Dunyo bo‘yicha tashqi qarzdorlik rekordi yangilandi

18:26 13 Iyul 2018 Iqtisodiyot
564 0
Иллюстратив фото

Dunyo bo‘yicha umumiy tashqi qarzdorlik 2018 yilning birinchi choragida 8 trillion AQSH dollarga o‘sib, 247,2 trillion dollar yoki global YAIMning 318 foiziga yetdi. Shunday qilib bu boradagi rekord yangilandi, deb xabar berdi RBK Xalqaro moliya instituti(XMI) ma’lumotiga asoslanib.

Mazkur tadqiqotda dunyodagi qariyb 70 davlat va hudud qamrab olingan. Dunyo qarzlarining asosiy qismi(178,3 trln. dollari) rivojlangan iqtisodiyotlar hisobiga to‘g‘ri kelsa, qolgani(68,9 trln.i) rivojlanayotgan davlatlarga tegishlidir.

Ushbu raqamlar XMI tomonidan har chorakda yangilanadi va unda hukumatlar, banklar, nomoliyaviy korporatsiyalar va uy xo‘jaliklari qarzlari hisoblab chiqiladi.

Xususan, rivojlanayotgan mamlakatlarning nominal xorij valyutasidagi qarzi(banklar majburiyatlarini inobatga olgan holda) birinchi chorakda eng yuqori daraja – 5,5 trln. dollarga yetgan. Ularning katta qismi(78 foizi) korporatsiyalarga taalluqlidir. Valyuta qarzlariga eng ko‘p bog‘lanib qolgan davlatlar sifatida Argentina, Vengriya, Turkiya, Polsha va Chili ko‘rsatib o‘tildi. O‘z navbatida taraqqiy topayotgan mamlakatlar bank sektoridagi valyuta qarzlari hisobot davrida 785 mlrd. dollarni tashkil etgan. Vaholanki, bu ko‘rsatkich 2010 yil birinchi choragidagi 110 mlrd. dollar edi. Tahlilchilar fikricha, mazkur trend yuan tebranishlari oldida XXR moliya sektori zaifligi o‘sib borayotganini ko‘rsatmoqda.

Ayni chog‘da jahonda o‘sish ko‘rsatkichlari sekinlashuvi, uning geografik jihatdan turlicha ekanligi kuzatilyapti. Shuningdek, kredit xatarlaridan xavotirlanish borligi uchun AQSHda stavkalar kutilganidan tezroq muddatda oshirildi. Natijada Kanada, Fransiya, Shveysariya kabi ilg‘or davlatlarda korporatsiyalar va uy xo‘jaliklari qarzlari tarixiy maksimumi yangilandi. YAIMga nisbatan qarz AQSH, Avstraliya, Shveysariya, Daniyada ko‘paygan bo‘lsa, Germaniyada, aksincha, sezilarli darajada pasaydi.

Xalqaro qarz bozorida dollarda qarz olgan mamlakatlar eng katta xatarga duch kelishi mumkin. Albatta, AQSHdan tashqari. Sababi Federal zaxira tizimi(FZT) stavkalarining ko‘tarilishi Amerika valyutasini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Ayni paytda taraqqiy topgan davlatlarda xalqaro obligatsiyalarning 30 foizi dollarda bo‘lsa, 2019 yil birinchi choragiga kelib ular bo‘yicha olingan umumiy qiymati 900 mlrd. dollarlik qarz yopilishi kerak.

Rivojlanayotgan mamlakatlar esa 2019 yil yakuniga kelib 2,7 trln. dollarlik obligatsiyalar va sindikat kreditlari bo‘yicha majburiyatlarini uzishi lozim. Shularning uchdan bir qismi dollarda to‘lanishi joiz. Dollarda olingan qarzlarni qaytarib berish bo‘yicha eng katta xatarga duch keladigan davlatlar sifatida Argentina, Kolumbiya, Misr, Nigeriya(har birining olgan tashqi qarzidan 75 foizi dollarda), Meksika(62 foiz), JAR(57 foiz), Braziliya(50 foiz) va Turkiya(47 foiz) ko‘rsatib o‘tilgan. Rossiyaning bu boradagi ko‘rsatkichi 20 foizdan ziyod bo‘lsa, eng kam miqdor Indoneziya, Saudiya Arabistoni, Tailand, Hindiston va Xitoyga tegishli bo‘lib turibdi.

Yaqinda Jahon banki ijrochi direktori Kristalina Georgiyeva Bloomberg TVga bergan intervyusida foiz stavkalari oshirilayotgan sharoitda qarzning qabul qilish mumkin bo‘lgan darajasi masalasiga e’tiborni kuchaytirish zarurligini ta’kidlab o‘tgandi. U Markaziy banklar kutilgandan ham tezroq stavkalarni oshirgan FZTdan namuna olishiga to‘g‘ri kelishini qayd etgandi. Bu esa shakllanayotgan va rivojlanayotgan bozorlarga ta’sir etmasdan qolmasligini ham ta’kidlagan JB ijrochi direktori.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?