“Volontyorlik faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonun Prezident tomonidan imzolandi. Uning mohiyati nimadan iborat?

11:36 03 Dekabr 2019 Jamiyat
194 0

Illyustrativ foto

Qonunga muvofiq, volontyorlik faoliyati – jismoniy va (yoki) yuridik shaxslarning manfaatlarini koʻzlab bepul asosda amalga oshiriladigan, jamoat uchun foydali boʻlgan ixtiyoriy faoliyat hisoblanadi. Bu haqda “Huquqiy axborot” kanali xabar berdi.

Volontyorlik faoliyati quyidagi shakllarda amalga oshirilishi mumkin:

- yakka tartibdagi volontyorlik faoliyati;

- volontyorlar guruhi tarkibidagi volontyorlik faoliyati;

- volontyorlik tashkiloti orqali volontyorlik faoliyati.

Kam taʼminlanganlarni, ishsizlarni, koʻp bolalilarni va boshqa shu kabi shaxslarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida yordam koʻrsatish volontyorlik faoliyatini amalga oshirish yoʻnalishlaridan biridir.

18 yoshga toʻlgan jismoniy shaxslar volontyorlik faoliyatini amalga oshirishi mumkin.

Volontyorlik volontyor va volontyorlik faoliyatining tashkilotchisi oʻrtasida yozma shaklda tuzilgan shartnoma asosida amalga oshirilishi mumkin.

Volontyorlik faoliyatining tashkilotchisi, agar u volontyorlik faoliyati bilan oyiga 20 soatdan koʻproq band boʻlsa, volontyor bilan volontyorlik shartnomasini tuzishi shart.

Volontyorlik faoliyatining tashkilotchisi volontyorga maxsus kiyim-bosh beradi hamda volontyorlik aksiyasi oʻtkazilayotgan joyga kelib ketishi uchun yoʻl haqi, yashash, ovqatlanish va boshqa xarajatlarining oʻrnini qoplaydi.

Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?