Vodiylik haydovchilar: Tunni “zapravkalar“da oʻtkazyapmiz (+Foto)

16:19 28 Dekabr 2018 Jamiyat
570 0

Foto: “Xalq soʻzi Online”

“Xalq soʻzi Online”. Elyorjon Ehsonov/Fargʻona. Deyarli ikki haftadan buyon vodiy viloyatlari — Andijon, Namangan, Fargʻonada faoliyat koʻrsatayotgan barcha avtomobillarga metan gaz quyish shoxobchalaridagi tirbandlik va mashinalar navbati kilometrlarga choʻzilib ketgan. Buning sababi esa aholi tomonidan turli taxminlar bilan izohlanmoqda. Ayrimlar Qamchiq dovonida keskin havoning sovishi oqibatida vodiyga keluvchi asosiy magistral gaz quvurida bosimning pasayishini taʼkidlashsa, baʼzilar qish mavsumida tabiiy gazning asosiy qismi aholiga yetkazib berilayotgani aytishmoqda.

Foto: “Xalq soʻzi Online”

“Oʻtgan hafta boshida navbatlar choʻzilishni boshlagan, oʻshanda 2-3 soatda gaz quyib chiqayotgandik. Kundan-kun vaziyat ogʻirlashib boryapti. Mana bugun Bagʻdod tumani Bekobod qishlogʻidagi gaz quyish shoxobchasida 8 soatda navbatim keldi. Gaz qoʻyish shahobchasidagilar buning sababini tushuntirib berishmayapti. Rishton – Bagʻdod yoʻnalishi boʻyicha taksi haydayman. Ishimni yakunlab uyga ketish oʻrniga metan quyish shoxobchasida tunab qolishga majbur boʻlyapman. Har kuni shu ahvol. Bu adoqsiz navbatga turishlar haydovchilarnigina qiynasa mayli edi. Har kuni ishga boradigan fuqarolarga juda qiyin boʻlib ketdi. Yoʻlkira narxlari 2 barobarga koʻtaril ketdi. Navbat uzayishi hisobiga qatnov kamaydi. Shofyorlar 10-12 soatlab navbatda turibmiz deb yoʻlkira haqini oshirib yuborishdi. Masalan Bagʻdod tumanidan Qoʻqon shahriga borish narxi avval 2500 soʻm edi, hozir 4000-5000 ga chiqdi“, – deydi haydovchi Husanboy Fozilov.

Foto: “Xalq soʻzi Online”

“Bagʻdod — Fargʻona yoʻnalishida kirakashlik qilaman. Gazga navbatlar uzayib ketgandan soʻng noiloj yoʻlkirani oshirdik. Oddiy kunlarda 10 mingga borib kelardik. Men shoxobchalarida 7-8 soatlab navbatda turibmiz. Oʻshanda ham hammaga yetsin deb 200 bosim bilan gaz damlab berishmayapti. 100-120 atmosfera bosimi bilan gaz damlab berishyapti. Noiloj yoʻlkira haqini 15 mingga koʻtardik”, – deydi haydovchi Iqboljon Soliyev.

Foto: “Xalq soʻzi Online”

“Sovuq kunlar boshlanishi bilan tabiiy gazga boʻlgan ehtiyoj keskin ortadi. Magistral gaz quvurlarida bosim pasayib ketgan. Kompressorlar toʻla quvvat bilan ishlamayapti. Tabiiyki, shuning sababdan Avtomobillarga gaz quyish shoxobchalarida turnaqator navbatlar yuzaga kelmoqda“, – deydi “Oʻztransgaz” hududiy filiali dispetcheri Tolibjon Sotvoldiyev.

Foto: “Xalq soʻzi Online”

Eslatib oʻtamiz, Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi isteʼmolchilariga gaz yetkazib berish qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi 8-qaroriga asosan, magistral quvurlarda gaz bosimi pasayganida eng birinchi navbatda aholi, ijtimoiy soha obyektlari gaz bilan taʼminlanishi qayd etilgan. Shu qarorga asosan avtomobillarga gaz quyish shoxobchalari kechki 20:00 dan keyin yopib qoʻyilyapti.

Foto: “Xalq soʻzi Online”

 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?