“Wanderlust”: “Oʻzbekiston – turizm sohasida eng tez rivojlanayotgan mamlakat”

16:27 08 Fevral 2019 Madaniyat
237 0

Londondagi “Olympia” nomli eng yirik koʻrgazma markazlaridan birida Buyuk Britaniyaning “Wanderlust” nashri tomonidan “Wanderlust World Guide Awards” mukofotini tantanali topshirish marosimi tashkil etildi. Bu haqda “Dunyo” AA xabar berdi.

Maʼlumot uchun, turizm industriyasidagi hodisalarni yoritishga ixtisoslashtirilgan mazkur jurnal jahon sayyohlari ichida juda nufuzli sanaladi.

Nashr tanlov gʻoliblarini oʻquvchilari oʻrtasida sahifalari orqali “Tashrif buyurish uchun eng mashhur mamlakat”, “Turizm yoʻnalishida eng tez rivojlanayotgan mamlakat”, “Turistlar uchun dunyodagi eng mashhur shahar”, “Eng yaxshi aviakompaniya”, “Eng yaxshi turoperator” kabi nominatsiyalar boʻyicha soʻrov oʻtkazish yoʻli bilan aniqladi.

Quvonarlisi, Oʻzbekiston “Turizm yoʻnalishida eng tez rivojlanayotgan mamlakat” deb topildi. Nufuzli mukofotni Oʻzbekistonning Buyuk Britaniyadagi elchisi A.Shayxov qabul qilib oldi.

Davlatimiz diplomatik missiyasi rahbari oʻz chiqishida tadbir ishtirokchilari, jurnal tahririyati va oʻquvchilariga Oʻzbekistonga alohida qiziqish bildirishgani, shuningdek, mana shunday yuksak eʼtirof uchun minnatdorlik bildirdi.

Tadbir ishtirokchilari ovoz berish chogʻida Samarqand, Buxoro va Xiva shaharlarining boy madaniy merosi, qolaversa, davlat rahbariyati tomonidan mamlakatda turizmni rivojlantirish boʻyicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar sharofati bilan Oʻzbekiston bu borada oʻtgan yilgi gʻolib Eronni ortda qoldirib ketishga erishganini taʼkidladilar.

Jurnal mutaxassislari Buyuk Britaniya fuqarolari uchun vizaning bekor qilingani va mashhur britan tele-sayyohi Joanna Lamlining Buyuk ipak yoʻli haqidagi hujjatli filmi katta muvaffaqiyat qozongani tufayli kelgusi yili Oʻzbekiston tashrif buyurish uchun eng mashhur mamlakat nominatsiyasiga ham daʼvogarlik qilishiga shubha bildirishmayapti.

Joriy yilda tanlov gʻoliblari orasidan, shuningdek, Yaponiya, Yangi Zelandiya, Singapur, Buyuk Britaniya, BAA, Ispaniya, Eron, Laos va Namibiya joy oldi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?