliyat yukladi.

Shundan so‘ng O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi siyosiy mafkurasining ustuvor yo‘nalishlari va partiyaning dasturiy maqsadlari qaytadan ko‘rib chiqildi. Unda O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining siyosiy g‘oyalari va ustuvor tamoyillari “2017 — 2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi” bilan bog‘liqligi aks ettirildi, partiya doimiy elektorati tarkibiga kiruvchi asosiy ijtimoiy guruhlarga aniqliklar kiritilib, partiyaning mafkuraviy g‘oya hamda maqsadlari yanada boyitildi.

O‘tgan davr mobaynida fraksiyamiz a’zolari Saylovoldi dasturimizdan kelib chiqib, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlarining haq-huquqlarini himoya qilishda qonunchilikning huquqiy asoslarini takomillashtirishga oid 13 ta qonun loyihasini ishlab chiqishda tashabbus ko‘rsatdi. Shuningdek, Qonunchilik palatasida ko‘rib chiqilgan 97 ta qonunga fraksiya tomonidan 205 ta taklif tayyorlandi.

Qolaversa, Bandlik va mehnat munosabatlari hamda Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirliklari bilan hamkorlikda amalga oshiriladigan chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilib, partiyaning fraksiyasi hamda mahalliy Kengashlardagi partiya guruhlarining tegishli vazirliklar faoliyati ustidan samarali parlament va deputatlik nazoratini olib borishga qaratilgan bir qator ishlar amalga oshirildi.

Deputatlik birlashmalarimiz tomonidan Bandlik va mehnat munosabatlari hamda Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirliklarining hududiy boshqarma hamda bo‘limlarining hisobot va axborotlari 51 marotaba partiya guruhlarida, 42 bor tegishli doimiy komissiyalarda va 29 marotaba sessiyalarda eshitilib, tegishli qarorlar qabul qilindi.

Partiyamiz tomonidan “Issiqlik ta’minoti to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasi ishlab chiqildi. Shuningdek, “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi va “Uy-joy mulkdorlarining shirkatlari to‘g‘risida”gi qonun loyihalarida foydalanish uchun takliflar kiritildi.

O‘zbekiston Nogironlar jamiyati, O‘zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasi, Ko‘zi ojizlar, Karlar jamiyatlari, Nogironlar assotsiatsiyasi bilan tuzilgan memorandumlar doirasida mehnat va urush faxriylari pansionatlari, Saxovat, Muruvvat va Mehribonlik uylari, nogiron bolalar uchun maktab-internatlarning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, sifatli tibbiy xizmatlarni olish uchun sharoitlar yaratish va yolg‘iz qariyalar, pensionerlar, nogironlar va tegishli bolalar muassasalari tarbiyalanuvchilarining hayotiy ehtiyojlarini to‘laqonli qondirish masalalari tegishli ishchi guruh a’zolari hamda joylardagi partiya guruhlari tomonidan doimiy o‘rganib borildi.

O‘rganishlar natijasida aniqlangan 77 ta muammo partiyaning vakolatli organlari tomonidan hal etilishiga erishildi. Shuningdek, ko‘tarilgan masalalar bo‘yicha ishlab chiqilgan 50 dan ortiq takliflar umumlashtirilib, “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining qonun loyihasini tayyorlayotgan respublika ishchi guruhiga taqdim etildi.

Fraksiya a’zolarining, joylarda aholi bilan muloqotlari davomida fuqarolarning ruhiy sog‘lig‘ini tekshiruvdan o‘tkazish, ruhiy holati buzilgan shaxslarni profilaktika qilish, ularga tashxis qo‘yish, davolash va tibbiy-ijtimoiy jihatdan qo‘llab-quvvatlashda muammolar borligi aniqlangan edi. Ushbu muammolar davlatimiz rahbarining “Psixiatriya yordami ko‘rsatish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida o‘z aksini topib, sohani rivojlantirish, mavjud muammolarni hal etishda muhim omil bo‘ldi. Shuningdek, 2000 yili qabul qilingan “Psixiatriya yordami to‘g‘risida”gi Qonunni yangi tahrirda qabul qilish bo‘yicha fraksiya tashabbusi ishlab chiqildi.

Faoliyatimiz samaradorligini oshirishda, partiyamizda joriy etilgan “markaz — viloyat — tuman” tartibida ishlaydigan yangi tizim muhim o‘rin tutmoqda. Aynan shu tizim orqali parlament a’zolarining ish uslubi partiyaning viloyat, tuman, shahar kengashlariga yetkazilyapti. Bir vaqtning o‘zida, mahalliy Kengashlarni fraksiyada ko‘rib chiqilayotgan masalalardan yetarlicha xabardor qilib borish tizimi ishlayotganligi natijasida partiya tashkilotlaridan qonun loyihalariga kelib tushgan 60 ga yaqin takliflar umumlashtirilib, fraksiya muhokamasiga kiritildi.

Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, qonunning birdan-bir manbai va muallifi tom ma’noda xalq bo‘lishi shart. Shundan kelib chiqib, har bir qonun loyihasi yuzasidan fikr hamda takliflarni quyidan — fuqarolardan, saylovchilardan, joylardagi deputatlardan olish tartibi joriy etildi. Natijada ulardan 70 ga yaqin takliflar olinib, fraksiya yig‘ilishlarida ko‘rib chiqildi.

Parlament nazorati institutidan foydalanishda ham fraksiyamiz faolligi oshganligini qayd etish lozim. Joylarda fuqarolar bilan muloqotlar jarayonida aholi, ayniqsa, yoshlarning bandligini ta’minlashda yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar va aniqlanayotgan muammolarni bartaraf etish borasidagi “Hududlarda aholi bandligi masalasida yo‘l qo‘yilayotgan rasmiyatchiliklarni bartaraf etish, aholini ish bilan ta’minlash hamda mehnat bozorida ishchi kuchiga bo‘lgan talabni oshirishga olib keladigan chora-tadbirlarni amalga oshirish borasida olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida”gi bandlik va mehnat munosabatlari vazirining axboroti fraksiya tashabbusi bilan “Hukumat soati”ga olib chiqildi. Qolaversa, parlament eshituvi doirasida respublika sog‘liqni saqlash vazirining “Mamlakatimizda nogironlikni belgilash amaliyoti va uni takomillashtirish borasida olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida”gi axboroti eshitildi.

O‘tgan davr mobaynida partiyamiz o‘zining har bir yo‘nalishini qayta ko‘rib chiqib, “yo‘l xaritalari”ni ishlab chiqdi. Unga ko‘ra, asosiy e’tibor xalq bilan muloqotga qaratildi. Xonadonma-xonadon yurish, partiya qoshida ochilgan Jamoatchilik qabulxonalari ishini yangi zamonaviy yondashuvlar asosida tashkil qilish, joylarda reja-grafik bo‘yicha partiya rahbarlari va deputatlarimizning sayyor qabullarga chiqishi birinchi vazifa qilib belgilandi. Natijada o‘tgan olti oy davomida 18 ming nafar fuqaro bilan muloqot o‘tkazildi, 16 mingga yaqin murojaatlar kelib tushdi. Ularning 11360 tasi yoki 71 foizi ijobiy hal qilindi.

Fraksiya a’zolarining tizimli ravishda 10 kun davomida joylarda bo‘lishi, odamlar bilan muloqotlar o‘tkazib, ularning muammolarini o‘rganishi bugungi kunda o‘zining ijobiy natijasini bermoqda. Ular tomonidan 7112 ta xonadonga kirilib, 34 ming 305 nafar aholi bilan, jumladan, 7 ming 446 nafar tadbirkorlik subyekti vakili bilan suhbatlashildi. Jami 4 ming 391 ta masala ko‘tarilib, aksariyati joyida hal etildi. Markaz bilan yechiladigan 81 masala bevosita fraksiyaning kengaytirilgan yig‘ilishlarida muhokamadan o‘tkazilib, qabul qilingan qarorlar ijrosi ta’minlandi.

Yoshlar muammosi, ularni o‘rganish va hal etish O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining eng ustuvor vazifalaridan biridir. Shu bois partiyaning “Yoshlar qanoti” joylardagi “Yosh siyosatchilar klubi” bilan uyushmagan yoshlar tarkibini aniqlab, ular bilan muntazam shug‘ullanmoqda.

Yana bir jihat. “Ijtimoiy ko‘mak — tashabbuskorlikka yo‘l ochmog‘i kerak” loyihasi ishlab chiqilib, u mamlakat bo‘ylab, ayniqsa, olis qishloqlarda aholining kam ta’minlangan qatlamlari, xususan, yoshlar va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashda qo‘l keldi. Loyiha doirasida mahallalardagi kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj mingdan ortiq oilalarga kirib borildi va muammolari o‘rganilib, yechimida amaliy ko‘mak berildi.

Aytish joizki, “Facebook” ijtimoiy tarmog‘ida partiya va fraksiya a’zolarining faolligi oshdi. Fraksiya a’zolari tomonidan o‘tgan yarim yil davomida dolzarb masalalar yuzasidan 1500 ga yaqin fikr-mulohaza va munosabatlardan iborat materiallari ushbu ijtimoiy tarmoqdagi o‘z shaxsiy sahifalarida joylashtirildi.

Lekin bu natijalar partiya o‘z oldiga qo‘ygan vazifalarni to‘laqonli amalga oshiryapti, degani emas. Hali oldimizda qilishimiz lozim bo‘lgan qator vazifalar turibdi.

Tan olish kerak, joylarda aholi, xususan, elektoratimizni bezovta qilayotgan muammolar o‘z yechimini kutmoqda. Kam ta’minlangan oilalarni uy-joy bilan ta’minlash, bandlik masalalari, pensionerlar, boquvchisini yo‘qotganlar, yakka-yolg‘iz qariyalar bilan olib borayotgan ishlarimiz talab darajasida emas. Ijtimoiy dorixonalar faoliyati ham aholini qoniqtirmayapti.

Shunday ekan, elektoratimiz manfaatlarini himoya qilish borasidagi faoliyatimizni yanada jonlantirishni zamonning o‘zi taqozo qilyapti. Mavjud muammo va kamchiliklarni bartaraf etish choralarini ko‘rish barobarida, ularning yuzaga kelishiga sabab bo‘layotgan omillarni ham chuqur o‘rganish va oldini olish muhim. Buning uchun esa barcha bo‘g‘indagi deputatlik korpuslari ishini yanada faollashtirish, parlament hamda deputatlik nazorati, deputatlik so‘rovi, tegishli davlat idoralari rahbarlari axborotlarini eshitish kabi vakolatlardan samarali foydalanish zarur.

Davlatimiz rahbari ta’biri bilan aytganda, balandparvoz gaplarni chetga surib, aniq amaliy ishlar bilan odamlarimiz, saylovchilarimiz ishonchini qozonish, ularning qalbidan joy olishimiz kerak.
Xatamjon KЕTMONOV,
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari, 
O‘zbekiston XDP fraksiyasi rahbari.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?