Volontyorlar Davlat xizmatlarini targʻib qiladi

10:04 16 Oktyabr 2020 Jamiyat
177 0

Davlat xizmatlari agentligi hamda Yoshlar ishlari agentligi Andijon viloyat boshqarmalari oʻrtasida oʻzaro hamkorlik memorandumi imzolandi. Bu haqda DXA Andijon viloyati boshqarmasi axborot xizmati xabar berdi.

Mazkur hamkorlikdan koʻzlangan asosiy maqsad — yosh avlodning mamlakatni yana-da demokratlashtirish va yangilash, fuqarolik jamiyatini shakllantirish jarayonlaridagi keng ishtirokini taʼminlash, yoshlarda elektron davlat xizmatlaridan foydalanishga doir amaliy koʻnikmalarini shakllantirishdan iborat.

Memorandumga asosan Davlat xizmatlari markazlarida Koʻngilli yoshlar guruhlarini (volontyorlar) tashkil etish belgilangan. Ushbu guruhlar tomonidan aholining, ayniqsa, yoshlarning davlat xizmatlaridan foydalanishga doir madaniyati, shuningdek ularda my.gov.uz portali orqali elektron xizmatlarni olish boʻyicha amaliy koʻnikmalari shakllantiriladi, davlat xizmatlarini koʻrsatish sohasi boʻyicha jamoatchilik fikri oʻrganiladi hamda yoshlarning bu sohadagi ijtimoiy kayfiyatini tadqiq etish boʻyicha sotsiologik tadqiqot, ijtimoiy soʻrovlar va boshqa tadbirlar oʻtkaziladi. Shuningdek, koʻngilli guruh aʼzolaridan Davlat xizmatlari markazlari hamda Fuqarolik holatlari dalolatnomalari yozish boʻlimlariga kadrlar zaxirasi shakllantiriladi.

— Bugungi kunda Davlat xizmatlari agentligi boshqarma tasarrufidagi shahar va tuman Davlat xizmatlari markazlari hamda Fuqarolik holatlari dalolatnomalari yozish boʻlimlarida 130 nafarga yaqin yosh xodimlar mehnat qilmoqda, — deydi boshqarma yoshlar yetakchisi Umidjon Mamarasulov. – Ularning taklif va tashabbusi bilan joriy yilning yanvar oyida boshqarmada Yoshlar boshlangʻich tashkilotini tuzganmiz. Boshqarma boshligʻi tomonidan tizimda Yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish yuzasidan 2020-yilga moʻljallangan Chora-tadbirlar dasturi tasdiqlangan. Shu kunga qadar yoshlarning vaqtini mazmunli oʻtkazish, ularning ishchanlik qobiliyatini oshirish bilan bogʻliq bir qancha chora-tadbirlar amalga oshirildi. Xususan, boshlangʻich tashkilot tomonidan Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan besh ijobiy tashabbus ijrosi doirasida xodimlar oʻrtasida sport musobaqalari va turli koʻrik-tanlovlar, madaniy-maʼrifiy tadbirlar oʻtkazib kelinmoqda.

Tadbir soʻnggida davlatimiz rahbarining 2020-yil 4-avgustdagi “Aholiga davlat ijtimoiy xizmatlari va yordam taqdim etish tartib-taomillarini avtomatlashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori ijrosini taʼminlash doirasida “FHDYOning yagona elektron arxivi” axborot tizimini shakllantirish jarayonida faol ishtirok etayotgan yoshlarning bir guruhi tashakkurnomalar bilan taqdirlandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?