Vladimir Zelenskiy ekzit-pol hisob-kitoblariga koʻra, Ukrainadagi prezidentlik saylovlarida gʻalaba qozondi

10:32 22 Aprel 2019 Dunyo
450 0

Ukrainada prezidentlik saylovlarining ikkinchi turida ovoz berish jarayoni yakunlandi. 

Milliy ekzit-pol maʼlumotlariga koʻra, shoumen Vladimir Zelenskiy prezidentlik saylovlarida gʻolib boʻldi. Mahalliy vaqt bilan 18:00gacha (Toshkent vaqti bilan soat 20:00) oʻtkazilgan soʻrovnomalar natijalariga koʻra, u 73,2 foiz ovoz olgan, saylovdagi ikkinchi nomzod, Ukrainaning amaldagi prezidenti Pyotr Poroshenkoni esa saylovchilarning 25,3 foizi qoʻllab-quvvatlagan.

Zelenskiy uchun hammadan koʻproq Ukraina sharqidagi oblastlar ovoz bergan - Donbass atrofidagi hududlarda u 87,7 foiz ovoz olishga erishgan. Unga nisbatan kamroq ovoz mamlakat gʻarbida berilgan - 57 foiz. Poroshenkoni gʻarbdagi saylovchilar nisbatan yaxshiroq qoʻllab-quvvatlashgan - 41,3 foiz.

Markaziy saylov komissiyasi maʼlumotlariga koʻra, saylovda davomat 63 foizni tashkil qildi. Dnepropetrovsk, Zaporojye va Poltava oblastlarida saylovchilar nisbatan faolroq boʻlishdi.

Milliy ekzitpol xalqaro tashkilotlar tomonidan moliyalashtiriladi va siyosiy kuchlar yoki nomzodlar taʼsirida boʻlmaydi. Tashkilot xodimlari saylov uchastkasida ovoz berib chiqqan har 12-saylovchidan intervyu olib, uning tanloviga qiziqadi. Soʻrovnomalar shifoxonalar, qamoqxonalar, harbiy qismlar va xorijdagi saylov uchastkalarida oʻtkazmaydi, shuningdek, uyda turib ovoz bergan saylovchilardan fikr olinmaydi.

Ukraina milliy politsiyasi ovoz berish jarayonida mingdan ortiq qoida buzilishlarini qayd etgan, ammo bularning hech biri saylov natijasiga taʼsir koʻrsatuvchi qoidabuzarliklar boʻlmagan.

Oʻz navbatida Poroshenko Zelenskiyning gʻalabasini tan olgan. U ekzit-pol natijalari chiqqanidan keyin raqibiga qoʻngʻiroq qilib, uni tabriklashini aytgan. “Men kelasi oydan mamlakat prezidenti lavozimini tark etaman. Ukrainaliklarning aksariyati shunday boʻlishini xohladi va men ularning bu qarorini qabul qilaman”, dedi Poroshenko.

Hozircha bu borada rasmiy maʼlumotlar yoʻq. Saylov natijalari hisoblab chiqilgach, rasman eʼlon qilinadi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?