JCH—2018. Finalga ikki qadam qoldi. Bugungi super to‘qnashuvlar

15:19 06 Iyul 2018 Sport
582 0
Fotо: Sky Sports

Bugun jahon chempionatining 1/4 final o‘yinlari boshlanadi. Unda 4 terma jamoa yarim final yo‘llanmasi uchun maydonga chiqadi.

Chorak finalning dastlabki o‘yini nimchorak finalda Portugaliya va Argentinani qoldirib ketgan Urugvay hamda Fransiya juftligi o‘rtasida kechadi. O‘yinni argentinalik Nestor Pitana boshchiligidagi hakamlar guruhi boshqarib boradi.

Bu ikki terma jamoa jahon chempionatlarida o‘zaro uch marotaba to‘qnash kelishgan. Bitta o‘yinda Urugvay terma jamoasi g‘alaba (1966 yil, 2:1). Qolgan ikki uchrashuvda hisob ochilmagan. Ikkala durang ham yangi asrdagi mundiallar (2002, 2010) guruh bosqichida qayd etilgan. Bundan tashqari ular 3 marta o‘rtoqlik uchrashuvida maydonga tushgan bo‘lib, unda ham ustunlik Urugvay tomonda. 1 g‘alaba, 2 durang. Ikkala durang ham 0:0.

Bir so‘z bilan aytganda Fransiya hech qachon yenga olmagan termasi — Urugvayga qarshi maydonga tushadi va yarim final yo‘llanmasi uchun kurash olib boradi.

Ikkinchi uchrashuv esa 1/8 finalda Meksikadan ustun kelgan Braziliya va Yaponiyaga qarshi dramatik uchrashuvda oxirgi daqiqalarda g‘alabaga erishgan Belgiya terma jamoalari o‘rtasida bo‘lib o‘tadi. O‘yinni serbiyalik Milorad Majich boshchiligidagi hakamlar boshqaradi.

Bu terma jamoalarning o‘zaro ikkinchi o‘yini bo‘ladi. Hozircha yagona bo‘lib turgan oldingi o‘yin 2002 yilgi JCH 1/8 finali doirasida bo‘lib o‘tgandi. Rivaldoning dubli bo‘lajak jahon chempionlariga g‘alaba taqdim etgan. Boshqa bu ikki jamoaning yo‘llari kesishmagan.

JCH-2018
1/4 final

19:00 Urugvay – Fransiya
Nijniy Novgorod. “Nijniy Novgorod” stadioni
Bosh hakam: 
Nestor Pitana (Argentina).

23:00 Braziliya – Belgiya
Qozon. “Qozon Arena”
Bosh hakam: 
Milorad Majich (Serbiya).


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?